Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatining huquqiy asoslari takomillashmoqda

12:27 04 Sentyabr 2025 Siyosat
65 0

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan korporativ munosabatlarni rivojlantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Muhokama davomida eʼtibor masʼuliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatini tartibga soluvchi normalarni tizimlashtirish va birxillashtirish hamda ijobiy xorijiy tajribadan kelib chiqib, ularni toʻldirish zarurati mavjudligiga qaratildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Ushbu Qonunda jamiyatning filiallari va vakolatxonalarini, shuʼba hamda qaram xoʻjalik jamiyatlarini ochish tartibi, jamiyat ishtirokchilarining oʻrtasidagi nizoli vaziyatni hal etish hamda jamiyat umumiy yigʻilishi bayonnomasi nusxalarini ishtirokchilarga yetkazish masalalari oʻz aksini topgan. Bundan tashqari, jamiyat kuzatuv kengashi aʼzolarini saylash tartibi hamda jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi (direktor)ning va kollegial ijro etuvchi organlarining majburiyatlari ham nazarda tutilmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Qonun bilan jamiyat nafaqat litsenziya, balki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida yoki xabardor qilish tartibida muayyan faoliyat turlari bilan shugʻullanishi mumkinligi belgilanmoqda. Jamiyat ishtirokchilariga oʻz korporativ huquqlarini amalga oshirish toʻgʻrisida korporativ shartnomalar tuzish kabi bir qator huquqlar berilishi nazarda tutilmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Bundan tashqari, jamiyat kuzatuv kengashining qarorlarini sirtdan ovoz berish va kuzatuv kengashi aʼzolarini saylash tartibi, kuzatuv kengashining vakolatlari hamda minoritar ishtirokchilar qoʻmitasini tashkil etishga oid qoida mustahkamlanmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Majlisda masʼuliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, ular faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlaridagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf qilish hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga ham alohida urgʻu berildi.

Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”

Senatorlar oʻz chiqishlarida ushbu Qonun jamiyat ishtirokchilari huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yanada mustahkamlashini, ularning ulushlari aldov va firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirilishiga yoʻl qoʻymaslik uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi.

Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Akmal Muhammadov (foto), Otabek Saidahmadov

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер