Maktablarda inklyuziv taʼlim joriy qilinadi — Prezident qarori

12:49 14 Oktyabr 2020 Jamiyat
5212 0

“Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim-tarbiya berish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi (PQ–4860, 13.10.2020 y). Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qaror bilan 2020-2025-yillarda xalq taʼlimi tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi va uni 2020-2021-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Qarorga muvofiq, 2021/2022 oʻquv yilida tajriba-sinov tariqasida:

▪️shaharlarda va Toshkent shahrining tumanlarida joylashgan bittadan maktablarda inklyuziv taʼlim joriy qilinadi;

▪️Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan bittadan maktabda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun boshlangʻich tayanch korreksion sinflar ochiladi;

▪️Qashqadaryo, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida joylashgan bittadan kasb-hunar maktabida ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hamda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan guruhlar tashkil etiladi.

Shuningdek, 2021/2022 oʻquv yilidan:

— ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida majburiy oʻrta taʼlim 11 yillik (intellektual rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 9 yillik) muddatda amalga oshiriladi;

— ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining 10-11 sinf (intellektual rivojlanishida nuqsonlari boʻlgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 8-9 sinf) oʻquvchilari uchun kasbga oʻqitish kurslari tashkil etiladi va bitiruvchilarga sertifikat beriladi.

— 2021-yil 1-yanvardan ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarining rahbar xodimlariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida toʻlanadi.

Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi qoshida uning belgilangan shtat birliklari doirasida “Inklyuziv taʼlim laboratoriyasi” tashkil etiladi.

Mazkur laboratoriyaning asosiy vazifalaridan biri maktablarda inklyuziv taʼlim uchun shart-sharoitlar yaratish, inklyuziv taʼlim berishning sifati va samaradorligini aniqlash mezonlarini ishlab chiqish hamda ularning bajarilishini nazorat qilish hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер