Mavsumiy kasalliklar sabab oʻquv muassasalarida taʼlim jarayonini toʻxtatishga asos yoʻq — Nurmat Otabekov
Hozirda aksariyat mamlakatlar qatori yurtimizda ham mavsumiy kasalliklar tarqalishi koʻpaygan. Ayniqsa, bolalarda bu jarayon biroz ogʻir kechmoqda.
Xoʻsh, Oʻzbekistonda oʻtkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat qanday?
SSV Matbuot xizmati ushbu savol bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari Nurmat Otabekovga murojaat qildi:
— Gap shundaki, biz oʻtkir respirator infeksiyalar tarqalishi zanjirini uzishga harakat qilishimiz kerak, — deydi mutaxassis. — Kasallik tarqalishida uch muhim boʻgʻin bor: kasallik manbai, yuqish yoʻli, yuqtirishga moyil organizm.
Agar kasallangan bolalarni maktabga, bogʻchaga, jamoat joylariga yuboraversak, ular boshqalarga infeksiya yuqtirishda davom etadi.
Har birimiz oʻtkir respirator kasalliklar, xususan, grippni yuqtirishga moyilmiz.
Shuning uchun ham ota-onalarga kasallik belgilari boʻlgan farzandlarini bogʻcha va maktablarga, oliy taʼlim muassasalariga yubormaslikni maslahat beramiz. Bunday paytda shifokor koʻrsatmasiga asosan, uy sharoitida zarur muolajalarni olib borish maqsadga muvofiq.
Bundan tashqari, yurtimizdagi barcha yuqumli kasalliklar shifoxonalarida bemorlar uchun oʻrin-joy va zarur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.
Aholi orasida gripp mavsumi haqida “bu — yangi pandemiya” degan mish-mishlar uchramoqda. Bu gaplar mutlaqo asossiz. Aytish kerakki, bu hatto epidemiya ham emas.
Oʻtkir respirator kasalliklar tarqalishi poytaxtimizda va yurtimizning ayrim hududlarida koʻproq qayd etilayotgani kasallik tarqalishi epidemik boʻsagʻaga yetganiga asos boʻla olmaydi.
Shu sababdan ham oʻquv muassasalarida taʼlim jarayonini toʻxtatishga yetarli asos koʻrmayapmiz.
Hozirgi vaziyatda bizning vazifamiz: bemorlarni alohidalash, ularni jamoat joylaridan uzoqda tutish!
Bemorlar muloqot chogʻida doim tibbiy niqobda boʻlishlari, ijtimoiy masofa saqlashlari, shaxsiy gigiyenaga qatʼiy amal qilishlari shart.
Shuningdek, kasallikka qarshi emlanish unga qarshi kurashishning samarali usuli ekanini unutmaslik kerak! Mavsum oldidan yurtimizda grippga qarshi vaksinalarning yetarli miqdori shakllantirilgan. Ayni paytda xususiy emlash punktlarida ham 3 xil grippga qarshi vaksina mavjud.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring