Maʼrifatparvarlik harakati timsoliga aylangan kurashchi
Mahmudxoʻja Behbudiy, Isʼhoqxon Ibrat, Usmonxoʻja kabilar bilan bir safda turgan Munavvar qori Abdurashidxonov (1878-1931-yillar) jadidchilik harakatining yetuk vakillaridan sanaladi. Oradan salkam 100-yil oʻtsa–da u haqida iliq fikrlar bayon etilgan maqolalar yozilmoqda, hayoti va faoliyatiga oid risola va kitoblar chop etilyapti.
Bu bejiz emas. Munavvar qori Abdurashidxonov XIX asr oxiri va XX asr dastlabki oʻn yilliklarida butun Turkiston mintaqasida maʼrifatparvarlik harakati timsoliga aylandi. Arxiv hujjatlarida uning 1905-1907-yillarda “Shuhrat”, “Osiyo”, “Xurshid” kabi gazetalar chop etganligi, oʻz maslakdoshlari bilan milliy matbuotchilik rivojiga beqiyos hissa qoʻshganligi bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirilgan. Munavvar qori tashkilotchiligida 11 ta usuli jadid maktabi ochilgani, ular uchun qoʻllanma, darsliklar yaratish asnosida, oʻquv dasturlari ishlab chiqilganligi eʼtiborga loyiqdir. Xorijning Turkiya (Istanbul), Qozon, Ufa, Bogʻchasaroy, Orenburg (Rossiya), Hindiston, Misr, Eron kabi davlatlaridan musulmon adabiyoti, kitoblar olib keltirilgan.
Munavvar qori Abdurashidxonov musulmon imlosi (arab yozuvi)da va Yevropa tillarida chop etilgan kitoblar doʻkoni “Umid” (“Nadejda”) ga asos soldi. Sirdaryo viloyat harbiy gubernatori hamda politsiya maʼmuriy idoralariga bosmaxona ochishga ruxsat soʻrab oʻnlab iltimosnomalar yozganligi, har bir maqsadi hosil boʻlishida mislsiz mashaqqatlar girdobidan oʻtganligini arxiv hujjatlari tasdiqlaydi. Rossiya imperiyasi hukumati uni avvalboshdanoq “xavfli kishilar” roʻyxatiga kiritib, ezgulikka yoʻgʻrilgan faoliyatini “panislomchi”, “panturonchi”, “panturkchi” kabi soxta ayblar bilan qoralashga oʻtgan. Iltimosnomalari rad etilgan va koʻp hollarda javobsiz qoldirilgan.
Munavvar qorining faoliyati koʻp qirrali. Bu oʻquvchilarga zamonaviy taʼlim berish, xorijdan kitoblar keltirib aholiga tarqatish, kitob savdosini yoʻlga qoʻyish, bosmaxona ochish, taraqqiyparvarlarni moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, ozodlik uchun kurashuvchilarga maʼnaviy rahnamo boʻlish kabi saʼy-harakatlarda namoyon boʻldi. Uning tashabbusi bilan Toshkentda imperiya maʼmurlari rasmiy jihatdan tan olgan birinchi milliy uyushma “Koʻmak” (1909-1923-yillar) tuzilgandi. “Koʻmak” oʻzining nizomiga ega boʻlib, uni hukumat 1909-yilda tasdiqladi. Ushbu tashkilot 1910-yilning avgustidan faoliyatini boshladi. “Koʻmak” nizomida aholi kam taʼminlangan toifalariga moddiy va tibbiy yordam koʻrsatish, oʻquvchilarni tekin oʻqitish, xorijda taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash, tekin ovqatlanadigan oshxonalar tashkil etish, yetimxonalar ochish kabi xayr-ehson va mehr-muruvvatga yoʻnaltirilgan maqsad hamda vazifalar belgilangandi. Munavvar qori va uning oʻnlab safdoshlari ushbu jamiyatga aʼzo boʻlib kirish jarayonida qasamyod qabul qildilar va oʻz qasamlariga umr boʻyi sodiq boʻlib qoldilar.
Munavvar qori Abdurashidxonovning “Koʻmak” uyushmasi aʼzolarining soni birinchi yilda yaʼni 1910-yil kuzida 500-600 nafar boʻlgan. Jamiyatga aʼzolik badali bir yil uchun 1 rubl 50 tiyin boʻlsa, haqiqiy va doimiy aʼzolar bir yoʻla 6 rubl toʻlashgan. Uning saflarida mudarrislar, savobtalab boy savdogarlar, ziyolilar, ilgʻor fikrli kishilar birlashgan. Kam taʼminlangan oʻquvchilarga “Koʻmak” tomonidan 50 tiyin, oʻqituvchilarga 1 rubl 50 tiyin toʻlangan. Oʻsha paytda bu pulning qurbi katta boʻlib, ehtiyojmandlarning tashvishini yengillashtirishda qoʻl kelgan.
Munavvar qori nafaqat imperiya hukumati, balki shoʻrolar tuzumi qolipiga ham sigʻmadi. U sovet hokimiyati yillarida buyuk davlatchilik siyosatiga qarshi chiqib, haqiqiy maʼnodagi mustaqillik uchun kurashdi. “Milliy istiqlol” tashkiloti (1922-1929-yillar) Turkiston va Oʻzbekistondagi boshqa milliy muxolifatdagi tashkilotlar singari Vatan mustaqilligi yoʻlida kurash olib bordi. Biroq sovet hokimiyati “Milliy ittihod”, “Botir gapchilar”, “Koʻr kalamush”, “inogʻomovchilik”, “badriddinovchilik”, «18 lar guruhi” kabilar singari “Milliy istiqlol”ni 1929-yilda “fosh” etdi. Tadqiqotchi Oʻktam Ubaydullayev Oʻzbekistonda faoliyat yuritgan muxolifat uyushmalari tarixini avvaldan taʼqiqlangan maxfiy hujjatlar orqali oʻrganar ekan, Munavvar qori 86 nafar safdoshi bilan qatagʻon domiga tortilib, qatl etilganligini afsus — nadomat bilan yozgan.
Shu kunlarda bu ulugʻ zot tavalludining 145-yilligi keng nishonlanmoqda. Zero, ezgu va xayrli ishlari abadiyatga muhrlangan Munavvar qori Abdurashidxonov timsoli xalqimiz qalbida umrboqiy yashaydi. Uning sobitqadam, eʼtiqodda mustahkam hayot yoʻli va faoliyati bugungi avlodni mustaqillik gʻoyalariga sodiq boʻlishda yoʻlchi yulduz boʻlib xizmat qiladi.
Shodmon HAYITOV,
Buxoro davlat universiteti Jahon tarixi kafedrasi
oʻqituvchisi, tarix fanlari doktori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring