Mahoratli shaxmatchimiz Oʻzbekiston terma jamoasi safiga qaytdi

12:33 12 Fevral 2025 Sport
266 0

Oʻzbekistonlik isteʼdodli shaxmatchi Gulruhbegim Tohirjonova Oʻzbekiston terma jamoasi safiga qaytdi. Bu haqida “UzChess” xabar berdi.

Unga koʻra, Gulruhbegim Tohirjonova AQSH federatsiyasidan Oʻzbekistonga qaytishga qaror qilgan. “Sportchimizning bu qarori Oʻzbekiston shaxmatini jahon miqyosida yanada kuchaytirish uchun xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Maʼlumki, Tohirjonova 2021-yildan beri AQSHdagi Missuri universitetida taʼlim olish bilan birga mazkur ilm dargohi sharafini himoya qilib kelayotgan edi.

Avvalroq, Shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Saʼdullayev Gulruhbegimni Oʻzbekiston terma jamoasiga qaytarish niyatida ekanligini taʼkidlagandi.

“Gulruhbegim baribir Oʻzbekistonga kerak, u yaxshi va salohiyatli shaxmatchi. Unga Oʻzbekistonga qaytish taklifini berganmiz. Uning yuzi yorugʻ boʻlib, Oʻzbekiston terma jamoasida 2026-yili Toshkent mezbonlik qiladigan shaxmat Olimpiadasida ishtirok etsa, bundan faqat xursand boʻlamiz”, — degandi Saʼdullayev.

Taʼkidlash joizki, Tohirjonova 2022 hamda 2024-yilgi shaxmat Olimpiadalarida Oʻzbekistonga qarshi dona surishdan bosh tortib, koʻplab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining eʼtiboriga tushgan hamda qoʻllovlariga sazovor boʻlgan edi.

“Oʻz vatanim sharafini himoya qilishdan juda xursand boʻlardim, ammo hozirgi sharoitda shaxsiy rivojlanish uchun mamlakatni tark etishga qaror qildim. Agar federatsiyada oʻzgarishlar boʻlsa, albatta, qaytib kelib, vatanim sharafini himoya qilaman”, — degandi Tohirjonova.

Maʼlumot uchun, Gulruhbegim 2024-yilda shaxmat boʻyicha Xalqaro sport ustasi unvonini qoʻlga kiritib, bu unvonga ega chiqqan ilk oʻzbekistonlik shaxmatchiga aylangan.

Bundan tashqari, u 2023-yilning avgust oyida AQSHda “Yilning eng yaxshi ayol shaxmatchisi” mukofoti bilan ham taqdirlangan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?