“Makotib — taraqqiyning boshlangʻichi, madaniyat va saodatning darvozasidur”

XIX asr oxiri XX asrning birinchi choragida Turkiston zaminida keng quloch yoygan jadidchilik harakati namoyandalari jamiyatni madaniy qoloqlik va xurofotdan ozod qilish, xalqni zamonaviy taraqqiyot yoʻliga olib chiqish, milliy davlatchilik asoslarini bunyod etishni oʻzlarining asosiy maqsadi deb belgilagan edilar. Mamlakatimiz hududida jadidchilik harakatini shakllantirishda Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy kabi koʻplab millat oydinlari faol ishtirok etdilar. Bu ziyolilar yoshlarga zamonaviy bilimlar berishga yoʻnaltirilgan yangi uslub maktablari tashkil etish, darsliklar yaratish bilan bir qatorda, gazeta va jurnallar taʼsis etib, ularda oʻz davrining eng oʻtkir muammolarini koʻtarib chiqdilar, taʼlim-tarbiya masalalariga oid ilgʻor qarashlarni targʻib qildilar.
Jadidchilik harakatining ana shunday yirik namoyandalaridan biri — Mahmudxoʻja Behbudiy (1875–1919) millatning ravnaqi uchun ilm va maʼrifatni asosiy omil sifatida koʻrgan. U oʻzining publitsistik faoliyati davomida ilm-fan, madaniyat, zamonaviy taʼlim va dunyoqarashni targʻib qiluvchi oʻnlab maqolalar yozgan boʻlib, bu asarlar oʻzbek matbuotida yangi uygʻonish davrining asoslarini yaratgan. Behbudiyning asosiy gʻoyasi — musulmon jamiyatini jaholat, illat va turgʻunlikdan olib chiqish uchun yagona yoʻl ilm-maʼrifat orqali yangicha fikrlash, zamonaviy bilimlarga ega boʻlish zarurligini koʻrsatish edi.
U oʻz maqolalarida maktab taʼlimini isloh qilish, yoshlarga zamonaviy bilimlar berish masalalariga alohida urgʻu beradi. Eski usulda taʼlim olayotgan bolalarning faqatgina diniy bilimlar bilan cheklanib qolayotganini tanqid qiladi va zamonaviy fanlar — geografiya, matematika, tarix, tibbiyot, xorijiy tillar oʻqitilishi kerakligini taʼkidlaydi. Behbudiy uchun maktab faqat bilim beruvchi emas, balki jamiyatni yangilovchi, mustaqil fikrlovchi zamonaviy shaxsni tarbiyalovchi institutdir. Xususan, u oʻzining 1914-yil “Oyna” jurnalida chop etilgan “Yoshlargʻa murojaat” maqolasida ota-onalarga qarata shunday yozadi: “Bas, maʼlum boʻldiki, hozirgi zamon ishlarigʻa xoh tijorat va hukumat va sanʼatxonalarga boʻlsun, kirib vazifa olmoqgʻa va ish qilmoqgʻa ilmi zamoniy degan nimarsa lozim ekan va har kim baqadar bilgusi vazifa olur ekan. Bas, siz muhtaramlar ham oʻz avlodingizni va aziz bolalaringizni, agarda xohlasangizki, sizdan koʻra taraqqiy etsa, din va millatgʻa xizmat etsa. Shu ilmi zamoniyni tahsil qilmoq uchun harakat qilmogʻingiz lozimdur”.
Behbudiy, shuningdek, qiz bolalarning bilim olishi zarurligi borasida ham oʻz fikrlarini bayon etgan. Xotin-qizlar savodi masalasi oʻsha davrning muhim muammolaridan biri edi. Shu sababdan matbuotda xotin-qizlar savodini oshirish, ularni maktablarga jalb qilish masalalari bot-bot koʻtarilar edi. Xususan, “Turkiston viloyatining gazeti”da Fayzulla imzosi bilan eʼlon qilingan “Xotunlargʻa ilm lozimmi?” maqolasida onalarimiz savodsizligi, ular hatto “Tarbiyai atfol”ni bilmasliklari haqida fikr yuritiladi. Buning uchun ayollarni oʻquv-oʻqituv ishlariga jalb qilish kerakligi aytiladi va bu borada Mahmudxoʻja Behbudiyning fikri soʻraladi. Behbudiy Turkistonning taniqli ulamosi sifatida oʻz javobini Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan “Talabul ilm har muslim va muslimagʻa farzdur” degan hadis bilan boshlar ekan, soʻzining davomida Qurʼonda ayollarga xos hukmlardan tashqari barcha ishda ayolu erkakka bir xil xitob qilingani, “xotinlarning oʻqimoqlari lozimligiga yolgʻiz koʻr va munofiq mutaassib inkor yoki shubha etishini” yozadi.
Shuningdek, Behbudiy oʻz maqolalarida islom dini va ilm oʻrtasidagi muvozanatga urgʻu beradi. U diniy bilimlarni inkor etmagan holda, zamonaviy ilm-fan bilan uygʻun tarzda rivojlantirishni taklif qiladi. Din va taʼlim mavzusidagi maqolalarida u musulmon jamiyatlari orqada qolishining sabablarini ilm-fan va tafakkurdan yiroqlashganlikda deb biladi. Behbudiy bu orqali diniy va dunyoviy bilimlar orasida muvozanatni yaratishga intiladi.
Behbudiy matbuot orqali ommaga murojaat qilishni samarali vosita deb hisoblagan. 1913-yildan “Samarqand” gazetasini chiqargan. Gazeta 45 ta sonidan keyin moddiy tanqislik tufayli chiqishi toʻxtagan. Oʻsha yilning 20-avgustidan boshlab “Oyna” jurnalini chiqara boshlagan. U “Samarqand” gazetasi va “Oyna” jurnali orqali oʻzining maʼrifiy gʻoyalarini tarqatgan.
Behbudiy oʻz maqolalarida bolalarni yoshligidan zamonaviy bilimlarga yoʻnaltirish zarurligini tushuntiradi. Behbudiy fikricha, yangi avlodni ongli, bilimli, mustaqil fikrlovchi shaxs qilib tarbiyalash orqaligina millatni taraqqiyot sari yetaklash mumkin edi. Xususan, 1914-yil “Oyna” gazetasida chop etilgan “Muhtaram yoshlargʻa murojaat”ida shunday yozadi: “Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib — taraqqiyning boshlangʻichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat eng avval, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib koʻpayturmaguncha taraqqiy yoʻligʻa kirub madaniyatdan foydalanmas. Madaniyati hoziradan mahrum qolub, sanoeʼ va maorif salohi ila qurollanmagan millat esa, dunyoda rohat va saodat yuzini koʻrolmas. “Muborizai hayot” maydonida mutlaqo magʻlub boʻlur, oyoqlar ostida ezilur, diniy, iqtisodiy ishlarda oʻzgalarning asiri boʻlub, bora-bora milliyat va diyonatini ham hoʻldan berur. Ana ushbu yoʻllar ila oxiri mahv va nobud boʻlub ketar”.
Shu bilan bir qatorda, Behbudiy milliy oʻzlikni anglash, tarixni oʻrganish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratadi. Oʻz tariximizni tadqiq etish, bu borada darsliklar yaratish lozimligi haqida qaygʻuradi. Uning 1914-yil “Oyna” jurnalida chop etilgan “Turkiston tarixi” kerak” sarlavhali maqolasida muallifning bu masalaga qanchalik kuyunchaklik bilan yondashganini koʻrish mumkin. Behbudiy Turkiston tarixini oʻrganish, bu borada tadqiqot ishlari olib borishning naqadar katta ahamiyatga ega ekanligini yozar ekan, oʻz fikrini quyidagicha ifoda etadi: “Tarix koʻp ahamiyatli va foydali bir narsadur. Tarixning foydalaridan baʼzisi ushbudurki, bir millatning na tariqada, qaysi yoʻl ila taraqqiy etganin oʻqib, ibrat olmoq yoki bir millatning na sabablardan tanazzul etib, oxiri munqariz boʻlub ketganin oʻqub mundan ham istifoda etmak mumkindur. Shuning uchun bizning oʻz shevamizda Turkistonda oʻtgan bobolarimizning maishiy, siyosiy ahvoligʻa doir “Turkiston tarixi” bor boʻlgonda, oni koʻz oldimizda qoʻyub, burungʻi qahramon bobolarimizning na yoʻl ila taraqqiy va madaniyat davrigʻa kirub va nima sababdan oxiri munqariz boʻlub ketganlarini oʻqub, bilub, xeyli ibrat olar eduk”. Behbudiy shu soʻzlarni yozar ekan, ayni paytda Turkiston tarixini oʻrganib, uni kitob holida chop etadigan bilimli insonlar kamligidan oʻksinadi: “Bizning fikrimizcha, munday bir tarix yozmoqlik nihoyatda qiyin bir ish boʻlub, hozirda muning ifosi bizlarning qoʻlimizdan kelmayturgʻonga oʻxshaydur”.
Bir soʻz bilan aytganda, Mahmudxoʻja Behbudiy oʻz maqolalari orqali ilm-maʼrifatni targʻib qilishga, millatni uygʻotishga va yangi avlodni shakllantirishga intilgan. Uning asarlari nafaqat oʻz davrida, balki hozirgi kunda ham dolzarbligini yoʻqotmagan. Behbudiy gʻoyalari bugungi oʻzbek jamiyatida ham islohot va yangilanish jarayonlariga ilhom beruvchi manba sifatida xizmat qilmoqda.
Behbudiyning maʼrifiy qarashlari faqatgina nazariy emas, balki amaliy tashabbuslar orqali ham namoyon boʻlgan. U 1909-yilda Samarqandda yangi usulda oʻqitiladigan maktab ochdi. Bu maktabda oʻquvchilarga arab yozuvi asosida savod oʻrgatilishi bilan birga, dunyoviy fanlardan ham saboqlar berilar edi. Behbudiy bu orqali bolalarning nafaqat diniy, balki ijtimoiy, madaniy va ilmiy bilimlarga ega boʻlishini istagan. U oʻqituvchilarni tanlashda ham eʼtiborli boʻlgan, ular zamonaviy fikrlovchi, dunyoviy fanlar haqida maʼlumotga ega, oʻqituvchilik masʼuliyatini chuqur his qiladigan insonlar boʻlishi lozimligini taʼkidlagan.
Behbudiy milliy uygʻonish gʻoyalarini targʻib etishda teatr va sahna sanʼatidan ham faol foydalangan. Uning “Padarkush yoxud oʻqimagan bolaning holi” (1911) nomli dramasi oʻzbek dramaturgiyasi tarixida ilk ijtimoiy-maʼrifiy sahna asarlaridan biridir. Bu asarda u jaholat, qadriyatlardan yiroqlik kabi illatlar haqida bong uradi va axloqiy, maʼnaviy yuksalish orqali jamiyatni yangilash gʻoyasini ilgari suradi. Behbudiy bunday badiiy vositalar orqali keng ommaga taʼsir qilish, ularni oʻylantirish va oʻzgarishga undashga harakat qilgan.
Bundan tashqari, Behbudiy oʻz davrida “Nashriyoti Behbudiya” nomi bilan oʻz xususiy nashriyotini ochgan. Bu yerda nafaqat diniy, balki dunyoviy asarlar, darsliklar chop etilgan. Behbudiy bu orqali oʻquvchilar va keng jamoatchilikning bilimlarini har tomonlama rivojlantirish, ularning tafakkur doirasini kengaytirishga intilgan. U uchun maʼrifat faqat bilim emas, balki ongni uygʻotish, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish va shaxsiy masʼuliyatni anglash vositasi edi.
Shu jihatlarni hisobga olgan holda aytish mumkinki, Mahmudxoʻja Behbudiy oʻz maqolalari, pedagogik faoliyati va adabiy ijodi orqali oʻzbek xalqini ilm-maʼrifat bilan qurollantirishga intilgan zamonaviy mutafakkir edi. Uning qarashlari va harakatlari XX asr boshlarida boshlangan maʼnaviy uygʻonishning asosiy poydevorlaridan biri sifatida tarixda muhim oʻrin tutadi.
Mahmuxoʻja Behbudiy oʻz davrida maʼrifatni nafaqat jamiyatning muammolarini hal etuvchi vosita, balki millatning ruhiy uygʻonish asosi sifatida koʻrgan. U uchun bilim olish shunchaki shaxsiy muvaffaqiyatga erishish emas, balki butun xalqning tafakkurini oʻzgartirishga qaratilgan ijtimoiy harakat edi. Shu bois, Behbudiy ilm-maʼrifatni jamiyatda keng targʻib qilish uchun oʻsha davrning mavjud vositalaridan toʻliq foydalandi: maqolalar yozdi, spektakllar sahnalashtirdi, maktablar ochdi, oʻquv adabiyotlarini nashr qildi va bosmaxonalar tashkil etdi.
Behbudiy uchun matbuot — xalqni jaholat uyqusidan uygʻotuvchi vosita edi. Shuning uchun u “Samarqand”, “Taraqqiy”, “Sadoi Turkiston” kabi gazetalar va “Oyna” jurnalini tashkil etishda bevosita ishtirok etgan va ularda zamonning eng dolzarb masalalari — taʼlim, ayollar huquqi, islom va zamonaviylik, milliy birlik haqida maqolalar eʼlon qilgan.
Behbudiy fikricha, musulmon xalqlari faqat diniy maktablar bilan cheklanmasligi, balki dunyoviy fanlarni ham chuqur oʻzlashtirishi kerak. Buning uchun esa yangicha oʻquv dasturlari, zamonaviy uslublar, yaxshi tayyorlangan oʻqituvchilar zarur.
Ahamiyatlisi shundaki, Behbudiy islom dini va zamonaviylik oʻrtasida qarama-qarshilik koʻrmagan. U aksincha, Qurʼoni karimda oʻqish, tafakkur qilish, ilm olish toʻgʻrisidagi oyatlarni asos qilib, musulmon kishi har doim ilmga intilishi kerak, degan gʻoyani ilgari surgan. Uning fikricha, islom taraqqiyotga zid emas, balki uning harakatlantiruvchi kuchi boʻlishi mumkin, faqat bunga toʻgʻri yondashuv, tafsir va talqin kerak.
Bugungi kunda Mahmudxoʻja Behbudiyning ilm-maʼrifat haqidagi qarashlari oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan. Hozirgi oʻzbek jamiyatida taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar — zamonaviy dasturlar, xalqaro hamkorlik, STEAM fanlarining joriy qilinishi — Behbudiy orzu qilgan taraqqiyot yoʻlida amalga oshayotgan jarayonlardir. Xususan, ayollar taʼlimi, teng huquqlilik, ijtimoiy faollik masalalarining davlat siyosati darajasiga chiqishi — Behbudiy bir asr ilgari koʻtarib chiqqan masalalarning bugungi kundagi hayotiy ifodasidir.
Jamoliddin TOʻXTASHEV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring