Maʼnaviy boyliklarimiz sarchashmasi

16:34 12 Noyabr 2024 Jamiyat
205 0

Gʻayrat OTAJONOV/“Xalq soʻzi”. Bugungi globallashuv davrida ijtimoiy hayot shiddat bilan oʻzgarib borayotgan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari barcha sohani qamrab olayotgan boʻlsa-da, kitob va gazeta-jurnallarni varaqlab oʻqishning zavqi oʻzgacha.

Insonni komillik sari yetaklaydigan kitob mutolaasi haqida gap ketganda, koʻz oldimizda kutubxonalar namoyon boʻladi. Prezidentimizning 2019-yil 7-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasining 15 ta tumanida axborot-kutubxona markazlari tashkil etilgan.

Markazimizda kitobxonlarga qulayliklar yaratish maqsadida 7 ta boʻlim va 5 ta sektor faoliyat koʻrsatmoqda, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Axborot-kutubxona markazi direktori Injigul Sharapova. — Tan olishimiz kerak, bugungi axborotlashgan davrda kitobxonni kutubxonalarga jalb qilish oson ish emas. Shu bois biz hududdagi barcha axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarining malakasini oshirib borish uchun “Metodistlar maktabi”, “Katalogizator maktabi”, “Bibliograf maktabi”, “Axborot-kutubxona fondlarini joylashtirish va saqlash” kabi onlayn va oflayn tarzda oʻquv mashgʻulotlari va seminarlar oʻtkazib kelamiz.

Oliy oʻquv yurtlari talabalari bilan birgalikda axborot-kutubxona muassasalarida 4 ta “Kitobxonlar klubi” tashkil etilgan. Ularda kitob koʻrgazmalari, davra suhbatlari, yangi kitoblar taqdimoti, koʻrik-tanlovlar va mutolaa kechalari singari tadbirlar oʻtkazib kelinadi.

Kitobxonlarning takliflari boʻyicha qaysi kitoblarga ehtiyoj borligiga aniqlik kiritilib, kutubxona jamgʻarmasi yangi adabiyotlar va vaqtli matbuot nashrlari bilan toʻldirib boriladi. Bu borada yosh kitobxonlarning qoraqalpoq tilidagi lotin imlosida nashr etilgan adabiyotlarga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqib, zarur adabiyotlar, bosma nashrlar bilan taʼminlanmoqda. Xususan, “Bilim”, “Qaraqalpaqstan”, “Ilim”, “Ilimpaz”, “Avangard”, “Jeti iqlim” “Jazыoʻshы”, “Nur turan print”, “Arial”, “Print darxan” “Golden print” kabi mahalliy nashriyotlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.

Axborot-kutubxona markazidagi zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalari tufayli kitobxonlarga elektron kitoblarni masofadan turib oʻqish imkoniyati yaratgan. Markazimizning (https://nukus.natlib.uz/) veb-saytida roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilarga elektron resurslar masofadan yetkazib berilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Axborot-kutubxona markazi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonaning dissertatsiya uchun moʻljallangan (https://diss.natlib.uz/qidirish?s) saytiga integratsiya qilingan boʻlib, oʻquvchilarimiz dissertatsiyalarni onlayn shaklda qidirish va oʻqishi mumkin.

Jamoat joylarida QR-kodlar yordamida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Axborot-kutubxona markazi elektron kitoblari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maxsus tablolarda joylashtirish va ularni mobil qurilmalarga yuklab olish va oʻqish imkoniyati yaratildi.

Mana bir necha yildirki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Axborot-kutubxona markazi hamda tumanlardagi axborot-kutubxona markazlari “Tashabbusli byudjet” loyihalarda ishtirok etib kelmoqda. 2022-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Axborot-kutubxona markazining “Tashabbusli byudjet”da 1 milliard 100 million soʻmlik loyihasi gʻolib boʻldi. Nukus, Chimboy, Taxiatosh, Kegeyli va Toʻrtkoʻl tumani axborot-kutubxona markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan 300-400 million soʻmlik loyihalari ham gʻolib deb topildi. Shuningdek, 2023-yilda Nukus tumani axborot-kutubxona markazi jamoasining 1 milliard soʻmlik loyihasi “Tashabbusli byudjet”da gʻolib boʻldi. Albatta, ushbu loyihalar asosida axborot-kutubxona markazlari fondlari adabiyotlar bilan boyitildi va zamonaviy texnika, mebel jihozlari bilan taʼminlanmoqda.

Mamlakatimizning boshqa hududlari singari Qoraqalpogʻistonda ham joriy yilning 21-25-oktyabr kunlari “INFOLIB OʻZBEKISTON – 2024” XIII Milliy axborot-kutubxona haftaligi oʻtkazildi.

— Kutubxonalarda tashkil etiladigan tadbirlar yozuvchilar uchun ham, kitobxonlar uchun ham birdek manfaatli, — deydi Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Allanazar Abdiyev. — Yurtimiz boʻylab oʻtkazilgan haftalik doirasida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Kenesboy Karimov boshchiligida hududlarda kitobxonlar ishtirokida tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etdik. Kitobxonlar bilan asarlardagi voqealar va qahramonlar haqida dildan suhbatlar uyushtirildi. Shuningdek, yozuvchi-shoirlarning yangi kitoblari taqdimotlari oʻtkazilib, axborot-kutubxona markazlariga kitoblar tuhfa etildi. Albatta, bu tadbirlar kutubxonalar fondini boyitishga ozgina boʻlsa ham hissa qoʻsha olsa, biz undan faqatgina xursand boʻlamiz. Kitobxonlar bilan oʻtkazgan ochiq muloqotlarimiz esa, yangi asarlar yozishga ilhom bagʻishlaydi.

Yosh avlod taʼlim-tarbiyasida kitobning oʻrni va ahamiyati muhim. Yoshlarni kitob mutolaasiga qiziqtirish uchun kutubxonalarning imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarur. Zero, kutubxonalar globallashgan zamonda ham maʼnaviyat va maʼrifat maskani boʻlib qolishi lozim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер