Maʼnaviyatsiz madaniyatning puch yongʻoqdan farqi yoʻq
Bugun maʼnaviyat haqida, uning maʼno-mazmuni, hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati haqida koʻp va xoʻp gapiramiz. Lekin negadir aksariyat hollarda koʻpchilik maʼnaviyat oʻzi nima, degan savolga aniq va loʻnda javob berishga qiynaladi. Vaholjnki, “maʼnaviyat” va “madaniyat” soʻzlariga har qadamda duch kelamiz.
Jamiyatdagi maʼnaviyat va madaniyat atamalari oʻzaro bogʻliq tushunchalar boʻlib, ularning birini ikkinchisidan ayricha qabul qilish toʻgʻri boʻlavermaydi. Insonning jamiyatdagi oʻrni ham uning moddiy boyliklari bilan emas, balki yuksak maʼnaviy qiyofasi bilan belgilanadi. Zero, maʼnaviyat har qanday davr, har qanday jamiyatda ham insoniyatning birlamchi va asosiy ehtiyoji boʻlib keladi, unga hamisha zarurat seziladi.
Tan olish kerak, yoshlar maʼnaviyatini turli madaniy va maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish bilan oʻstirib boʻlmaydi. Ota meros anʼanalarni, qadriyatlarni yoshlar qalbiga singdirish katta avlodning vazifasi. Shu bois, oilada ota-onaning, taʼlim muassasalarida oʻqituvchining har bir qadami yoshlar uchun ibrat, maʼnaviy targʻibot boʻlishi kerak. Buning uchun avvalo, yoshlarga tarbiya beradigan kattalarning oʻzi maʼrifatli boʻlishi lozim.
Bola asosiy tarbiyani oilada olgani uchun u ota-onasi qilgan ishni qiladi yoki ular aytganini qaytaradi. Har bir oilada oʻzgacha tarbiya mavjud boʻlgani sababli bolalarning tarbiyasi ham bir-birinikiga oʻxshamaydi. Ammo hamma ota-ona, oʻqituvchilar ham yoshlarga oʻrnak boʻlarli maʼnaviyatga ega, deb aytish qiyin.
Axir uyda ota-onasining kitob oʻqiganini koʻrmagan, oʻqituvchisining adolatsizligini koʻrib voyaga yetayotgan yosh yigit-qiz maʼnaviyatni kimdan oʻrganadi?! Ayni paytda maʼnaviy targʻibot ishlarida yoshlarga eʼtibor qaratilyaptiyu, lekin ularning tarbiyasi bilan doimiy shugʻullanishi kerak boʻlgan kattalar bu ishlardan chetda qolib ketayotgandek, goʻyo.
Kino — sanʼatmi, yoki biznes?!
Mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida madaniyat xodimlari hamisha jamiyatning eng oldingi saflarida boʻlishi, oʻz pozitsiyasi bilan odamlarni ezgu maqsad va marralar sari boshlashi kerak. Toʻgʻri, sanʼatkorlarimiz oʻrtasida zamon bilan hamnafas ijod qilib, boshqalarga oʻrnak va namuna koʻrsatayotgan fidoyilari koʻp.
Ammo bugungi kunda madaniyat sohasida tijoratlashuv, shaxsiy manfaatning birinchi oʻringa chiqayotgani kishi dilini xira qiladi. Koʻpchilik sanʼatkorlar masʼuliyatni unutib, oʻz ustida ishlamay qoʻygan. Shu sababli bugun televideniye orqali berilayotgan baʼzi klip va kinolarni oila davrasida tomosha qilib boʻlmaydi. Ochiq-sochiq kiyingan yoshlarni koʻrib, nahotki shular ham oʻzbek qizlari, yigitlari boʻlsa, deb oʻylab qolasan kishi.
Fikrimizcha, bu hozirgi vaqtda madaniyat va sanʼat muassasalarida faoliyat yuritayotgan kadrlarning aksariyati oliy maʼlumotga ega emasligidan. Shu jihatdan ular teleekranda ham, sahnada ham iboli, hayoli, haqiqiy oʻzbek qizining qiyofasini, chinakam obrazini yaratib berolmaydi. Yurish-turishi, kiyinish madaniyati, muomalasi bilan boshqalarga, eng avvalo, yoshlarimizga oʻrnak boʻlolmayapti.
Nima ular odamlar koʻryaptiku, tomoshabin kulsa boʻldida, deya bachkana mavzulardagi kinolarni olaveradimi, maʼno-mazmun yoʻq tuturiqsiz soʻzlarni tizib, qoʻshiq qilib kuylayveradimi? Nima ularni hech bir tashkilot yoki idora nazorat qilmaydimi? Bunday holatlar yana qachongacha davom etaveradi? Axir bugungi davr odamlarning koʻzini ochadigan, mudragan qalblarni uygʻotadigan, hayotga, Vatanga muhabbatini oshiradigan kinolarni, qoʻshiqlarni yaratishni taqozo etmoqdaku!
Agar “ommaviy madaniyat” tahdidi faqat chetdan – Gʻarbdan kirib kelyapdi, desak, yanglishamiz. Bu balo, afsuski, oʻzimizdan, oʻz oramizdan ham chiqishi mumkin. Sababi yurtimizda suratga olinayotgan baʼzi klip va kinolarni, efirga berilayotgan qoʻshiq va raqslarni kuzatib, sogʻlom fikrlaydigan har qanday odam shunday xulosaga kelishi tabiiy. Taassufki, taniqli sanʼatkorlar ham mana shunday kinolarda turli bachkana rollarni ijro etmoqda.
“Oʻzingga yarashmagan ishni qilma”
Xalqimizda oʻzingga yarashmagan ishni qilma, degan ibora bor. Sababi oʻziga yarashmagan ishni qilgan odam uyatga, malomatga qoladi. Ayni paytda toʻylarimizda urfga aylanib ulgurgan “ommaviy madaniyat” koʻrinishidagi allaqanday qiliqlar milliy qadriyatlarimizga yot, oʻzligimizga yarashmaydigan bemaʼni xatti-harakatlar, xolos.
Toʻgʻri, toʻylardagi isrofgarchiliklarning oldini olish borasida oʻtgan yillar davomida koʻpgina tadbirlar, tushuntirish va targʻibot ishlari olib borildi. Biroq guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, ayrim shaxslar odamlarning gʻashiga tegadigan darajada toʻy va marosimlarni meʼyoridan oshirib yuborishayotgani ham bor gap. Ming afsuski, ular mahalla bilan hisoblashmay qoʻyishdi.
Axir “toʻy qilaman”, deb qimmatli umrini pul yigʻish bilan oʻtkazish oʻrniga farzandlarining bilim olishi uchun sharoit yaratsa, oilasida kutubxona tashkil etsa yaxshi emasmi?! Rus adibi Anton Chexovning “Oʻzimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitobdan minnatdorman” degan soʻzlarida ham adabiyot kitoblaridan olgan tarbiyasini nazarda tutgan boʻlsa, ajabmas. Boisi yoshlarda bolalik chogʻidan kitobga mehr uygʻotish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish ularning hayot yoʻllarida mustahkam zamin boʻladi.
Prezidentimiz 2019-yil 19-mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aholi, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish masalasiga toʻxtalib, har bir rahbar oʻzining shaxsiy kutubxonasidan oʻzi taʼlim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovgʻa qilsa, bu yaxshi tashabbus boʻlib kitobxonlikni rivojlantirish bilan farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatishini taʼkidlagan edi.
Bugun davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan bu amaliy tashabbus eng avvalo, oʻsib kelayotgan yoshlarda bolalik chogʻidan kitobga mehr uygʻotish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish, ularning hayot yoʻllarida mustahkam zamin boʻlib xizmat qilayotir. Zero, maʼnaviy ozuqa olishning, chin inson boʻlib yetishishning birdan bir yoʻli bu kitob mutolaasi hisoblanadi. Boshqacha aytganda, inson kamoloti va bilimining manbai kitob bilan bogʻliq.
Bolaning maʼnaviy tarbiyasidan ota-ona qanchalik manfaatdor boʻlsa, davlat ham ulardan kam foyda koʻrmaydi. Faqat ota-ona oʻz farzandini oʻylasa, davlat uchun barcha bola aziz va ularning maʼnaviy barkamol boʻlib voyaga yetishini istaydi. Zero, bugun maʼnaviyatni oʻrgangan bolalar ertaga ulgʻayib, maʼnaviyatli jamiyatni barpo etishadi.
Xulosa shuki, maʼnaviyatsiz madaniyat puch yongʻoq, sunʼiy madaniyat boʻlib qoladi. Shunday ekan, bugun yurtimizda milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish, yangi Oʻzbekistonning yangi tarixini yaratish yoʻlida izchil islohotlar olib borilayotgan bir paytda, maʼnaviyatsizlikka intilishga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Nodir ABDUVALIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- “Real Madrid” alamli tarzda magʻlubiyatga uchradi
- Milliy terma jamoaning JChdagi oʻyinlari qachon va qayerda oʻtishi maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring