Marko Rubio oʻtish davrida Venesuelani boshqarishi mumkin

11:03 05 Yanvar 2026 Dunyo
244 0

AQSH prezidenti Donald Tramp 3-yanvar, shanba kuni Venesuelada oʻtkazilgan operatsiyadan keyin, prezident Nikolas Maduro qoʻlga olinib AQSHga olib ketilganini va mamlakatni “guruh boʻlib” boshqarish rejasini tilga olgan edi. AQSH davlat kotibi Marko Rubio va qator taniqli respublikachilar Trampning “AQSH Venesuelani oʻtish davrida boshqaradi” degan bayonotidan soʻng vaziyatni yumshatishga urinmoqda.

Xususan, Rubio yakshanba kuni AQSH telekanallarida chiqish qilib, operatsiyani himoya qildi. U AQSH Venesuelaga nisbatan “taʼsir oʻtkazish vositalari”ga ega ekanini, bu esa natija berishi kutilayotganini bildirdi. Davlat kotibining taʼkidlashicha, maqsad — Venesuelani narkotrafik markazi boʻlishdan chiqarish va Eron hamda “Hizbulloh” kabi AQSH raqiblari bilan yaqin aloqalarni uzishdir.

ABC boshlovchisi Jorj Stefanopulos “AQSH Venesuelani boshqarish uchun qanday huquqiy asosga ega?” deya soʻraganida, Rubio aniq javob bermadi. U faqat AQSH oʻz maqsadlarini amalga oshirish uchun mavjud taʼsir mexanizmlaridan foydalanishini taʼkidladi. NBC va CBS telekanallariga bergan intervyularida esa AQSH Venesuelada urush olib bormayotgani va hozircha qoʻshin joylashtirmaganini aytdi.

Tramp esa Floridadagi matbuot anjumanida Marko Rubio, mudofaa vaziri Pit Hegset va Qoʻshma shtab boshliqlari qoʻmitasi raisi Den Keynni ishora qilib, ular oʻtish davrida Venesuelaga masʼul boʻlishini bildirdi. U shuningdek, Maduroning oʻrinbosari Delsi Rodriges Rubio bilan gaplashganini va AQSH talablarini bajarishdan “boshqa iloji yoʻq”ligini aytganini daʼvo qildi. Rodriges esa Venesuela davlat telekanali orqali chiqish qilib, AQSH harakatlarini keskin tanqid qildi va mamlakat “hech qachon koloniya boʻlmasligi”ni bildirdi.

Respublikachilar orasida ham ehtiyotkor munosabat kuzatildi. Senat razvedka qoʻmitasi raisi Tom Kotton Venesuelada keyingi qadamlar boʻyicha “koʻp savollar ochiq qolgani”ni aytdi va hozir mamlakatni Maduro boshqarmayotganini taʼkidladi. Kongressdagi ayrim demokratlar esa bu aralashuvni “imperial sayohat” deb atab, qonun chiqaruvchi hokimiyat Oq uyni nazorat qilishdan bosh tortayotganini tanqid qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?