Maʼnaviyat ummonidan sakkizta noyob marvarid

12:03 12 Sentyabr 2023 Madaniyat
4751 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Adabiyotimizning ulkan vakillaridan biri, atoqli adabiyotshunos olim, mohir adib va tarjimon, jonkuyar publitsist Ibrohim Gʻafurov timsolida men butun ongli hayotini milliy maʼnaviyatimiz ravnaqiga baishlab kelayotgan fidoyi shaxs, halol va kamtarin insonni koʻraman.

Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yaqinda nishonlangan Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi bayramiga yangi va rang-barang, moddiy, maʼnaviy, maʼrifiy tuhfalar juda koʻp boʻldi. Oʻzbekiston Qahramoni, taniqli olim va adib, adabiyotshunos, mohir tarjimon Ibrohim Gʻafurovning “Asarlar/Adabiyot dunyosi: sakkiz jildlik toʻplami” shular jumlasidan.

Mutolaa

Taniqli adabiyotshunos naqd yarim asrdan beri oʻzbek adabiyoti jarayonlarini teran tahlil, tadqiq va talqin etib keladi. Badiiyatda haqqoniylik hamda insoniylik, adolat va milliy oʻziga xoslik, ilmiylik hamda xolislik prinsiplarining namoyon boʻlishi holatlarini kuzatadi.

Shu maʼnoda, ustozning maʼnaviyat ummonidan noyob marvaridlardek ushbu sakkizta kitobi qoʻliga yetib borgan har bir oʻzbek kitobxoni koʻnglidan, dastavval, Yurtboshimizning quyidagi eʼtirofi kechgan boʻlsa ajab emas: “Ibrohim Gʻafurov oʻzining beqiyos ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan el-yurtimizga juda katta xizmat qilgan ulugʻ zamondoshimizdir. Ishonamanki, u kishi bundan keyin ham oʻzining yangi-yangi, goʻzal va barkamol asarlari bilan barchamizni, butun xalqimizni xushnud etadi”.

Behalovat soʻz zargari

Ustoz Ibrohim Gʻafurov haqida soʻz borganda, Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan faxriy unvonlar, orden va medallarga sazovor boʻlgan bir guruh yurtdoshlarimizga Koʻksaroyda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ushbu mukofotlarni topshirish marosimi boʻlib oʻtganini maroq va iftixor bilan eslayman.

Davlatimiz rahbari oʻshanda taniqli adabiyotshunos olim va mohir tarjimon, mashhur adib va mehribon murabbiy Ibrohim Gʻafurovga “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni guvohnomasi va “Oltin yulduz” medalini shaxsan taqdim etar ekan, jumladan, shunday dedi:

— Men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan doʻst edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik. Erkin akaning bir gaplari boʻlar edi: “Agar oʻzbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan soʻrash kerak”, derdi. Ibrohim aka milliy adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi.

Bu yuksak eʼtirof Ibrohim aka asarlari sakkiz jildligining birinchi jildi ilk sahifalarida ham aks etgan. Kitobga “Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov haqidagi fikrlari” nomli kirish soʻzi berilganining oʻziyoq ushbu yangi nashr mohiyati va ahamiyati yangi Oʻzbekiston gʻoyasiga mutanosib ravishda nechogʻli salmoqdor ekanligini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Binobarin, soʻnggi yillarda Millat Sardori rahnamoligida Oʻzbekiston davlati va oʻzbek xalqi hayotning turli sohalarida erishgan ulkan yutuqlarda Ibrohim Gʻafurovning ham oʻziga xos hissasi bor. Ustoz bu haqda maqtanishni istamaydi, xolos. Chunki Ibrohim aka butun hayoti mehnat ichida oʻtgan el-yurtning fidoyi bir ziyolisi, kamtarin va halol inson. Barcha ustozlari kabi milliy maʼnaviyat va maʼrifat ravnaqi yoʻlida tinim bilmay izlanadi. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, “Ibrohim Gʻafurov butun hayoti davomida xuddi Zahiriddin Muhammad Bobur kabi behalovat yashab, ilm-u ijod qilib kelayotgan noziktaʼb soʻz zargaridir”.

Avvalambor, Ibrohim aka “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Milliy tiklanish” gazetalarida ishlagan kezlarida ushbu davriy nashrlarning ravon tili, maqbul sifati va yuksak saviyasidan gazetxon sifatida hamisha koʻnglim toʻlgan. Ustoz turli nashriyotlarda xizmat qilganlarida ham kitobsevar xalqimizga yuksak saviyali adabiy-badiiy asarlar taqdim etishga intilib kelgan.

Eʼtiborli jihati, xuddi shu davrda ustoz nafaqat ijodiy, balki ilmiy sohada ham peshqadamlik koʻrsatadi. Yaʼni 1973-yili “Maqsud Shayxzoda lirikasi” mavzuida Salohiddin Mamajonov rahbarligida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasi uchun dissertatsiya yoqlaydi.

Kamina Ibrohim Gʻafurovning ilmiy-ijodiy va badiiy muharrirlik faoliyati bilan yoshligimdan, salkam ellik yildan buyon yaxshi tanish boʻlsam-da, oʻzaro yaqin munosabatlarimiz Oliy Majlis deputatlari sifatida 1999 — 2008-yillardagi qonun ijodkorligi jarayonlari bilan bevosita bogʻliq. Ibrohim aka bilan oʻn yildan ortiq vaqt mobaynida bitta binoda, yondosh ish kabinetlarida qonun ijodkorligi faoliyati bilan shugʻullanganimiz menga faxr-iftixor bagʻishlaydi.

Oʻsha davrda Ibrohim aka mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining huquqiy asoslarini mustahkamlash yoʻlida ulkan xizmat qildi. Ayniqsa, qonunlarimizning tili ravon, ifoda uslubi aniq va tushunarli boʻlishini taʼminlashda oʻzining chuqur, qamrovdor bilimi va katta amaliy tajribasi bilan munosib hissa qoʻshdi.

Ibrohim Gʻafurov nafaqat davlat arbobi, balki jamoat arbobi sifatida ham jamiyatimiz ravnaqida oʻz inʼikosini topgan ezgu xizmatlari bilan faxrlansa arziydi. Gap shundaki, Ibrohim aka “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining yetakchisi sifatida ushbu siyosiy partiyaning shakllanishi, oyoqqa turishi, yuksak huquqiy maqomga — parlament partiyasi darajasiga erishishi yoʻlida astoydil jonbozlik koʻrsatdi.

Ibrohim akaning deputat, siyosiy yetakchi, bosh muharrir sifatida olib borgan samarali faoliyati, shubhasiz, meni doim hayron qoldirgan. Ayni chogʻda shunday tigʻiz ijtimoiy-siyosiy kun tartibiga qaramay, u kishi adabiyotshunoslik, tarjimonlik va tarjimashunoslik sohalari bilan bogʻliq qizgʻin ijodiy jarayonlardan hech qachon uzilib qolmagani, aksincha, hamisha oʻz asarlari bilan adab-u maʼrifat ummonining dargʻalaridan biri boʻlib kelayotgani hayratimni yanada oshiradi.

“Joziba” — birinchi jild

Ibrohim Gʻafurovning “Asarlar/Adabiyot dunyosi: sakkiz jildlik toʻplami”ning birinchi jildi “Joziba” deb nomlangan. Ushbu kitobdan ustoz oʻz adabiy-tanqidiy faoliyatiga kirishgan ilk davrda — 1960 — 1970-yillarda yozilgan va nashr etilgan uch adabiy-tanqidiy risola joy olgan.

Bu oʻrinda, avvalo, Ibrohim akaning adabiyotshunos maqomidagi ilk kitobi — 1964-yilda chop etilgan “Goʻzallikning olmos qirralari” risolasi haqida soʻz bormoqda. Risolaga muallifning adabiy oʻylar tarzida bitilgan 18 ta maqolasi jamlangan.

Muallif ayni risolasida adabiyotning jozibasi, goʻzallik qirralari nimalarda namoyon boʻladi, degan savollarga javob izlagan. Bu adabiy-tahliliy jarayonda goh Sadriddin Ayniy va Gʻafur Gʻulom kabi oʻzbek adabiyoti namoyandalari asarlariga murojaat etsa, goh jahon adabiyoti va sanʼati vakillari — rus ziyolilaridan musavvir Karl Bryullov, yozuvchi Leonid Leonov, teatr rejissyori Konstantin Stanislavskiy, jurnalist va jamoat arbobi Vladimir Korolenko, shoir va tarjimon Valeriy Bryusov, yozuvchi va pedagog Anton Makarenko, shuningdek, fransuz yozuvchilari Fransuaza Sagan va Jannina Vorms, nemis faylasufi Fridrix Nitshe asarlariga murojaat qilgan.

Keyingi risola “Joziba” deb nomlangan boʻlib, u 1970-yilda nashr etilgan. Risolaga olimning 30 ta adabiy badiasi kiritilgan. Ushbu badialarda oʻsha davr sheʼriyatining muammoli nuqtalari haqida soʻz yuritilgan. Adabiyotshunos oʻz adabiy qarashlarini ilgari surar ekan, shaxs va muhit oʻrtasidagi uygʻunlikka alohida eʼtibor qaratgani juda muhim.

“Joziba” kitobidan oʻrin olgan oxirgi risola “Oʻnar soʻz” 1973-yilda nashrdan chiqqan. Unda oʻzbek sheʼriyati, nasri va jahon adabiyotiga doir 23 ta adabiy maqola berilgan. Oʻzbekiston yoshlar mukofoti bilan taqdirlangan ushbu risolada muallif soʻzlarda inson tafakkurining alangasi boʻladi, deya qabul qiladi va adabiyot dunyosidan mana shunday yonar soʻzni izlaydi.

“Yurak — alanga” — ikkinchi jild

Ushbu jildda 1970 — 1980-yillarda yozilgan va nashr etilgan uchta risola jamlangan. Bu oʻrinda Ibrohim akaning “Yam-yashil daraxt”, “Yurak — alanga”, “Lirikaning yuragi” nomli adabiy-tanqidiy risolalari haqida soʻz bormoqda.

Avvalo, 1976-yili chop qilingan “Yam-yashil daraxt” risolasida munaqqid oʻsha davr oʻzbek nasrida aks etgan zamonning burilish nuqtalarini tadqiq qiladi. Bunda Oybek, Sharof Rashidov, Abdulla Qahhor, Nazir Safarov, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Oʻlmas Umarbekov, Said Ahmad, Nosir Fozilov, Mashrab Boboyev kabi taniqli yozuvchilar bilan bir qatorda ilk adabiy mashqlari eʼlon qilingan yosh nosirlar asarlaridagi adabiy qahramonlar dunyo yozuvchilarining mashhur asarlari obrazlari bilan qiyosan oʻrganilgani eʼtiborga sazovor.

Ibrohim Gʻafurovning “Yurak — alanga” kitobi dastavval 1976-yili nashr etilgan. Bu asarda, shuningdek, “Yam-yashil daraxt” va “Lirikaning yuragi” risolalarida oʻzbek sheʼriyatidagi Hamza, Oybek, Hamid Olimjon, Gʻafur Gʻulom, Zulfiya, Hamid Gʻulom, Mirtemir, Maqsud Shayxzodadan tortib, toki oʻsha davr yoshlari — Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Jamol Kamol, Halima Xudoyberdiyevagacha boʻlgan butun adabiy avlodlar zanjirining adabiy faoliyati haqidagi tasavvur va tushunchalar toʻliq ifodalab berilgan.

Ilk bor 1982-yili nashrdan chiqqan “Lirikaning yuragi” risolasida muallif oʻsha davr yosh shoirlarini Prever, Lorka, Nozim Hikmat, Elyuar, Ritsos, Blok, Ziyedonis kabi dunyoga mashhur shoirlar bilan ijodiy bellashishga chorlaydi. Mazkur asar sheʼriyatni, uning tarixini — gʻoyalar va qahramonlarning oʻzgarish, oʻsish tarixi sifatida tadqiq etilishi nuqtayi nazaridan adabiy jamoatchilik eʼtiborini qozongan.

“Sheʼriyat — izlanish demak” — uchinchi jild

XX asrning 50 — 60-yillaridagi oʻzbek sheʼriyatini jahon sheʼriyati bilan qiyosan oʻrganish asnosida Ibrohim oʻafurov ayni mavzuda kelgusida koʻplab ilmiy-adabiy tadqiqotlar uchun keng yoʻl ochdi, deb eʼtirof etadi soha mutaxassislari. “Sheʼriyat — izlanish demak” deb nomlangan uchinchi jild ustozning xuddi shu mazmundagi ikki kitobidan iborat.

Aynan “Sheʼriyat — izlanish demak” nomli dastlabki kitob 1984-yili nashr etilgan. Monografiya maqomidagi ushbu tadqiqotda oʻzbek lirik sheʼriyati va uning taraqqiyot omillari birinchi marta chuqur ilmiy tahlil qilingan va milliy sheʼriy tafakkur yangilanishlari atroflicha oʻrganilgan.

Oʻz navbatida, uchinchi jildga “Prozaning shoiri” kitobi ham kiritilgan. Bu asar 1981-yili nashrdan chiqqan va unda Said Ahmad prozasi tadqiq etilgan. Oʻzbek nasrining ushbu yirik namoyandasi ijodi namunalari Anton Chexov, Edgar Po, Stefan Sveyg, Prospyer Merime adabiy olamlari bilan qiyoslangani oʻsha davr adabiyot muxlislari va mutaxassislarini befarq qoldirmagan.

“Dil erkinligi” — toʻrtinchi jild

Ibrohim Gʻafurov oʻz ilmiy-adabiy faoliyatining oʻttiz yilligini “Oʻttiz yil izhori” nomli kitobi bilan kutib oladi. 1987-yili nashr etilgan bu asar adabiyot muxlislari uchun mutlaqo yangi muallif dunyolarini ochib beradi. Kitobdagi adabiy oʻylar va maqolalarda Alisher Navoiy siymosi Ibrohim akaning tadqiqotlarida alohida bir katta tarmoq hisoblanishi yorqin namoyon boʻlgan. Muallif kitobxonni hazrat Navoiy dunyolariga sodda, tiniq, hissiy tushuntirishlar bilan olib kirishga intilgan.

Ushbu asar, olim oʻz taʼbiri bilan aytganda, adabiyotshunoslikni oʻyshunoslikka yaqinlashtirdi. Natijada “Dil erkinligi”, “Hayo — xaloskor”, “Mangu latofat”, “Parivashlar majlisi”, “Oltin qoziq”, “Mehr quyoshi” nomli mansuralar, esselar, nasriy dostonlar dunyo yuzini koʻrishiga yoʻl ochildi. Ushbu kitoblarning ayrimlarida mumtoz adabiyotimizda odamiylik va umuminsoniy qadriyatlarning aks etishi chuqur tadqiq qilingan boʻlsa, boshqa birida adabiy avlodlarning maydonga kirib kelishi, adabiyotdan mustahkam oʻrin olishi haqida keng mushohada yuritilgan.

Xususan, Ibrohim akaning 1998-yili chop etilgan “Dil erkinligi” nomli kitobi 1991-yilgi “Iltijo” nomli ilk mansuralar kitobining izchil davomi. Undan oʻnlab hikoya, mansura, badia va adabiy maqolalar oʻrin olgan.

Darvoqe, “Oʻttiz yil izhori” va “Dil erkinligi” nomli kitoblar birgalikda Ibrohim Gʻafurov sakkiz jildlik toʻplamining toʻrtinchi jildini tashkil etgan.

“Hayo — xaloskor” — beshinchi jild

Beshinchi jilddan muallifning 2006-yili nashrdan chiqqan “Hayo — xaloskor” kitobi joy olgan. Bu asar, soha mutaxassislarining fikricha, toʻrt kitobdan iborat “Hayo — xaloskor”, “Mangu latofat”, “Parivashlar majlisi”, “Oltin qoziq” nomli mansuralar, esselar, nasriy dostonlar, adabiy suhbatlar koʻpjildligining birinchisi sanaladi.

Kitob muallifning “Tarjimai hol chizgisi” nomli kirish soʻzi bilan boshlangani mantiqan asosli. Zero, istiqlol Ibrohim Gʻafurovning hayot va ijod yoʻlidagi eng muhim yuksalish bosqichini boshlab berdi. Muallif taʼkidlaganidek, “Adabiyot bizning jamiyatimizda mustaqillik, erkinlik, millatning tiklanishi, qadriyatlarining kamol topib borishiga koʻmaklashadi. U millatning oʻz-oʻzini bilish, anglash va hissiy kamol topishida juda muhim vositadir”.

“Mangu latofat” — oltinchi jild

Oltinchi jildga muallifning 2008-yili chop etilgan “Mangu latofat” kitobi kiritilgan. Shuni taʼkidlash joizki, Ibrohim aka “mangu latofat” deganda, insoniylikning “umurtqasi” boʻlgan hayo va axloqni nazarda tutadi.

Kitob “Millatning billurlanishi”, “Adiblar gulshani”, “Axloqni sogʻinish. Hayo — xaloskor” mavzuidagi uchta yirik qismdan iborat. Oʻnlab mansura, esse, nasriy doston va adabiy suhbatlarda millatning tugʻilishi, shakllanishi, milliy ongning uygʻonishiga doir kuzatishlar aks etgan. Adibning ana shu samimiy qalb izhorlari, shubhasiz, kitobxonni fikr va faoliyat dunyolariga oshno qiladi.

“Parivashlar majlisi” — yettinchi jild

Ibrohim akaning ayni nomdagi kitobi dastlab 2013-yili nashrdan chiqqan. U ikki qismdan iborat: “Parivashlar majlisi” nomli birinchi qism mansuralardan iborat boʻlsa, “Yor aksi” nomli ikkinchi qism badialardan tashkil topgan boʻlib, ularda oʻzbek va jahon adabiyoti namoyandalari haqida soʻz boradi. Ushbu kitobni Ibrohim Gʻafurov betakror uslubi va tafakkur mavjining oʻziga xos ilmiy-badiiy koʻzgusi, deyish mumkin. Shu maʼnoda, yettinchi jildni “Parivashlar majlisi” nomli kitob tashkil etgani bejiz emas.

“Oltin qoziq” — sakkizinchi jild

Sakkizinchi jild muallifning 2013-yili chop etilgan “Oltin qoziq” nomli kitobidan iborat. Unda fikrga toʻyingan mansuralar, esselar, hayot, adabiyot, kitob hamda kitobxonlik borasidagi adabiy oʻylar, suhbatlar, oʻzbek sheʼriyati, nasri, jahon adabiyotiga doir adabiy maqolalar oʻz mujassamini topgan.

Ustoz Ibrohim aka “iqraa-a” ilohiy paygʻomi asosidagi “oʻqi” soʻzini koinotda insoniyatga yoʻl koʻrsatib turguvchi “Oltin qoziq”, yaʼni Qutb yulduziga oʻxshatadi. Shu nuqtayi nazardan, muallif oʻz kitobxonlariga: “toʻgʻri yoʻl tabiatdan, tabiatning Oltin qozigʻidan chiqadi. Avvalo, odamlar, fikrimizni toʻgʻrilab olaylik, isteʼdodlar sohalarga aylansin, har bir odam bir foydali ixtisos egasi boʻlsin, odamzodga foyda yetkazsin”, deya xitob qiladi.

Kutilajak yana 12 ta jildning xushxabari

Sakkiz jildlik toʻplamning birinchi jildidagi soʻzboshidan ustoz qalamiga mansub yana 12 jild nashrga tayyorlanayotgani xabarini oʻqib, nihoyatda mamnun boʻldim. Maʼlum qilishlaricha, Ibrohim aka asarlarining 9-jildi tarjima tanqidiga oid 2008-yili chiqqan “Tarjima — aql va yurak mehnati” risolasi hamda 2017-yili nashr etilgan “Ayyub nidosi” nomli tarjima asaridan iborat boʻladi.

Shuningdek, 10 — 20-jildlarga Ibrohim Gʻafurov tarjima asarlari hisobidan tartib beriladi. Bu oʻrinda, albatta, mohir tarjimonimizning eng qadimgi davrdan to XX asr oxirigacha yaratilgan jahon adabiyoti eng sara namunalaridan qilgan tarjimalari haqida soʻz bormoqda.

Tarjima — maʼrifat qoʻniroi, deydilar. Rostdan ham, tarjimaning maʼrifat tarqatish borasidagi ahamiyati beqiyosdir. Tarjima, avvalo, turli tilda soʻzlashuvchi xalqlarni yaqinlashtirishga, bir-biridan oʻrganishga, ularning doʻstligi va hamkorligiga xizmat qiladi.

Ibrohim Gʻafurov jahon adabiyotining nodir asarlari — E. Xemingueyning “Chol va dengiz” qissasi hamda “Alvido, qurol” romanini, G. Markesning “Buzrukning kuzi”, J. Joysning “Uliss”, Nozim Hikmatning “Surur” romanlarini oʻzbek tiliga oʻgirganini alohida qayd etish lozim. Shuningdek, Chingiz Aytmatov qalamiga mansub “Qiyomat” (“Kunda”), “Qulayotgan tolar” romanlari va “Chingizxonning oq buluti” qissasi Ibrohim akaning tarjimasida milliy adabiyotimiz xazinasidan joy oldi.

Olim “Panchatantra” nomli besh dostondan iborat hind eposi va Konfutsiy hikmatlarini, F. Nitshening “Zardoʻsht tavallosi” nasriy dostonini, Sartr, Folkner, Edgar Po, V. Rasputin, A. Soljenitsin kabi jahon adabiyoti namoyandalari qalamiga mansub qissa va hikoyalarni ham maroq bilan ona tilimizga oʻgirib, oʻzbek kitobxonlariga tuhfa etdi.

Olis tarix shundan dalolat beradiki, Sharq xalqlari adabiyotida badiiy mahorat darajasining yuksakligi, odatda, ijodkorning xamsachilik, yaʼni “Xamsa” yozish bilan bogʻliq dostonnavislik anʼanasini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi asosida baholangan. Gʻarbda, xususan, nasroniylik dunyosida esa yozuvchi ijodining zabardastligini belgilashda “Besh buyuk kitob” (“Bibliya”ning dastlabki beshta kitobi misolida) tamoyilidan kelib chiqiladi.

Shu maʼnoda, Fyodor Dostoyevskiy “Besh buyuk kitob” — “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Qimorboz” (boshqa roʻyxatlarda — “Oʻsmir”), “Iblislar” va “Aka-uka Karamazovlar” romanlarini yaratgan iqtidorli muallif sifatida nafaqat rus adabiyoti, balki jahon adabiyotida oʻz yuksak oʻrni hamda mavqeiga ega yozuvchi hisoblanadi.

F. Dostoyevskiyning “Besh buyuk kitob” turkumiga kirgan mashhur romanlarining barchasi birinchi boʻlib nemis tiliga oʻgirilib, keyin Yevropaning boshqa tillariga tarjima qilingan. Ammo bu turkum Vilgelm Volfson yoki boshqa nemis tarjimonlari tomonidan ham haligacha toʻliq tarjima qilinmagan.

Bu yuksak marrani birinchi boʻlib zabt etish fransuz tarjimoni Andre Markovichga nasib qilgan. A. Markovich oʻn yildan koʻproq vaqt oraligʻida — 1991 — 2002-yillarda Dostoyevskiyning “Besh buyuk kitob” turkumiga kirgan mashhur romanlarini fransuz tiliga toʻliq oʻgirgan.

Oʻzbekiston vakili — Ibrohim Gʻafurov Fyodor Dostoyevskiy qalamiga mansub “Besh buyuk kitob” tarkibiga kirgan romanlarning barchasini toʻliq tarjima qilishga musharraf boʻlgan dunyodagi ikkinchi solih tarjimondir.

Shu bilan birga, Ibrohim aka nafaqat mashhur adabiyotshunos, publitsist hamda tarjimon, balki yetuk va zukko tarjimashunos hamdir. Olimning 2008-yilda “Tarjimonlik mutaxassisligiga kirish” oʻquv qoʻllanmasi va 2012-yilda hammualliflikda “Tarjima nazariyasi” darsligi nashr etilgan. Bu asarlar mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlarining tarjimonlik fakultetlari talabalariga moʻljallangan boʻlib, oʻquv jarayonida qoʻl kelayotgani tahsinga loyiq.

Muxtasar aytganda, Ibrohim Gʻafurov asarlarining qoʻlimizga yetib kelgan sakkiz jildi ham, barcha adabiyotsevar muxlislar endi intiqlik bilan kutadigan yana 12 ta jild ham oʻzbek adabiyoti, jahon adabiyoti, tarjima sanʼatiga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasi uchun behad ardoqli maʼnaviy-maʼrifiy tuhfadir. Zero, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, Ibrohim aka “oʻz huzur-halovatidan kechib, bir umr odamlarga ilm-u ziyo, maʼrifat ulashib kelayotgan hassos soʻz sanʼatkoridir”.

Akmal SAIDOV,

akademik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер