“Maʼrifat” kitobxonlari aniqlandi

14:51 19 Dekabr 2019 Madaniyat
1712 0

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Maʼrifat” gazetasi tomonidan Oʻzbekiston Liberal Demokratik partiyasi hamda Yoshlar ittifoqi hamkorligida ilk bor tashkil etilgan “Maʼrifat” kitobxoni” tanlovining gʻoliblari taqdirlandi. Taqdirlash marosimida hamkor tashkilotlar vakillari, taniqli shoir-yozuvchilar, yosh ijodkorlar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Tanlov shartiga asosan bir yil mobaynida har oy tahririyat tomonidan oʻqish uchun turli kitoblar eʼlon qilib borildi. Oʻquvchilar oʻn ikki oy davomida bosqichma-bosqich oʻn ikkita badiiy asarlarni oʻqib bordi. Yakunda esa ana shu mutolaa qilingan kitoblar asosida yozilgan esselar qabul qilindi. Eng taʼsirli va ibratli esse mualliflari va faol maktablar tanlov hayʼati aʼzolari tomonidan maʼqullanib, gʻolib deb eʼtirof etildi.

— Bugun xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni kitobxonlikka, gazetxonlikka targʻib qilish har birimizning vazifamizga aylanishi kerak. — deydi Husan Nishonov “Maʼrifat” gazetasi bosh muharriri. — Bu borada ayniqsa muallimlar doimo ilgʻor boʻlishgan. Yangi tashkil etilgan ushbu tanlovda ham respublikamizning turli hududlaridagi eng faol, eng gazetxon, eng bilimdon oʻqituvchilarning oʻquvchilari gʻolib chiqdi. Bugungi yoshlarimizni oldidagi imkoniyatlardan kelib chiqib aytsak, ularni bunday shiddatli davrda kitobxonlikka, gazetxonlikka jalb qilish nihoyatda qiyin vazifaga aylanib qoldi. Shunday vazifani oʻqituvchilar avvalo oʻzlari oʻrnak boʻlgan holda amalga oshirib kelishmoqda. Bu tanlovni kelgusida anʼanaviy tarzda davom ettirishni rejalashtirdik.

Tanlovning yakuniy bosqichiga koʻra, uchta asosiy, oʻnta ragʻbatlantiruvchi oʻrinlar hamda “Eng faol kitobxon maktab” va “Kitobxonlikni targʻib qilgan eng faol oʻqituvchilar” nominatsiyalarda gʻoliblar taqdirlandi. Gʻoliblarga tashkilotchilar tomonidan diplom, koʻplab badiiy kitoblar hamda hamkor partiya tomonidan qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер