Malayziyada Shavkat Mirziyoyevning mega loyihasi qoʻllab-quvvatlandi

Bugun Malayziya Islom sanʼati muzeyida ikki tomonlama madaniy aloqalarni mustahkamlash va islom sivilizatsiyasini oʻrganishda ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga bagʻishlangan “Madaniy meros: Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi koʻprik” mavzusidagi xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi koʻmagida tashkil etilgan tadbirda Malayziyaning eng yirik “Al-Buxoriy” jamgʻarmasi, Malayziya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islomni anglash instituti, Malayziya Islom madaniyati instituti, Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti, Islom fanlari universiteti, Xalqaro islom universiteti hamda boshqa yetakchi taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekistonda maʼnaviy-maʼrifiy sohada, shuningdek, Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar taqdim etildi. Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy markazlar faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar eʼtiboriga ushbu ilmiy muassasalar faoliyatiga bagʻishlangan maxsus hujjatli filmlar namoyish etildi. Shuningdek, Malayziya ilmiy jamoatchiligiga Oʻzbekiston Prezidentining “Malayziya islom sanʼati muzeyi” kitob-albomiga yozgan soʻzboshisi taqdim etildi.
Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti bilan tanishgan davra suhbati ishtirokchilari Oʻzbekiston Prezidentining ushbu markazni tashkil etish tashabbusini yuqori baholadilar. Olimlar mazkur loyiha yoshlarni maʼrifatparvarlik ruhida tarbiyalash va tinchliksevar islom qadriyatlarini targʻib qilishda muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Tadbir doirasida maxsus deklaratsiya ham qabul qilindi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro olimlar va tadqiqotchilarning ishlashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlash maqsadida amalga oshirildi. Ushbu muhim qadam islom merosi yoʻnalishidagi yetakchi mutaxassislar bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, Markaz muzeyini boyitish, shuningdek, Oʻzbekiston va jahon hamjamiyati oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan.
Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti (Malayziya) Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi. Davra suhbatining asosiy qarorlaridan biri ikki mamlakatning islom sivilizatsiyasini oʻrganishga ixtisoslashgan yetakchi tadqiqotchilari va ekspertlarini birlashtiradigan qoʻshma Oʻzbekiston-Malayziya ilmiy jamiyatini tashkil etish boʻldi.
Tashkilotga Oʻzbekiston tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi, Malayziya tomonidan esa Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti rahbarlik qiladi. Ekspertlar kengashining birinchi yigʻilishi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi arafasida boʻlib oʻtadi. Jamiyatning asosiy vazifalariga qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va nashrlar, taʼlim va madaniy tashabbuslarni tashkil etish, akademik tajriba va resurslar almashish, shuningdek, islom merosi masalalari boʻyicha xalqaro muloqotni rivojlantirish kiradi. Jamiyatning koordinatorlari etib Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori – doktor Firdavs Abduxoliqov va Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti direktori – doktor Abdulaziz Bergut saylandi.
Oʻzbekiston Prezidentining islom madaniyatini asrab-avaylash va buyuk allomalar merosini oʻrganishga qoʻshgan hissasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Malayziya tomoni oʻzbekistonlik tadqiqotchilarga 100 000 dan ortiq qoʻlyozma va nodir nashrlardan elektron foydalanish imkonini beruvchi maxsus sertifikat taqdim etdi. Malayziya Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti kutubxonasining sertifikati va raqamli kaliti Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktoriga tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlariga ham ruxsat berildi.
Davra suhbati davomida Oʻzbekiston tomoni ikki tomonlama ilmiy, taʼlim va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Malayziya Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti hamda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro markazlar oʻrtasida radikalizmning oldini olish boʻyicha maxsus dastur doirasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish taklif etildi. Madaniyat sohasidagi tashabbuslar Malayziya Islom sanʼati muzeyida Oʻzbekistonning tarixiy yodgorliklari va topilmalariga bagʻishlangan fotokoʻrgazma tashkil etishni, shuningdek, mamlakatning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish maqsadida Malayziyaning diniy va taʼlim tashkilotlari vakillari, jurnalistlar va jamoat arboblari uchun Oʻzbekiston boʻylab mediatur oʻtkazishni oʻz ichiga oladi. Taʼlim sohasida malayziyalik olimlarni Imom Buxoriy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyalar dasturlariga jalb etish, shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va Malayziya xalqaro islom universiteti oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturini ishlab chiqish, jumladan, Visiting Professor dasturi boʻyicha oʻzbekistonlik oʻqituvchilarning Malayziya oliy oʻquv yurtlarida ishtirokini taʼminlash taklif qilindi. Ilmiy sohada Malayziya Islom madaniyati instituti va Imom Buxoriy nomidagi markaz oʻrtasida musulmon olimlarining tibbiyot sohasidagi ilmiy merosini oʻrganish va qayta tiklash hamda Imom Buxoriy merosini tadqiq etish taklif etildi. Bundan tashqari, maʼnaviy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida malayziyalik dindorlarga Oʻzbekistondagi Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband bilan bogʻliq muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkonini beruvchi “Umra plyus” maxsus ziyorat dasturini ishga tushirish taklif etildi.
Tadbir doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamda Oʻzbekiston ilmiy markazlari tomonidan nashr etilgan kitoblar va faksimile nashrlarning noyob koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Taqdim etilgan nashrlar davra suhbati ishtirokchilarining chuqur qiziqishini uygʻotdi. Ilmiy va madaniy hamkorlikni mustahkamlash ramzi sifatida kitoblar toʻplami Malayziyaning hamkor tashkilotlari kutubxonalariga, jumladan, Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti, Malayziya Islom madaniyati instituti va boshqa muassasalarga sovgʻa qilindi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar Malayziya Islom sanʼati muzeyidagi oʻzbek madaniy merosi ekspozitsiyasini ziyorat qilishdi. Tadbir mehmonlari Oʻzbekistonning boy merosini aks ettiruvchi noyob tarixiy ashyolar bilan tanishib, muzeyning doimiy ekspozitsiyasini ham koʻzdan kechirishdi. Alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan nashr etilgan “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumining 58-jildi aynan Malayziya Islom sanʼati muzeyi toʻplamlariga bagʻishlangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- “Bilmak Navoiyni — zoʻr maʼrifat nishoni...”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring