Maktablardagi ChQBT oʻqituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga oʻtadi

17:30 07 Noyabr 2024 Siyosat
428 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktablarda musiqa, jismoniy tarbiya va harbiy vatanparvarlik fanlari sifatini oshirish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu haqda 30-sentyabr kuni Pedagogik mahorat milliy institutida oʻqituvchilar bilan boʻlgan muloqotda aytilgan edi. Davlatimiz rahbari ushbu uch yoʻnalishning shaxs kamolotidagi oʻrniga ahamiyat qaratib, ularni oʻqitishni takomillashtirish dolzarbligini taʼkidlagan edi.

Masalan, maktablardagi musiqa oʻqituvchilarining 21 foizi oʻrta maxsus maʼlumotli. Baʼzilarining oʻzi cholgʻu chala olmaydi. Sababi musiqa oʻqituvchilarining amaliy malaka oshirish tizimi yoʻq, bu borada sanʼat maktablari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilmagan. Madaniyat institutlari bitiruvchilari oʻqituvchilikka qabul qilinmaydi.

Shu bois maktablarda saboqlar sifatini oshirish boʻyicha qator chora-tadbirlar taklif etilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xususan, musiqa madaniyati fani oʻqituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahorati baholanib, malaka oshirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu yoʻnalish boʻyicha oʻquv qoʻllanmalari, oʻqituvchilarga toifa berishning yangi tartibi ishlab chiqiladi.

“Turon maktab teatri”ning ijobiy tajribasi asosida maktablarda “Iqtidor” havaskorlar badiiy jamoalari tashkil etiladi. Oliy taʼlim muassasalarining musiqa va sanʼat yoʻnalishi bitiruvchilariga maktablarda ishlashga ruxsat beriladi.

Hududlardagi musiqa va sanʼat maktablarini umumtaʼlim maktablariga tayanch maktab sifatida biriktirish, iqtidorli oʻquvchilarni kashf etish maqsadida muntazam koʻrik-tanlovlar oʻtkazish zarurligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yoshlarni ommaviy sportga keng jalb qilish ham muhim. Maktablarda 22 ta olimpiya, 19 ta noolimpiya, 4 ta milliy sport turlari oʻrgatiladi. Lekin jismoniy tarbiya oʻqituvchilari uchun uslubiy qoʻllanmalar yoʻq. Oʻquvchilarni seleksiya qilish tizimli emas.

Shuning uchun jismoniy tarbiya fani boʻyicha oʻquv qoʻllanmalar ishlab chiqilib, oʻquv dasturlari takomillashtiriladi. Ushbu fan oʻqituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash boʻyicha milliy baholash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Kelgusi oʻquv yilidan boshlab, bosqichma-bosqich hamma joyda maktab sport klublari tashkil etiladi. Bu yoʻnalishda ham oʻqituvchilarga toifa berishning yangi tartibi, maktablarning sport boʻyicha reyting tizimi ishlab chiqiladi.

Bugun zamonning oʻzi har bir fuqarodan vatanparvar boʻlishni taqozo etmoqda. Bunda, ayniqsa, harbiy xizmatchilar, chaqiriqqacha boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari oʻrnak boʻlishlari kerak.

Hozir maktablarda qariyb 10 ming nafar ana shunday pedagoglar faoliyat koʻrsatmoqda. Lekin ularning 27 foizi nomutaxassis. 2 ming 750 ta maktabda ushbu fan uchun sharoit yetarli emas.

Shu bois endi chaqiriqqacha boshlangʻich tayyorgarlik oʻqituvchisi shtati Mudofaa vazirligiga oʻtadi. Endi bu vazifaga Qurolli Kuchlar zaxirasidagi harbiylar ishga qabul qilinadi.

Mazkur fan boʻyicha yangi oʻquv dasturi va darsliklar yaratiladi. Har bir tuman va shaharda bittadan maktab negizida “Jasorat maktabi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Mutasaddilar shu boradagi ishlarni tashkil etish rejalari yuzasidan axborot berdi. Oliy oʻquv yurtlarida mazkur yoʻnalishlar boʻyicha pedagoglar tayyorlashni tubdan oʻzgartirish, malaka talablari va taʼlim sifatini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер