Malayziya va Indoneziya tinchlikparvar qoʻshinlarini Gʻazoga yuborishga tayyor

15:22 03 Iyul 2024 Dunyo
352 0

Foto: CNA

Malayziya va Indoneziya Falastinga qoʻshma tinchlikparvarlik qoʻshinlarini yuborishi mumkin. Bu haqda Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim maʼlum qilgan.

CNA nashrining yozishicha, BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli mandati berilsa, Malayziya qoʻshinlari Indoneziya tinchlikparvar kuchlari bilan birgalikda harakat qilishadi.

Anvar Ibrohim Indoneziyaning saylangan prezidenti va mudofaa vaziri Prabovo Subianto bilan telefon orqali suhbatda “Malayziya – Indoneziya xalqaro tinchlikparvar missiyasi doirasida hamkorlik qilish gʻoyasini olqishlashi”ni aytgan.

“Falastindagi gumanitar vaziyatga toʻxtalib, men Prabovoga agar BMT mandat bersa, Malayziya Indoneziya bilan har qanday insonparvarlik missiyasida hamkorlik qilishga tayyor ekanini aytdim”, degan bosh vazir.

Koʻp vaqtdan beri Isroil OAVlari Anvar Ibrohimni antisemit chiqishlarda ayblagan edi. Jumladan, u muxolifat yetakchisi boʻlganida Isroilning “Mossad” maxsus xizmatlari Malayziya hukumatini nazorat qilishini aytganini eslashgan.

Eslatib oʻtamiz, Malayziya ham, Indoneziya ham Isroilni mustaqil davlat sifatida tan olmaydi va u bilan biror bir diplomatik yoki iqtisodiy aloqalarga ega emas.

Avvalroq, Isroil kuchlari Xon Yunis aholisining koʻchirilishi haqidagi buyruq tufayli 250 mingga yaqin odamni sarsongarchilikka qoʻyayotgani haqda xabar berilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?