“Maʼnaviyat festivali” barchani ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtiradi
Shiddat bilan oʻzgarib, xalqlarning mustahkam rivojlanishiga rahna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo boʻlayotgan bugungi kunda maʼnaviyat va maʼrifat, kelajak avlodning axloqiy tarbiyasi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maʼnoda mamlakatimizda qator sohalar singari maʼnaviyat va maʼrifat sohasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari qaysi kasb egalari bilan uchrashmasin, qaysi yoʻnalish istiqboliga qaratilgan videoselektor yigʻilishlarini oʻtkazmasin, doimo inson maʼnaviyati, kelajak avlod tarbiyasi toʻgʻrisida toʻxtalib, maʼnaviyat va maʼrifat masalasi barchaning ishi ekanligini taʼkidlamoqda.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati 2019-yil 3-maydagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorliginii oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, 2021-yil 19-yanvar kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishi, 2021-yil 26-mart kungi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Maʼnaviyat festivali”ni oʻtkazish yoʻlga qoʻydi.
2021-yil davomida “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” gʻoyasi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasida 7 ta, Fargʻona viloyatida 6 ta, Toshkent viloyatida 4 ta, Sirdaryo viloyatida 5 ta tuman/shaharda “Maʼnaviyat festivali” oʻtkazildi.
Festival doirasida 4-marta “Maqom kechasi” nomli konsert dasturlarida 10 ming dan ortiq aholi qamrab olindi. Shuningdek, yurtimizda ijtimoiy koʻmakka muhtoj, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oila vakillarini “Maʼrifat tur” loyihasi doirasida hududlardagi diqqatga sazovor joylar, qadamjolar va ziyoratgohlarga tashrifi amalga oshirildi.
Farzandlari turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori oʻrinlarni egallagan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida “Mening farzandim — Oʻzbekiston faxri!” shiori ostida 47 nafar yosh iqtidor egalariga diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, oʻndan ortiq “Hunarmandchilik koʻrgazmalari”, milliy anʼanalarimiz, maʼnaviy merosimizni asrab-avaylash, oʻsib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalash maqsadida 110 ta mahalla va ovullarda 20 dan ortiq kino namoyishi oʻtkazildi. Samarqand shahri Registon maydonida “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans sari!”, Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida “Yangi oʻzbekistonda Uchinchi Renessansga munosib poydevor yaratilmoqda” nomli respublika ilmiy konferensiyalari oʻtkazildi. Hududlarda “Maʼnaviyat festivali” doirasida oʻtkazilgan loyihalar aholi tomonidan iliq kutib olindi.
Joriy yil Davlat dasturiga koʻra, maʼnaviy-maʼrifiy sohada tayyorlanayotgan materiallarni aholiga zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda tezkor va sifatli yetkazishni taʼminlash, targʻibot-tashviqot ishlarining sifat va samaradorligini oshirish maqsadida har yili anʼanaviy tarzda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan “Yangi Oʻzbekiston — maʼrifatli jamiyat” shiori ostida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida “Maʼnaviyat festivali”ni yuqori saviyada oʻtkazish belgilandi.
Shunga asosan, Respublika ishchi guruhi tomonidan barcha hududlarda oʻrganish ishlari olib borildi. Festival oʻtkazishda har bir hududning ijtimoiy holati, oʻziga xos milliy anʼana va qadriyatlari hisobga olindi. Joylardagi ziyolilar, olimlar, nuroniylar, turli soha mutaxassislarning fikr-mulohazalari tinglanib, “Maʼnaviyat festivali” dasturini ishlab chiqishda bunga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galeriyasida “Maʼnaviyat festivali” Matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda maʼnaviyat fidoyilari, ziyolilar, olimlar, sanʼat arboblari, kino namoyondalari hamda hamkor vazirlik va idoralardan vakillar, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, yurtdoshlarimiz, avvalo, yoshlar qalbida amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, ular orasida oʻzaro mehr-oqibat, hamjihatlik, vatanparvarlik, shukronalik, tuygʻularini kuchaytirish, mahallalarda aholi kayfiyatini koʻtarish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Yangi Oʻzbekiston — maʼrifatli jamiyat” shiori ostida oʻtkaziladigan “Maʼnaviyat festivali” doirasida 14 ta hududda 18 ta ijtimoiy loyiha doirasida respublika boʻylab tadbirlarni amalga oshirish, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, adabiyot va badiiy ijod kabi soha vakillaridan iborat 500 nafar “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolarini jalb etish, bu orqali 3 mlnga yaqin aholini qamrab olish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, “Uchinchi Renessans – maʼrifatli jamiyat sari!” mavzusida konferensiya, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlikni keng targʻib qilishga qaratilgan “Maʼrifat ulashib”, “Qadrdon maktabimga kitob sovgʻa qilaman” aksiyalari, “Yangi Uygʻonish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi” shiori ostida kitob koʻrgazmalari, yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, “Maʼrifat soatlari”, boy maʼnaviy merosimiz, milliy anʼana va qadriyatlarimizni keng targʻib etish maqsadida “Milliy qadriyatlar” haftaligi, yurtimizda farzandlari turli sohalarda katta yutuqlarga erishgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori oʻrinlarni egallagan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida “Mening farzandim — Oʻzbekiston faxri!” shiori ostida respublika anjumani ham boʻlib oʻtadi.
Oʻzbek musiqa sanʼatining koʻp asrlik ijro yoʻllari, qadimiy tarixi, noyob sanʼatini keng targʻib qilish, aholi kayfiyatini koʻtarishga qaratilgan “Milliy qoʻshiqlar va maqom”, “Vatan madhi”, “Baxshilar tarannumida” nomli konsert dasturlari, mahallalarda sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, oilaviy ajrimlarni oldini olish, yoshlar tarbiyasiga masʼuliyatsiz qarash, erta nikoh kabi illatlarga barham berishni maqsad qilgan “Oila – maʼnaviyat qoʻrgʻoni” nomli psixologik suhbatlar, soha mutaxassislari ishtirokida amaliy mashgʻulotlari tashkil etiladi.
Shu bilan birga, yurtimizda imkoniyati cheklangan boʻlsada, foydali mehnat bilan shugʻullanib, jamiyatda munosib oʻrin topgan hamda oʻsib kelayotgan yosh avlodga oʻrnak boʻlayotgan yurtdoshlarimizning erishgan yutuqlarini targʻib etish maqsadida “Inson qadri” shiori ostida ijtimoiy roliklar tayyorlanadi va “Mehr muruvvat va saxovat” tadbirlari, «Ziyolilar forumlari”, jismonan sogʻlom avlodni shakllantirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida turli sport yoʻnalishlari boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy tizimda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar oʻrtasida “Maʼnaviyat kubogi” sport musobaqalari oʻtkaziladi.
Shuningdek, festival doirasida “Ziyolilar forumi” oʻtkazilishi ham belgilangan boʻlib, bu orqali jamiyatda uzluksiz maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va targʻibot tashviqot ishlarini tashkil etishning kreativ va innovatsion usullari hayotga tatbiq etish, milliy maʼnaviyatimizni rivojlantirish, joylardagi targʻibotchilarni jamiyatdagi oʻrni va nufuzini, gʻoyaviy- targʻibot ishlarni zamon talablariga mos ravishda amalga oshirishga erishish rejalashtirilgan.
Festival doirasida Oʻzbekiston qahramonlari ishtirokida “Oʻzbekiston Qahramonlari” hamda “Maʼnaviyat. Asosiy tushunchalar lugʻati” kitoblarining taqdimoti ham tashkil etiladi. Aytish kerakki, yurt ravnaqi uchun xizmat qilgan, bor kuch-imkoniyatlarini Vatan taraqqiyoti uchun safarbar etgan ajdodlarimiz avlodlar uchun hamisha katta ibrat boʻlib kelgan. Shu boisdan ham bu kabi uchrashuvlar yosh avlod qalbida ilmga tashnalik, har bir islohotga daxldorlik hissini oshirishga sabab boʻlishi shubhasiz.
Yillar davomida shakllangan xalqimizning milliy taʼlim-tarbiya uslublari, oʻzbekona oila modeliga asoslanib bolalarning maʼnaviy dunyosini boyitish, odob-axloq qoidalariga amal qilishni oʻrgatishga qaratilgan “Zukko Bolajon!” nomli fotoalbomni hududlardagi Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida keng targʻib etish va taqdimotlari oʻtkazilib, maktabgacha taʼlim tashkilotlari fotolabomda aks ettirilgan suratlar bilan bezash ishlari amalga oshiriladi. Festival doirasida bolajonlar uchun amalga oshiriladigan yana bir loyiha bu — “Baxtli bolalik sharafiga” loyihasi.
Mazkur loyiha davomida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning bolalari uchun konsert dasturlari hamda ularni qiziqtiradigan turli koʻngilochar oʻyinlar boʻlib oʻtadi.
Tadbir davomida oʻzbek milliy kulolchilik namunalari yoʻnalishida tashkil etilgan hunarmandchilik koʻrgazmasi ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan tadbirni tashkillashtirishda yaqindan koʻmak bergan tashkilotlarga tashakkurnomalar topshirildi.
“Xalq soʻzi”.
Hasan PAYDOYEV olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring