Maqsudali tovoqchining vorisi

Kulolchilik gʻurumsaroyliklarga ajdodlardan meros. Tarixiy manbalarda Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Fargʻona vodiysida hunarmandchilikning ushbu turi rivoj topgani qayd etilgan. Arxeologik tadqiqotlar ildizi miloddan avvalgi V-IV asrlarga borib taqalishini isbotlagan. Oʻsha davrlarda shakllangan Quva, Rishton kulolchilik maktablari qatorida Gʻurumsaroy ham alohida tilga olingan. Qishloq dovrugʻini yoygan mazkur hunar maktabining asoschisi usta Koʻki boʻlib, uning ishini Mahmudjon Rahimov, Maqsudali Turopov, Hokimboy Satimov, Hayitboy Hokimovlar davom ettirgan. Keyinchalik unut boʻlayozgan bu qaynar buloqni jonlantirish oddiy traktorchi farzandi Vahobjon Buvayevning chekiga tushdi.
Milliy hunarmandchilikning ushbu turi oʻziga xos, ayni paytda murakkab sanʼat turi. Oddiy loyni chiroyli shaklga kiritib, undan sehrli piyola yoki quyosh nurida jilvalanuvchi boshqa buyum yaratish uchun avvalo, hunar egasi chapdast boʻlmogʻi, qoʻli zuvala atrofida chaqqon aylanishi kerak. Vahobjonga hunarning bu nozik jihatini ustozi, Fargʻona vodiysida “Maqsudali tovoqchi” nomi bilan mashhur boʻlgan Maqsudali ota Turopov oʻrgatgan. Yasalgan buyumning umrboqiyligi uning sirlanishida. Ota-bobolarimiz bizga asrlarga yaraydigan boʻyoq yaratish sirini qoldirib ketgan. Shu sirni asrab-avaylab, gulvag, qirqboʻgʻim giyohlaridan yashil va havorang boʻyoqlar olib, uni toshlardan tayyorlangan aralashma yordamida yaltiroq tusga kiritishni shogirdiga erinmay oʻrgatgan ustozning oʻgitlari Vahobjonga bebaho boylik boʻlib qoldi.
Universitetning tasviriy sanʼat fakultetini tugallagan V.Buvayev bolalik chogʻidayoq hayotiga naqshga oʻyilgan yozuvday oʻrnashib ulgurgan kulolchilik bundan keyin ham turmush tarzi boʻlib qolishini tushundi. Boshqa jihati, ustozining bu noyob hunarni avlodlarga yetkazish borasidagi vasiyati yelkasida farzdek turibdi. Pishitilgan loyni charxdek aylantirib, andozaga soladigan dastgohini harakatga keltirdi. Epli bolalardan oʻttiz nafarini toʻplab, toʻgarak tashkil qildi. Ularga koʻza, lagan, guldon, boshqa buyumlarni yasash sir-asroridan saboq berdi.
– Kulol chinakam moʻjiza. Qarang, yaltirab turgan bu koʻzacha kechagina oddiy loy edi. Hunar egasining qoʻlida sanʼat asariga aylandi, – deydi oʻz kasbidan faxrlanib Vahobjon. – Gʻurumsaroyda shakllangan anʼana maktabi Namanganimizning faxri. Boshqa maktablar uslubidan farqi shundaki, xom ashyo sifatida foydalanadigan loyimiz tuprogʻining oʻzi boshqacha, mahsulotga ishlatilgan boʻyoqni tabiiy va uzoq vaqt saqlab turish uchun uni alohida vosita bilan sirlaymiz. Bunday boʻyoq va sirni Buxoro, Xorazm, Samarqanddagi osori atiqalarni bezatishda ishlatishgan. Ular oʻz jozibasini asrlar osha saqlab kelayotgani shundan.
Rostdan bu hunar mudom mavjlanib turadigan begʻubor chashma. Isteʼdodli sohibini ezgulikka yetaklaydi, murodiga yetkazadi. Ajdodlar anʼanasini mahkam tutgan Vahobjonni ham elga tanitdi. Yasagan buyumlari xonadonlar koʻrki, qator nufuzli tanlovlarda munosib bahosini olgan. Mamlakatimiz poytaxtida bir necha bor shaxsiy koʻrgazmasini uyushtirgan kulol ularni ortmoqlab, Fransiyaga borganida elda yaxshigina obroʻ qozongandi. 2006-yili Parijda tashkil etilgan “Qadimgi sharq mohir ustalari” festivalida namoyish etilgan milliy hunarmandchilik buyumlariga fransuzlar ham qoyil qolishdi. Undan keyin “Tashabbus-2008”dagi eʼtirof. Tanlovning mamlakat bosqichidan Prezident sovrini – “Matiz” avtomashinasini minib qaytadi. “Eng yaxshi hunarmand” deb topilgan usta kulolga, shuningdek, oltin medal, birinchi darajali diplom, “Tashabbus” ramzi tushirilgan “Pegas” haykalchasi topshirildi.
Betakror iqtidor egasi oʻzining sara asarlari bilan dunyo hamjamiyatini hayratga solayotganidan alohida gʻurur tuyadi. Bugungi kunda u yasagan va milliy hunarmandchiligimiz nafasi ufurib turgan buyumlar jahonning 50 dan ortiq muzeylarini bezab turibdi. Ularni AQSHning Metropol, Rossiyaning Ermitaj, Fransiyaning Luvr muzeylarida koʻrish mumkin. Ustaning xonadonida tashkil etilgan uy muzeyda ustozlar barmoq izlari qolgan qadim ashyolarni qoʻshib hisoblaganda mingdan ortiq ijod namunalari koʻhna sanʼatning noyob qirralari bilan tanishtiradi.
Koʻrinib turibdiki, Gʻurumsaroy kulolchiligi xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega madaniy meros. Uni saqlab qolish va rivojlantirgan holda kelajak avlodga yetkazish nodir sanʼat davomchilarining burchi. Ayni masʼuliyatni anglagan holda izlanayotgan Vahobjon Buvayev oʻttiz yillik faoliyati davomida yuzdan ortiq salohiyatli shogirdlarni tarbiyaladi. Namangan davlat universitetining tasviriy va amaliy sanʼat fakultetida uning tashabbusi bilan kulolchilik yoʻnalishi yoʻlga qoʻyildi. Oʻttizga yaqin talaba loyga ishlov berish orqali nafis buyumlar yasash sir-asrorlarini oʻrganmoqda. Universitet dotsenti darajasini olgan Vahobjon oʻz sohasi boʻyicha bir nechta darsliklar yozdi.
Istiqlol tufayli azaliy qadriyatlarimiz, shu jumladan, milliy hunarmandchilik ham oʻz oʻrnini topdi. Buni jadal rivojlanayotgan Gʻurumsaroy kulolchilik maktabida ham koʻrish mumkin. Uni fidoyi inson Vahobjon Buvayev qayta oyoqqa turgʻizgan boʻlsa, bugun Ilyos Nodirov, Yodgorbek Oʻlmasov, Rustamjon Risqialiyev, Bunyod Akbaraliyev singari zukko yoshlar qoʻlga olayotgani kishida ishonch tuygʻularini mustahkamlaydi. Yurtimizning olis qishlogʻida ildiz otgan oʻlmas sanʼatning umrboqiyligidan dalolat beradi.
Qudratilla NAJMIDDINOV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring