“Manchester Siti” keyingi bosqichda, “Nyukasl”dan yirik gʻalaba, Stokdagi qiziq oʻyin

Kecha, 24-sentyabr kuni Angliya liga kubogi musobaqasining 4-bosqich oʻyinlari yakunlandi. Oqshomda boʻlib oʻtgan 4 ta oʻyin yakuniga koʻra, “Nyukasl”, “Manchester Siti”, “Arsenal” va “Tottenhem” nimchorak final bosqichiga yoʻl oldi. Quyida ushbu klublarga keyingi bosqich chiptasini taqdim etgan oʻyinlarni sharhlaymiz:
Stokdagi qiziq oʻyin
Ushbu bosqichda APL chempionligiga asosiy daʼvogarlardan biri sifatida eʼtirof etilgan “Arsenal” Stok shahrida joylashgan moʻjazgina “Veyl Park” stadioniga tashrif buyurdi. Qurʼa Mikel Arteta shogirdlarini Angliya 3-divizion vakili bilan roʻbaroʻ qilgandi.
Oʻsha kuni maydon egasi “Port Veyl” jamoasini qoʻllab-quvvatlash uchun 18 mingdan ortiq muxlis tashrif buyurdi. Sababi bu jamoa Stok shahrida uzoq vaqtdan beri birorta nomdor klubga qarshi oʻynamagan edi.
Oʻz navbatida 3 ta frontda kurash olib borayotgan “Arsenal” klubi tarkibida ushbu bahs oldidan jiddiy rotatsiyalar amalga oshirildi.
“Manchester Siti” klubiga qarshi oʻtkazilgan oʻyinga solishtirganda, tarkibda 9 ta oʻzgarish amalga oshirildi. Faqat oʻsha oʻyinda “shaharliklar”ga qarshi oʻynagan Saliba va Merino bu oʻyinda ham asosiy tarkibda maydonga tushirildi.
Uchrashuvda hisob 8-daqiqada mehmonlar tomonidan ochildi. Eberechi Eze bu mavsumdagi dastlabki golini kiritdi. Birinchi taym 0:1 hisobi bilan tugadi.
Ikkinchi boʻlimning 81-daqiqasiga kelib hisob 0:2 koʻrinishini oldi. Salibaning uzun pasidan soʻng, zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan Leandro Trossard oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi. Oʻyin aynan 0:2 hisobi bilan oʻz yakuniga yetdi.
“Sofascore” portali tomonidan “Arsenal” himoyachisi Salibani “oʻyin qahramoni” deb topildi. Uning harakatlari 7,8 ballga baholangan.
“Port Veyl” — “Arsenal” 0:2
Gollar: Eze (8), Trossard (86).
Port Veyl: Gauchi, Dehra, Hamfreys, Holl, Lourens-Gabriyel (Klark, 66), Holl (Garriti, 66), Krosdeyl, Volters, Hidli, Paton (Stokli, 70), Kyurtis.
Arsenal: Arrizabalaga, Uayt (Magalyayesh, 71), Saliba, Moskera, Lyuis-Skelli, Nvaneri, Nergor, Eze (Rays, 81), Saka (Dovman, 63), Merino (Gyokeresh, 71), Martinelli (Trossard, 81).
“Nyukasl” “Bradford”ni tormor etdi
3 frontda kuch sinashayotgan “Nyukasl” jamoasi ham Angliya liga kubogidan voz kechishni xohlayotgani yoʻq. Kecha boʻlib oʻtgan oʻyinlar natijasiga koʻra, Eddi Xau jamoasi ham nimchorak final masalasini hal etdi.
“Qargʻalar” tarkibida ham “Bradford”ga qarshi oʻyin oldidan jiddiy rotatsiyalar amalga oshirildi. APL doirasida “Bormunt”ga qarshi kechgan bahs bilan solishtirganda asosiy tarkibda 7 ta oʻzgarish amalga oshirildi. Faqatgina oʻsha oʻyinda maydonga tushgan futbolchilardan Sven Botman, Malik Tiav, Lyuis Xoll va Lyuis Mayli ushbu oʻyinda ham maydonga tushdi.
Uchrashuvda hisob 17-daqiqada ochildi. “Nyukasl”ning braziliyalik legioner futbolchisi Joyelinton hisobni ochdi. Oradan ikki daqiqa oʻtib, Brunoning uzatmasidan keyin Osula “qargʻalar”ning ikkinchi toʻpini kiritdi.
75-daqiqaga kelib hisob 3:0 koʻrinishiga keltirildi. Yana Brunodan pas va bu gal Joyelinton oʻz dublini nishonladi. Oradan 4 daqiqa oʻtib, Angliya uchinchi divizion vakili oʻyindagi yagona javob golini kiritdi. Ushbu golga Endi Kuk mualliflik qildi.
87-daqiqada Osula ham dubliga erishdi. Barnsning uzatmasidan soʻng, daniyalik futbolchi hisobni 4:1 koʻrinishiga olib keldi. Uchrashuv aynan shu hisob bilan yakunlandi.
Oʻyindan soʻng “Sofascore” portali tomonidan “Nyukasl” futbolchisi Joyelinton “oʻyin qahramoni” deb topildi. Uning harakatlari 9,8 ballga baholandi.
“Nyukasl” — “Bradford” 4:1
Gollar: Joyelinton (17, 75), Osula (19, 87) — Kuk (79).
Nyukasl: Ramsdeyl, Kraft (Tripper, 61), Tiav, Botman (Merfi, 89), Xoll (Livramento, 61), Joyelinton, Gimaraes, Mayli, Elanga (Voltemade, 69), Osula, Gordon (Barns, 69).
Bradford: Uoker, Pennington, Birn (Makkintayr, 80), Kelli (Rayt, 61), Xollidey (Nyufill, 62), Li, Pauer, Ture, Pauell (Sarchevich, 46), Gamfris (Kuk, 62), Poynton.
“Manchester Siti” ham keyingi bosqichda
Oʻzbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov toʻp surayotgan “Manchester Siti” klubi ham musobaqaning nim chorak final bosqichiga yoʻl oldi. Jamoaga 4-bosqichda yaqin yillarda APL musobaqalarida qatnashgan, ammo salbiy natijalari sabab ayni paytda Angliya 3-divizionida ishtirok etayotgan “Haddersfild” jamoasi raqiblik qildi.
Pep Gvardiola ushbu oʻyin oldidan katta oʻzgarishlarni amalga oshirdi. “Arsenal” bilan oʻyinga solishtirganda asosiy tarkibda 9 ta oʻzgarish amalga oshirildi. Faqatgina APL uchrashuvida maydonga tushganlardan Niko OʻRaylli va Fil Foden ushbu oʻyinni ham asosiy tarkibda boshladi.
Uchrashuvda hisob 18-daqiqaga kelib ochildi. Mukasaning uzatmasidan soʻng, Foden hisobni ochdi.
Ikkinchi boʻlimning 74-daqiqasida hisob 0:2 koʻrinishini oldi. Bu gal dastlabki gol muallifi Fodenning uzatmasidan soʻng, Savinyo oʻz hisobiga gol yozdirib qoʻydi. Oʻyin aynan 0:2 hisobi bilan tugadi.
Uchrashuvdan soʻng, “Sofascore” portali “Manchester Siti” aʼzosi Fil Fodenni “oʻyin qahramoni” deb topdi. Uning kechagi harakatlari 8,6 ballga baholandi.
“Haddersfild” — “Manchester Siti” 0:2
Gollar: Foden (18), Savinyo (74).
Haddersfild: Nikollz, Sorensen (Smit Svey, 77), Finni, Uolles, Rogan, Uayls, Kasumu (Mey, 83), Xarness (Kasldayn, 62), Redmond (Ashiya, 62), Vost, Charlz (Radulovich, 77).
Manchester Siti: Trafford, Nunes, Stounz, Ake, OʻRaylli (Xeski, 76), Lyuis, Bobb, Foden (Renyders, 77), Niko (Fillips, 83), Savinyo, Mukasa.
“Tottenhem”dan yirik gʻalaba
3 ta frontda kurash olib borayotgan “Tottenhem” klubi ham Angliya liga kubogining nim chorak finaliga yoʻl oldi. Jamoa bosh murabbiyi Tomas Frank asosiy tarkibga dam bergan holda ushbu oʻyinda ham gʻalaba qozonishni uddaladi.
APL doirasida boʻlib oʻtgan soʻnggi oʻyinga solishtirganda asosiy tarkibda 10 ta oʻzgarish amalga oshirildi. Faqatgina “Brayton”ga qarshi oʻynagan Pedro Porro bu oʻyinni ham asosiy tarkibda boshladi.
Uchrashuvning 14-daqiqasida hisob ochildi. Joao Palinya jamoasining dastlabki golini kiritdi. Oradan 3 daqiqa oʻtib, mehmonlar vakili Jay Makgrat oʻz darvozasiga toʻp kiritib qoʻydi. Shu tariqa birinchi boʻlim 2:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda Brennan Jonson jamoasining uchinchi golini kiritdi. Oʻyin aynan ushbu hisob bilan yakunlandi.
Uchrashuvdan soʻng, “Sofascore” portali “Tottenhem” aʼzosi Joao Palinyani “oʻyin qahramoni” deb topdi. Himoyachining harakatlari 8,5 ballga baholandi.
“Tottenhem” – “Donkaster” 3:0
Gollar: Palinya (14), Makgrat (avt. 17), Jonson (90+4).
Tottenhem: Kinski, Porro, Palinya, Danzo, Spens (Udodji, 75), Grey, Bentankur, Simons (Bergvall, 61), Jonson, Tel (Uilyams-Barnett, 87), Odober (Risharlison, 61).
Donkaster: Loulor, Nikson, Grean, Makgrat, Sinior, Beyli, Sbarra (Kryu, 75), Klouz (Gotts, 74), Olusanya (Xenlen, 61), Adjai (Molino, 61), Middlton (Gibson, 75).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring