Mahallaning Farmonbibilari qayerdasiz?!

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Oʻtgan yili Fargʻona viloyatida 4821 ta oilaviy ajrim qayd etilib, 3540 nafar bola tirik yetim boʻlib qoldi. Toʻgʻri, ajrimlar soni atigi bir yil oldingiga qaraganda mingtaga kamaydi. Ammo kutilmaganda bitta bolaning ham ota yoki ona mehridan judo boʻlishini hech narsa bilan oqlab boʻlmaydi. Afsuski, ajrimlarning 45 foizi 1-5-yil davomida birga yashagan yosh oilalar hissasiga toʻgʻri keldi. Ajrashib ketayotganlarning deyarli 33 foizi 30 yoshgacha boʻlganlar. Demak, yoshlarni oilaga tayyorlash, yangi kelin-kuyovlar bilan koʻproq ishlash borasida hali qiladigan ishlarimiz koʻp.
— Haftaning har shanbasi “Ahil oila kuni”, har oyning oxirgi dushanbasi “Oilaviy ajrimlarga qarshi kurashish kuni” sifatida belgilangan, — deydi Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Komila Kavlonova. — Oylik doirasida ajrim uchun ariza yozgan 520 ta oila yarashtirilib, 817 nafar bolajonlar yetimlikdan asrab qolindi. Hududlarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida shahar-tumanlar, mahallalar kesimida faoliyat koʻrsatuvchi “Oqila ayollar”, “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiya”lari tarkibi qayta koʻrib chiqilib, jamiyatdagi faol va fidoyi ziyolilar, kayvoni onaxonlar hisobiga yangilandi. “Oqila ayollar” harakatiga el-u yurtda yuksak hurmatga sazovor boʻlgan 11,5 ming nafar opa-singillarimiz jalb etildi. “Mahalla yettiligi” bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Ayni jarayonda ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan unumli foydalanish maqsadida “Fargʻonaning oqila buvijonlari” guruhi tashkil etildi. Unda muntazam ravishda onlayn muloqotlar, mutaxassislar va psixologlar chiqishlari, nuroniy yoshli buvijonlarning pand-u nasihatlari berib borilmoqda. Shunday boʻlsada, Fargʻona, Qoʻqon va Quvasoy shahri hamda Dangʻara tumani oilaviy ajrimlar soni koʻpligi uchun “qizil hudud” toifasiga kiritilganini achinarlidir.
— Mahalladagi 1007 ta oilada salkam ikki ming xotin-qizlar istiqomat qiladi, — deydi Buvayda tumanidagi “Urganji” MFY xotin-qizlar faoli Sayyora Olimova. — Oʻtgan yili faollarimiz bilan birga 10 ga yaqin ajrimlarning oldini olishga muvaffaq boʻldik. Shu bois yil mobaynida birorta ham oilaviy ajrim qayd etilmadi. Ajrimlarning oldini olishda kayvoni onaxonlar – mahallamiz Farmonbibilari koʻmakdosh boʻlmoqda.
“Yangi yoʻl” mahalla fuqarolar yigʻini Rishton tumanidan 50 kilometr olisda joylashgan. Hududdagi 520 ta oilada 865 nafar xotin-qizlar istiqomat qiladi. Ular bilan ishlashda oʻziga xos yondashuvlar talab etiladi. Aytaylik, mahallada namunaviy loyihalar asosida uylar qurilgan. Bu yerda yashovchi oilalar tez-tez yangilanib turadi. Qolaversa, hududda viloyatning bir necha tumanlaridan kelib yashovchi oilalarni uchratish mumkin. Mahalla xotin-qizlar faoli Gulbahor Qoraboyevaning aytishicha, oʻtgan yili ikkita ajrim boʻldi. Shu yilning dastlabki uch oyida hududda bironta ham ajrim qayd etilmadi. Xotin-qizlar faoli bunday ijobiy koʻrsatkichni yil davomida saqlab qolishni maqsad qilgan. Nima ham derdik, mushtarak maqsad yoʻlida hamjihat boʻlgan mahallada har qanday muammoning oldini olish imkoniyati mavjud. Hamma gap totuvlikda, amaliy harakatga bogʻliq. Nazarimizda, ajrimlarni oldini olish, goʻdaklarni tirik yetim boʻlib qolmasligi uchun mahalla Farmonbibilarining tajribasidan unumli foydalanish zarur.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring