Markaziy Osiyoda tinchlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni targʻib qilishga qaratilgan mintaqaviy Mediastrategiya loyihasi taqdimot qilindi

12:32 09 Aprel 2022 Jamiyat
1079 0

Foto: “Yuksalish” umummilliy harakati

Toshkentda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda doʻstlikni mustahkamlash, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, shuningdek, radikallashuv va ekstremizmga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan Mediastrategiya loyihasi taqdimotiga bagʻishlangan mintaqaviy forum boʻlib oʻtdi.

Forumda milliy va xorijiy ekspertlar, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari oʻzaro hamjihatlikni kengaytirish, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini, diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash hamda radikalizmning oldini olish, zoʻravon ekstremizm ildizlari haqida xabardorlikni oshirish, uch davlat – Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistonning chegaradosh hududlaridagi mahalliy fuqarolik jamiyati va media hamjamiyatining salohiyatini oʻstirishning dolzarb jihatlarini ochiq muloqot tarzida muhokama qildi.

Qayd etilganidek, Markaziy Osiyoda oʻzaro manfaatli hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarining yoʻlga qoʻyilishi mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari, katta diplomatik ishlari samarasidir. Xususan, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat yuritish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor vazifalari qatorida belgilangan.

Mediastrategiyani amalga oshirish doirasida turli millat yoshlari uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, bagʻrikenglik asosida millatlararo muloqot madaniyatini rivojlantirish, chet tillarida faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish ham koʻzda tutilgan.

“Yuksalish” umummilliy harakati ushbu saʼy-harakatlarga hissa qoʻshish, davlatlararo miqyosda taklif etilayotgan va yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar, tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida fuqarolik jamiyatini faollashtirish gʻoyasini ilgari surmoqda. Jumladan, 2020-yil mart oyida “Markaziy Osiyoda bagʻrikenglik va tinchlik yoʻlida transchegaraviy va sohalararo muloqot” loyihasiga start berildi. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan ushbu loyiha Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarma boshchiligidagi konsorsium bilan uchta mamlakatdagi hamkorlari — “Yuksalish” umummilliy harakati (Oʻzbekiston), “BIOM” ekologik harakati (Qirgʻiziston) hamda “Gender va taraqqiyot” jamoat tashkiloti (Tojikiston) tomonidan amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida Oʻzbekiston va Qirgʻizistonda Doʻstlik, millatlararo totuvlik va bagʻrikenglik markazi ochildi. Markazda maqsadli mamlakatlardagi yoshlarga taʼlim va munozara maydonchalarini yaratish, Fargʻona vodiysida konstruktiv transchegaraviy muloqotni rivojlantirish hamda mahalliy hamjamiyatlardan jalb etilgan mutaxassislarning malakasini oshirish uchun koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, loyiha doirasida uch davlatning chegaradosh hududlarida yashovchi yoshlar, jamoatchilik fikri yetakchilari, jurnalist va blogerlar uchun mediasavodxonlik va tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, ijtimoiy tarmoqlarda feyk axborotlar tarqalishining oldini olish, nafrat tili, kiberbulling, ularga javob qaytarish boʻyicha turkum treninglar oʻtkazildi. Taklif etilgan ekspertlar ommaviy axborot vositalari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillariga kibermanipulyator hiylalariga berilmaslik, ijtimoiy tarmoqlardagi buzgʻunchi gʻoyalarga qarshilik koʻrsatish, ommaviy axborot vositalarida tinchlikparvarlik va bagʻrikenglik gʻoyalarini targʻib qilish yoʻllarini tushuntirib berdi. Natijada Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda “Dunyo elchilari” deb nomlangan yoshlar guruhlari tuzildi.

Fargʻona vodiysi yoshlarining muammolarini aniqlash, etnik va diniy kamsitilish, toqatsizlikni koʻrsatuvchi media materiallar hamda ijtimoiy tarmoqlar kontenti tahlil qilindi. Tahlil natijalari asosida mintaqaviy Mediastrategiya loyihasi ishlab chiqildi. U Fargʻona vodiysida va Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonning transchegaraviy hududlarida tinchlik, bagʻrikenglik masalalarini targʻib qilish maqsadida davlat organlari, NNTlar, OAVlar vakillari, diniy yetakchilar va fuqarolar uchun targʻibot-tashviqot ishlarini rejalashtirishga koʻmaklashadi. Bugungi forumda tadqiqot natijalari va Mediastrategiya loyihasi taqdimot qilinib, muhokama qilindi.

Uchta davlat ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Mediastrategiyaning vazifalari qatorida, yoshlar oʻrtasida radikallashuv, millatlararo adovat va terrorizmga olib keladigan ekstremistik gʻoyalar tarqalishiga qarshi kurashishda yaxlit va muvofiqlashtirilgan yondashuvni ommaviy axborot vositalarini kuchaytirish orqali davlat tuzilmalari va fuqarolik jamiyati saʼy-harakatlarini birlashtirish rejalashtirilgan. Uni amalga oshirishga davlat va boshqa manbalarning mablagʻlari, mamlakatlar ichidagi grantlar, shuningdek, xalqaro jamgʻarmalar va tashkilotlarning grantlarini jalb etish koʻzda tutilgan.

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yoshlarning buzgʻunchi axborotlar taʼsiriga tushib qolishining oldini oluvchi, chidamliligini oshiruvchi keng qamrovli chora-tadbirlarni oʻtkazish uchun media sohasini kuchaytirish muhim jihatlardan biridir.

Mediastrategiya loyihasiga Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi hamda har bir davlat uchun alohida-alohida harakatlar rejalari ilova qilingan.

Forum davomida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikistondan boʻlgan ekspertlar, fuqarolik jamiyati mutaxassislari va media sohasi vakillari Mediastrategiya loyihasini muhokama qilib, uning yakuniy koʻrinishini shakllantirish, amalga oshirish mexanizmlari va hamkorlikdagi harakatlar rejasi boʻyicha takliflar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?