Maymun chechagi aniqlangan mamlakatlar soni ellikka yaqinlashdi

15:17 22 Iyun 2022 Jamiyat
397 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, shu kungacha dunyoning ellikka yaqin davlatida maymun chechagi virusi roʻyxatga olindi.

Xususan, birgina Yevropaning 28 ta mamlakatida 2000 nafardan ziyod bemorda ushbu xavfli kasallik aniqlangan.

Hozir koʻhna qitʼaning barcha hududida oʻsish tendensiyasi kuzatilyapti. Ayniqsa, London, Madrid va Lissabon shaharlarida epidemiologik vaziyat ancha yomonlashgan.

Qolaversa, virus Berlin va Parij shaharlari hamda Belgiya, Niderlandiya va Italiya mamlakatlarida ham shiddat bilan tarqalmoqda.

Ispaniya soʻnggi kunlarda 700ga yaqin koʻrsatkich bilan Buyuk Britaniyani ortda qoldirib, eng koʻp maymun chechagi qayd etilgan mamlakatga aylandi. Hozir kasallikdan asosan Madrid shahri aholisi aziyat chekyapti. Bu yerda 510 kishiga mazkur xastalik tashxisi qoʻyilgan.

Lotin Amerikasida esa 18 ta holat tasdiqlangan: Braziliyada sakkizta, Meksikada beshta, Argentinada uchta, Venesuela va Chilida bittadan.

Qolaversa, soʻnggi kunlarda Janubiy Koreyada ikki nafar, Singapurda bir nafar bemor maymun chechagini yuqtirganlikda gumonlanyapti.

Buyuk Britaniyada faoliyat olib boruvchi molekulyar virusologiya boʻyicha professor Karlos Maluker de Motesning soʻzlariga koʻra, bu epidemiyaga chek qoʻyish juda qiyin kechadi. Chunki virus allaqachon koʻplab mamlakatlarga tarqalib ulgurdi.

Biroq bunday sharoitda xastalikni aniqlash, kuzatish va nazorat qilish tizimlari talab darajasida emas. Boz ustiga, infeksiyani yuqtirganlar tibbiyot muassasalariga kech murojaat qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?