Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Mamlakatimiz eksport salohiyatini kengaytirish, eksport qiluvchi tashkilotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, raqobatbardosh eksport mahsulotlari ishlab chiqarishning koʻpaytirilishini ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 2019 yil 1 yanvardan boshlab tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni, shu jumladan, komissioner (ishonchli vakil) orqali realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumida eksport ulushi 15 foizdan yuqori boʻlgan yuridik shaxslar soliq solinadigan bazani:
tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksportga realizatsiya qilish hajmiga toʻgʻri keladigan foyda qismi yuzasidan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha;
tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksportga realizatsiya qilish hajmiga toʻgʻri keladigan qismi yuzasidan yagona soliq toʻlovi boʻyicha kamaytiradilar.
Ushbu bandda nazarda tutilgan imtiyozlar ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha xomashyo tovarlarini eksport qilishga, shuningdek, xalqaro tashishlar (avtotransportdan tashqari) hamda uzatish quvurlari va gaz quvurlari orqali yetkazib berish xizmatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Belgilansinki, ushbu Farmonning 1-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar qoʻllanilishi natijasida toʻlanmagan mablagʻlar quyidagi hollarda qonun hujjatlariga muvofiq penya hisoblangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga undiriladi:
tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti faktini qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmaganda;
tovarlar eksport rejimiga chiqarilgan kundan boshlab 180 kun mobaynida valyuta tushumi taʼminlanmaganda.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini ishlab chiqishda ushbu Farmonga muvofiq berilayotgan imtiyozlarni nazarda tutsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi ushbu Farmonga muvofiq imtiyozlarni qoʻllash ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z. Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B. M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J. A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018 yil 29 noyabr
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Milliy gvardiyaga yangi vakolat berildi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- Alisher Navoiy ijodini oʻrganish — qalb amrimiz boʻlmogʻi darkor
- Koinotdagi “sharpa shaharlar” yoxud mitti galaktikalar haqida nimalarni bilamiz?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring