Maʼmuriy islohotlar doirasida taʼlim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda

13:44 10 Iyul 2024 Siyosat
144 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik toʻrtinchi yalpi majlisida “Maʼmuriy islohotlar doirasida taʼlim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Maʼlumki, keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan maʼmuriy islohotlar doirasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi, ushbu sohadagi bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi.

Ayni vaqtda bir qator respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining maʼmuriy islohotlar doirasida transformatsiya qilinishi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi funksiyalari va vazifalarining alohida vazirliklarga oʻtkazilishi, shuningdek Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining qayta tashkil etilishi ularning rasmiy nomlanishini va vakolatlarini aniqlashtirish uchun qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilishini talab etmoqda.

Mazkur Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlim agentligining nomlanishi va vakolatlari, shuningdek Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining nomlanishi aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlimni hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarini tashqi baholashning yangi tizimi joriy etilishini, kadrlarning malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlashni, shuningdek nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash boʻyicha vakolatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi oʻrtasida taqsimlanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, ushbu Qonun oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimini shakllantirishga, shuningdek davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan koʻrsatilayotgan taʼlim xizmatlarining sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?