Mehmonxona biznesi oʻzgarishga tayyormi?

22:20 05 Iyun 2020 Siyosat
1418 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda muhokama qilindi.

Taʼkidlash joizki, qonun loyihasi tashabbuskori tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qator yangi qoidalar kiritilgan. Xususan, loyihada mehmonxonalarda umumiy xonalar fondining kamida bitta xonasi oʻrindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlangan boʻlishi, shuningdek, eshitish va koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslarning tegishli ehtiyojlariga muvofiq eʼlonlar uchun displeylar hamda ovozli qurilmalar oʻrnatilishi taʼminlangan boʻlishi kerakligi belgilab qoʻyilayotgani fraksiya yigʻilishida ham qizgʻin tortishuv va munozaralarga sabab boʻldi.

Albatta, mehmonxonalarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus jihozlangan alohida xonalar boʻlishi kerak, buni inkor qilishga hech kimning haqqi yoʻq. Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

Lekin haqli bir savol tugʻiladi. Muayyan vaqt va mablagʻ talab qiladigan bu oʻzgarishga hamma mehmonxonalarimiz ham tayyormi?

Toʻgʻri, amaliyotda qonun loyihasida tadbirkorlik faoliyatiga taʼsir qiladigan normalar mavjud boʻlganda qabul qilinganidan uch oydan soʻng kuchga kiradi. Biroq, ushbu talabning hozirgi pandemiya sharoitida eng koʻp zarar koʻrayotgan sohalardan biri boʻlgan mehmonxona biznesi bilan shugʻullanadigan tadbirkorlar faoliyatiga taʼsirini ham hisobga olmay ilojimiz yoʻq.

Xoʻsh, bitta xonani qayta tayyorlash, kengaytirib tegishli qurilmalar bilan jihozlash qanchaga tushadi? Qurilmalar xorijda ishlab chiqariladigan taqdirda buyurtma qilib, yetkazib kelgunicha uch oylik muddat yetarli boʻladimi?

Yangi qurilayotgan va loyihalashtirilayotgan mehmonxonalarda ushbu talab albatta inobatga olinadi, lekin, hozirda faoliyat koʻrsatmayotgan, jumladan, pandemiyadan keyingi daromadi soʻroq ostida turgan mehmonxonalar, ayniqsa, kichik mehmonxonalarga bu talab ogʻirlik qilishi mumkin.

Yuqoridagilarga asoslanib dastlab bildirilgan taklif va fikrlarni rivojlantirgan holda qonun loyihasini Turizm xizmatlari, Mehmonxona va oʻxshash joylashtirish vositalari, Tasniflash tizimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat standarti (OʼzDST 3296:2018)ga muvofiqlashtirish zarur. Negaki, davlat standartiga koʻra toʻrt va besh yulduzli mehmonxonalarda umumiy xonalar fondining bir foizi, biroq bittadan kam boʻlmagan xonasi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus jihozlangan boʻlishi shartligi belgilangan.

Shu oʻrinda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 2021-yil 1-yanvarga qadar subsidiya ajratish belgilab qoʻyilganini ham qayd etish joiz.

Unga koʻra subsidiya, yaʼni investorlarga mehmonxona qurish va uni jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida Davlat byudjeti hisobidan bir marotaba ajratiladigan mablagʻlar 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million soʻmni, 4 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million soʻmni tashkil etadi.

Shundan kelib chiqib, uch yulduzli mehmonxonalar uchun ham subsidiya ajratilayotganini inobatga olgan holda, shuningdek, qamrovni kengaytirish maqsadida qonun loyihasida mehmonxona va oʻxshash joylashtirish vositalarida umumiy xonalar fondining bir foizi, biroq bittadan kam boʻlmagan xonasi oʻrindiqli aravachadan foydalanadigan hamda eshitish va koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlanganligi, tegishli displeylar va ovozli qurilmalar bilan taʼminlangan boʻlishi, uch, toʻrt va besh yulduzli mehmonxonalar va oʻxshash joylashtirish vositalari uchun majburiy, boshqa toifadagi mehmonxonalar uchun ixtiyoriyligi belgilanishi maqsadga muvofiqdir.

Faqat shundagina Davlat standartiga uch yulduzli mehmonxonalarda ham nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus jihozlangan xona boʻlishi shartligi toʻgʻrisidagi qonun talabidan kelib chiqib oʻzgartish va qoʻshimcha kiritish lozim boʻladi.

Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, qonun loyihasida uch yulduzli mehmonxona hamda oʻxshash joylashtirish vositalarining oʻz aksini topishi hisobiga nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus jihozlangan xonalar qamrovining oshishiga erishiladi. Eng muhimi, kichik, moliyaviy imkoniyati va sharoitlari cheklangan bir va ikki yulduzli mehmonxonalarga ular faoliyatining ogʻirlashtiruvchi talablar qoʻyilishining oldi olinadi.

Botir MARDAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati,

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер