Masʼullar narx belgilashda fuqarolarimiz tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda — senator aviachiptalar haqida

08:52 17 Aprel 2021 Jamiyat
1332 0

Soʻngi yillarda mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasi sohasidagi boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish, aviatashuvlar bozorida raqobatni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining qabul qilinishi natijasida fuqaro aviatashuvlari, shu jumladan, yerdagi infratuzilmadan foydalanishda haddan ziyod monopollashuvga barham berildi.

Biroq aholi bilan muloqotlarda fuqarolar tomonidan bildirilayotgan asosli eʼtirozlar, joylardagi oʻrganishlar hamda mavjud ahvol ayrim yoʻnalishlar uchun aviachiptalar narxining haddan ziyod yuqoriligini koʻrsatmoqda.

Jumladan, bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa boʻlgan Toshkent–Olmota yoʻnalishi boʻyicha aviachiptaning narxi faqat bir tarafga 4 mln. 700 ming soʻmni tashkil qilmoqda. Xolbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat Toshkent–Moskva yoʻnalishi boʻyicha aviachipta narxi 4 mln. 200 ming soʻm, Toshkent–Riga yoʻnalishi boʻyicha 2 mln. 800 ming soʻm (parvoz vaqti – 5 soat 30 daqiqa), Toshkent–Nyu York yoʻnalishi boʻyicha esa 6 mln. 500 ming soʻm (parvoz vaqti – 12 soat) etib belgilangan. Samolyotlar turlari esa deyarli bir xil.

Koʻrinib turibdiki, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa boʻlgan Toshkent–Olmota yoʻnalishi boʻyicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat koʻp parvoz qilinadigan yoʻnalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqoridir. Ushbu “tushunarsiz holat” fuqarolarimiz uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Aholi bilan joylarda oʻtkazilgan muloqotlar va tegishli tahlillar shuni koʻrsatdiki, masʼullar narx belgilashda fuqarolarimiz tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda. Zotan, Qozogʻistonga chegaradan piyoda yoki avtotransport vositasida oʻtishga Qozogʻiston tomonidan pandemiya sababli taqiq qoʻyilgan va bizning masʼullarimiz ana shunday sharoitda fuqarolarimiz majburligidan ham qimmat narxda chipta sotib olaveradi, degan ishonch bilan oʻz yurtdoshlarining manfaatlariga zid harakat (yoki harakatsizlik) qilmoqda.

Oqibatda ishlash yoki boshqa maqsadlarda qoʻshni Qozogʻistonga ketayotgan fuqarolarimiz yana asossiz va ortiqcha xarajat qilishga majbur boʻlmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Toshkent–Olmota yoʻnalishi boʻyicha aviachiptalar haddan ziyod yuqori narxda sotilayotganligini oʻrganib chiqish va natijasi borasida maʼlumotlarni taqdim etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Sh.Sharaxmetovga senator soʻrovi yuborildi.

Qutbidin BURXANOV, 
Oliy Majlis Senati
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?