Medvedevning bayonoti, Gʻazodagi bolalar va YIning yangi sanksiyalari (+video)
Assalomu alaykum, xalqaro maydonda yuz berayotgan voqea va hodisalarning qisqacha sharhi “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalarining tahliliy-informatsion dasturida
Medvedevning bayonoti
Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev Ukraina qoʻshinlarining Sevastopolga raketa hujumi ortidan Amerika Qoʻshma Shtatlarini keskin qoraladi.
Qrim yarim oroliga qilingan hujumda kamida besh kishi halok boʻlgan va 100 nafardan ortiq kishi jarohat olgan. Rossiya Mudofaa vazirligining maʼlum qilishicha, AQSH tomonidan yetkazilgan toʻrtta raketa havoda urib tushirilgan, biroq raketa boʻlaklari qurbonlar boʻlishiga sabab boʻlgan.
Medvedev “Telegram”dagi kanalida hujumga javob berib, AQSH va Ukrainani tinch aholini nishonga olganlikda ayblagan. U aybdorlarning “doʻzaxda yonishi”ga umid bildirib, “ikkalasi ham doʻzaxda yonadi”, degan.
YI Tashqi ishlar vazirlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromadlarni Ukrainaga qurol-yarogʻ uchun Yevropa tinchlik jamgʻarmasiga oʻtkazishga kelishib olishdi.
Bu haqda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili rahbari Jozep Borrel maʼlum qildi.
Alyans yaqin orada Ukrainaga Rossiyaning muzlatilgan mablagʻlaridan olingan foydadan 1,4 milliard yevro, shuningdek, yil oxirigacha oʻq-dorilar, havo hujumidan mudofaa va qurol ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash uchun 1 milliard yevro ajratadi.
Gʻazodagi vaziyat
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu oʻtgan yilning oktyabr oyidan buyon davom etayotgan urushni toʻxtatuvchi har qanday kelishuvga rozi boʻlmasligini yana bir bor taʼkidladi. Unga koʻra, HAMAS bilan sulh bitimi kelishilgan taqdirda ham urush davom etadi. Qoʻshma Shtatlar esa Isroil taklifi hujumni tugatish yoʻli boʻlishini taʼkidlagan edi.
“Maqsad oʻgʻirlanganlarni qaytarish va Gʻazodagi HAMAS rejimini yoʻq qilish”, degan Netanyahu. Shuningdek, u Gʻazo janubidagi Rafahga qaratilgan keskin harbiy hujumlar deyarli yakunlanganini, ammo bu urushning butunlay tugashi emasligini qoʻshimcha qilgan.
“Biz iloji boʻlsa, mahalliy falastinliklar va mintaqadagi davlatlarning tashqi koʻmagi bilan gumanitar taʼminotni hamda hududdagi fuqarolik boshqaruvini yaratmoqchimiz. Oxir-oqibatda biz, yaʼni Isroil harbiylari tomonidan demilitarizatsiya qilish hamda fuqarolik boshqaruvi oʻrnatilishi kerak”, degan Isroil Bosh vaziri.
Ammo Bosh vazir Gʻazoda ushlab turilganlarning bir qismini boʻlsada ozod qilish uchun baʼzi kelishuvlarga tayyor ekanligini maʼlum qilgan.
Benyamin Netanyahuning aytishicha, Yahudiy davlatining askarlari tez orada Livan bilan shimoliy chegarada mudofaa uchun joylashtiriladi.
“Keyinchalik esa biz kuchlarning bir qismini shimolga koʻchirish imkoniyatiga ega boʻlamiz. Bu birinchi navbatda mudofaa maqsadida. Ikkinchidan, fuqarolarimizni uylariga olib kelish uchun. Iloji boʻlsa, buni diplomatik yoʻl bilan qilamiz. Agar imkoni boʻlmasa boshqacha yoʻlni tutamiz”, degan Netanyahu.
Buyuk Britaniyaning “Save the Children” yordam guruhi Gʻazoda 21 mingga yaqin bola bedarak yoʻqolganini maʼlum qildi. Guruh hisobotida minglab bolalar vayronalar ostida qolib ketgani, portlovchi moddalar taʼsirida tanib boʻlmas darajaga kelgani va maʼlum bir qismi ommaviy qabrlarda koʻmilgani aytilgan.
BMTning Bolalar tashkiloti yil boshida 14 mingdan ortiq bola oʻldirilgani, qolganlari esa toʻyib ovqatlanmaslikdan aziyat chekayotgani hatto ularning yigʻlashga ham kuchi qolmaganligini yozgan edi.
Donald Tramp kommunistmi?
Yel universitetining professori Jeffri Zonnenfeld sobiq prezident Donald Trampning iqtisodiy siyosatidan xavotir bildirib, buning kommunizmga oʻxshashligini iddao qildi.
Zonnenfeldning taʼkidlashicha, Trampning gʻoyalari kapitalist Adam Smitdan koʻra kommunist Karl Marksga koʻproq mos keladi. Professor sobiq prezidentning yirik biznes rahbarlari tomonidan kuchli qoʻllab-quvvatlanishi yaxshilikka olib kelmaydi, deb hisoblaydi.
Uning soʻzlariga koʻra, Trampning ikkinchi muddatga prezidentlikka saylanishi xavotirli, nomzodning takliflari barcha importlarga universal 10 foizlik boj joriy etish va Federal zaxira kengashini mustaqillikdan mahrum etishni oʻz ichiga olishini bildirgan.
Xitoyning 19 ta kompaniyasi Yevropada sanksiyaga uchradi. Ularning “gunohi” nima?
Yevropa Ittifoqi Xitoyning 19 ta kompaniyasiga sanksiya kiritdi. Bu haqda “France 24” nashri xabar bermoqda.
Rossiyaning Ukrainadagi urush harakatlarini qoʻllab-quvvatlaganlikda ayblanayotgan bu shirkatlar Yevropa Ittifoqining Moskvaga qarshi sanksiyalarining 14-toʻplamining bir qismi sifatida rasmiylashtirilgan. Shu tariqa, YI tomonidan sanksiya qoʻyilgan firmalarning umumiy sonini 675 taga yetdi.
Kompaniyalar Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga yordam berishda ayblanmoqda. Roʻyxatga Gonkongning bir nechta firmalari va ikkita yirik global sunʼiy yoʻldosh kompaniyasi kiritilgan. Xitoy bu ayblovlarni yolgʻon maʼlumotlarga asoslanganligini taʼkidlab, rad etadi.
Sanksiyalangan Xitoyning sunʼiy yoʻldosh sanoatining baʼzi kompaniyalari Rossiyaning “Vagner” yollanma guruhi bilan 2022-yilning noyabrida 30 million dollardan ortiq boʻlgan muhim bitim tuzishgan.
Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalari Turkiya, Qirgʻiziston, Hindiston, Qozogʻiston va BAA kompaniyalariga ham tegishli.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring