Umrini oʻtab boʻlgan kitoblar, Internet, Wi-Fi va bir dona “Ufq” asari: maktab kutubxonalari kitob muammosiga duch kelmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Xizmat yuzasidan taʼlim maskanlariga yoʻlim tushsa, kiradigan ilk joyim kutubxona boʻladi. Odat ekan, Gʻuzor tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabiga borgach, kutubxonasiga bosh suqdim. Kutubxonachi Munavvar Norpoʻlatova ochiq chehra bilan qarshi olar ekan, meni kitob javonlarida tartib bilan terib qoʻyilgan asarlarni koʻrishga taklif etdi. Moʻjazgina kutubxonada oʻquvchilarning qadami uzilmayotganini koʻrib, dilim yorishdi: ha, bolalarimiz kitobdan uzoqlashib ketmagan!
Fikrimni uqqandek Munavvar opa menga “kartateka”larni koʻrishim mumkinligini aytdi. Men ustozlar “kartateka”sini koʻzdan kechirib, fan oʻqituvchilari maktab kutubxonasi bilan uzviy aloqada ekaniga amin boʻldim. Maktabda kitobxon oʻqituvchi va oʻquvchilar safi keng ekan. Masalan, 2150 nafar oʻquvchining 1727 nafari muntazam kitob oʻqiydi, faol kitobxon. Ammo maktabda kitobxon koʻp boʻlgani bilan badiiy adabiyotlar kamligi - muammo! Ogʻriqli muammo.
– Toʻgʻri, bizda badiiy adabiyotlar yetishmaydi,- deydi Munavvar opa Norpoʻlatova. – Baʼzi maktablarda badiiy kitob koʻpu kitobxon kam, bizda kitobxon koʻpu badiiy adabiyotlar tanqis. Bu yil ham yangi badiiy adabiyotlar keldi, lekin juda kam. Masalan, 1-4 sinf oʻquvchilari uchun oʻzbek xalq ertaklari, yosh kitobxonlarga moʻljallangan asarlar yetishmaydi. Chet el adabiyotidan yangi tarjimalar, bugungi oʻzbek adabiyotining durdona asarlari boʻlsa qaniydi, bolalarimiz koʻziga surtib oʻqirdi.
Kutubxonada 6650 ta badiiy asar bor ekan. Bu asarlarning hammasini oʻquvchilar oʻqib boʻlgan koʻrinadi. Kutubxonada oʻgʻil-qizlarga zamonaviy oʻzbek va jahon adabiyotini namunalarini taklif etish imkoniyati deyarli yoʻq.
– Mavjud kitoblarimizning ikki mingdan ziyodi umrini oʻtab boʻlgan va biz ularni “utilizatsiya”ga tayyorlab qoʻyibmiz, - deya davom etadi M. Norpoʻlatova. – Sobiq oʻquvchilar tomonidan kutubxonamizga 371 dona badiiy kitob sovgʻa qilindi. Bu yaxshi, ammo, yashirib nima qildim, sovgʻa qilingan asarlarning koʻpi yupqagina, qoʻlma-qoʻl oʻqishga yaramaydi va bugungi oʻquvchilar ehtiyojiga mos emas.
Kutubxonadagi yana bir dolzarb muammo shuki, ziyo maskaniga kompyuter ajratilmagan. Hozirda foydalanish uchun rusumi anchagina eski ikkita kompyuter bor. U ham maktab direktori tomonidan sinfxonalardan vaqtincha olib berilgan. Achinarlisi, Internet yoʻq. Maktab tuman markazida joylashgan boʻlishiga qaramay, bu masala eʼtibordan chetda qolgan. Aytmoqchi, Wi-Fi orqali simsiz ulanish uchun imkoniyat yaratsa boʻladi, bir muddat shunday qilingan ham. Ammo bugungi kunda Wi-Fi ishlamaydi. Limit tugagan.
Bu haqida maktab direktori Lola Usmonova fikrlari bilan qiziqdim.
– Eʼtirozlaringiz toʻgʻri, maktab kutubxonasidagi Wi-Fi ishlamay turibdi, - deydi u. – Mablagʻ ilgari tuman xalq taʼlimi boʻlimidan ajratilardi, hozir toʻxtatilgan. Hisob raqamimizga homiylar tomonidan pul tushsa, Wi-Fi ishlaydi. Hozircha mablagʻ tushgani yoʻq.
– Bu holatda kitoblarning elektron variantini yaratish nima boʻladi? Bilishimcha, kutubxonada bor-yoʻgʻi 60 ta kitobning elektron varianti bor ekan. Bugungi axborot asrida bu holatni qanday izohlash mumkin? - degan savolimga maktab direktoridan joʻyali javob ololmadim.
Kutubxonachi Munavvar Norpoʻlatova va uning yordamchisi Sanobar opaning aytishicha, kutubxonada Said Ahmadning “Ufq” asarini soʻrovchilar juda koʻp ekan. Ammo bu asardan bir dona boʻlib, u ham kitobxonlar oʻrtasida talash. Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” kitobi oʻqilaverib titilib ketgan. Vaholanki, chiroyli va yaltiroq muqovalarda qayta nashr etilgan xuddi shu asarlar kitob doʻkonlarida koʻzni quvnatib turibdi.
Koʻpincha yosh avlodni Internetga mukkasidan ketganlikda, kitob oʻqimaslikda ayblaymiz. Guvohi boʻlyapmizki, bu ayblovimiz koʻp ham asosli emas. Bolalarimiz kitob oʻqiydi, faqat ular qoʻliga badiiy qiymati yuksak, yoshiga mos asarlarni tutqaza olishimiz kerak. Oilalarda kitobxonlikni kuchaytirish – bu endi boshqa masala, biroq maktablarimiz kutubxonalari yangi-yangi asarlar bilan boyitib borilsa, nur ustiga nur boʻlar edi. Shunday emasmi?!
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring