Mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri

09:57 10 Yanvar 2025 Jamiyat
84 0

“Vatan – aziz, jasorat – mangu!” respublika tanlovi

Har bir insonning oʻz tugʻilgan goʻshasi, Vatani boʻladi. Va bu Vatan ona kabi aziz, muqaddasdir. Vatan – umrimiz maʼnosi, hayotimiz mazmuni, ajdodlarimiz abadiy qoʻnim topgan tuproq. Oʻz Vatanini sevgan inson to tanida jon bor ekan, uni balo-qazolardan asraydi, yovdan himoya qiladi. Oʻz tugʻilgan ostonasini gul-u gulzorga aylantiradi, ona-zamindan rizq topib, yaratuvchilik bilan shugʻullanadi. Zero, Vatanga xizmat qilish, uni qoʻriqlash, birovlarga qul boʻlib qolmaslik uchun mustaqilligimizni himoya qilish shu yurtda nafas olayotgan har bir insonning muqaddas burchi, asosiy maqsadi boʻlmogʻi kerak.

Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va bir qator tashkilotlar hamkorligida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining oʻttiz uch yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan eʼlon qilingan “Vatan – aziz, jasorat – mangu!” respublika tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tanlovda yuzga yaqin jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan 200 dan ziyod maqolalari, ijodiy ishlari bilan ishtirok etdilar.

Nufuzli hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra, OAV vakillarining jurnalistik materiallari – teleradio, bosma nashrlar va internet jurnalistikasi yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari boʻyicha 8 nafar ishtirokchi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Jumladan, bosma OAV yoʻnalishi boʻyicha harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi turkum materiallari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti –“Vatanparvar” Birlashgan tahririyati boshqarmasi boʻlim (harbiy-vatanparvarlik targʻiboti) katta ofitseri (katta muxbiri) Bobur Elmurodov, “Jadid” gazetasi “Jadidlar merosini oʻrganish” boʻlimi katta muharriri Shahriyor Ibragimov, Internet jurnalistikasi boʻyicha OʻzA sharhlovchisi Umidjon Qurbonov hamda “yuz.uz” internet sayti muxbiri Jonibek Alijonov, harbiy vatanparvarlik mavzusida yozilgan sheʼrlar boʻyicha “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Nasrullo Ergash, eng yaxshi hikoyalar boʻyicha bolalar yozuvchisi, rassom, tarjimon Gulnoz Tojiboyeva, shuningdek, OʻzMTRK Sirdaryo viloyati teleradiokompaniyasi Televideniye guruhi muxbiri Nigora Imomqulova “Vatanparvar” koʻrsatuvlari uchun Qoraqalpogʻiston radiokanali “Musiqiy dam olish va koʻngilochar dasturlari” bosh muharririyati katta muharriri Darmenbay Boboniyozovlar harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi turkum radioeshittirishlari uchun gʻolib deb topildi.

Gʻolib va sovrindorlarga mukofotlarni “Ishonch” gazetasining Bosh muharriri, Oliy Majlis senati aʼzosi Husan Ermatov, “Yangi Oʻzbekiston” – “Pravda Vostoka” gazetalari Bosh muharriri Salim Doniyorov, “Qishloq hayoti” gazetasi Bosh muharriri Chori Latipov, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid, Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi Xolmurod Salimov va boshqalar topshirdi.

Tadbirda OAV vakillari, taniqli yozuvchi va shoirlar, oliy taʼlim muassasalari talabalari hamda Vatan posbonlari – harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?