Marhamat tumani nomini Mingtepaga almashtirish payti keldi, shekilli...
Foto: “Xalq soʻzi”
Odatda joy nomlari ularning tarixi bilan bogʻliq. Masalan, Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumani bir paytlar atrofi qoʻrgʻon devor bilan oʻralgan balandlikning atalishi mahsulidir. Aytishlaricha, qadimda Jalaquduq tumanida yogʻingarchilik koʻp boʻlib, sel, jala quyish holatlari kuzatilgan. Shuningdek, viloyatning Xoʻjaobod, Buloqboshi, Oltinkoʻl, Baliqchi, Ulugʻnor nomlari ham oʻz mazmunini aks ettirib turibdi. Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Marhamat tumanining bunday nomlanishiga sabab nima? Hududning holatiga ishora bermaydigan bu atama qanday paydo boʻlgan oʻzi?

Mahalliy aholining maʼlum qilishicha, 1898-yilda Dukchi eshon qoʻzgʻoloni bostirilgach, “Mingtepa” (Marhamat tumanining qadimgi nomi) chor Rossiya qoʻshinlari tomonidan uch kun davomida zambaraklardan oʻqqa tutiladi. Shundan soʻng oq poshsho mulozimlariga omon qolgan aholini boshqa yerga koʻchirib, oʻrniga Rossiyadan yuboriladigan rus mujiklari uchun yangi bir maskan barpo etish haqida farmon bergan. Natijada tirik aholi Janubiy Fargʻona kanalining “Ulugʻ togʻ” tomoniga koʻchiriladi. Aynan shu paytdan boshlab bu maskan oq poshshoning “marhamati” (pomilovaniye), yaʼni gunohidan oʻtish maʼnosidan kelib chiqqan holda “Marhamat” deb nomlanadi. “Mingtepa” esa qayta qurilib, muhojirlar sharafiga “Russkoye selo” nomini olgan. Shoʻrolar davrida (1974 y) tuman markaziga shahar maqomi berilishi natijasida u Marhamat shahri deb oʻzgartirilgan. Xulosa qilish mumkinki, tuman nomi mehmonnavozlik ifodasini emas, balki bosqinchilik mahsulini oʻzida mujassam etgan atamadir. Shu bois Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf ona qishlogʻiga taʼrif berar ekan:
“Har kimsa ham nom qoʻysin oʻz uzlatiga,
Har kimga oʻz uyi aziz, tomi bilan!
Zor qilmasin birovning “marhamati”ga,
Mingtepani ataylik oʻz nomi bilan!»,- deya kuyingan.
“Mingtepa”ga nazar
Hozirda tuman markazida “Mingtepa” arxeologiya yodgorligi mavjud. Bu yerda uzoq yillar davomida nafaqat Oʻzbekiston, balki xitoylik olimlar ham izlanishlar olib bormoqda. Sababi, bu joy qadimda yuksak darajada taraqqiy etgan Dovon (aksariyat manbalarda Davan deb yuritiladi) nomi bilan mashhur davlatning poytaxti Ershi shahrining xarobalari, deb taxmin qilinadi.
“Mingtepa” yodgorligi xarobasi ichki va tashqi shahar qismlaridan iborat boʻlib, ichki qism 41,2 gektar, tashqi shahar qismi esa 320 gektardan ortiq maydonni egallagan. Arxeologlarning eʼtirof etishicha, bu joydan topilgan osori-atiqalar Fargʻona vodiysidagi boshqa antik davr yodgorliklarida uchramaydi.

Ushbu yodgorlikni oʻrganish, ilmiy tadqiq etish ishlari oʻtgan asrning 40-50 yillaridan boshlangan. Bugungi kunda ham bu yerda izlanishlar davom etmoqda. Ayniqsa, tarix fanlari doktori, professor Boqijon Matboboyev rahbarligidagi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti arxeolog olimlari hamkorligida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijasida qadimiy poytaxt shahar xarobalaridan qimmatli topilmalar, moddiy ashyolar topilgan. Bu 2017-yilda bundan 2 ming yil muqaddam ushbu manzil Dovon davlati poytaxti Ershi, keyinchalik “Mingtepa” deb qayta nomlangan shahar ekanligi haqidagi xulosalarning eʼlon qilinishiga sabab boʻlgan.
Hukumat qarorining ijrosi nega taʼminlanmadi?
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabr sanasida imzolagan “Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Mingtepa” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish, tadqiq etish va undan foydalanish toʻgʻrisida»gi qarori tuman aholisining koʻp yillik armonlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan hayotbaxsh qadam boʻldi, deb quvongan edik. Afsuski, bugungacha mazkur qarorning ijrosi taʼminlanmadi. Yaʼni, yuqoridagi maqsadlarni amalga oshirish uchun koʻzda tutilgan mablagʻ hanuzgacha ajratilmadi.
Ishonish qiyin, nahotki, hukumat qarori besh yilda ham ijro etilmasa? Buni qanday tushunish mumkin? Bajarilmaydigan qarorni qabul qilishdan muddao nima edi? Vaziyat shunday davom etaversa hujjatda ajratilishi koʻzda tutilgan mablagʻning inflyatsiya taʼsirida qadri qoladimi?

Mazkur qarorning ijrosi doirasida tumandagi “Mingtepa”, “Jingirtepa”, “Toshtepa” arxeologiya obyektlari, qutlugʻ maskanlar obod boʻlishiga, buning natijasida ulugʻ ajdodlarimizning ruhlari shod boʻlishiga shak – shubhamiz yoʻq edi. Biroq, bu mavzuda tegishli idoralarga yoʻllangan savollar hanuzgacha javobsiz qolmoqda. Necha ming yillik tarixni oʻz bagʻrida mujassam etgan “Mingtepa” esa hanuz mutasaddilar eʼtiboriga ilhaq.
Birovning koʻylagini kiyib olganingiz bilan u sizniki boʻlib qolmaydi. Xuddi shuning singari marhamatliklar oʻzlari istiqomat qilayotgan manzilni hanuzgacha “Mingtepa” nomi bilan bogʻlaydilar. Respublikamiz mustaqillikka erishgach, milliy qadr-qimmatimiz, gʻururimiz yanada yuksaldi. Tariximizni asl holida tiklash borasida ham xayrli ishlarga qoʻl urilmoqda. Shu asnoda savol tugʻiladi: joy nomlari tub shakl-shamoyili, maʼnosini ifoda etayotgan bir paytda Marhamat tumani nomini asl holatiga qaytarish, “Mingtepa” nomi bilan atash payti kelmadimikin? Mutasaddilar ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratsalar, tarix yuziga tushgan dogʻdan, xalq esa tahqirona nomdan xalos boʻlgan boʻlardi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Shukrullo NEʼMATOV,
Oʻzbekiston jurnalistlar
uyushmasi aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring