Mahalla qanday qilib ishsizlikdan xoli hududga aylandi?
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Shahrixon tumanidagi “Dorilomon” mahallasida ishsiz fuqaro yoʻqligini eshitib, bu boradagi tajribani ommalashtirish kerak, degan qarorga keldik. Toʻgʻrisi, manzilga yetib borishning oʻzi boʻlmadi. Chor tarafi daladan iborat bu qishloq tuman markazidan ancha olisda ekan. Qiziq, hovli uy-joylar va maktabdan boshqa hech nimasi yoʻq mahallada qanday qilib ishsizlikka barham berish mumkin? Yo ish bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi hisobotlarni soxtalashtirishgan yoki boʻlmasa aksariyat aholi Rossiyaga ishlagani ketgan boʻlsa kerak, degan fikr xayolimizdan oʻtgani ham rost. Axir, qishloqda birorta ham ishlab chiqarish korxonasi yoʻq ekan-da!
— Kaftdek yerning qadrini bilgan odam och qolmaydi, — deya tushuntira boshladi mahalladagi hokim yordamchisi Dilshodbek Sattorov. —Andijonliklar tomorqadan toʻrt martagacha hosil olishning hadisini olgan bir paytda bahona izlab oʻtirsak uyat boʻlar. Mana qarang, mahallamizda 538 ta xonadonda 3102 nafar aholi istiqomat qiladi. Hovli uy-joylardagi tomorqalarning oʻzi 11,9 gektarni tashkil etadi. Undan toʻgʻri va unumli foydalanishni tashkil etish orqali har bir oila bir yilda 10-15 million soʻm daromad olishiga erishdik. Tomorqachilikni izga solib olgach, aholini qoʻshimcha daromadga yoʻnaltirish boʻyicha izlandik. Buning uchun har bir fuqaro bilan yuzma-yuz suhbatlashib, uning xohishlari, imkoniyatlari va ehtiyojlarini oʻrgandik. Shunga qarab amaliy yordam berishga kirishdik. Shu tariqa 2024-yilda 315 nafar mahalladoshlarga 7,9 mlrd soʻm kredit mablagʻi ajratildi.
Mahallada amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish jarayonida amin boʻldikki, hududda chorvachilik, tomorqachilik keng rivojlangan. Koʻrsatilayotgan amaliy yordamlar natijasida oʻzidan ortinib, qoʻshimcha daromad olishga intilayotganlar ham koʻp ekan. “Shox” koʻchasida yashovchi Muhammadazim Rahmatillayev shular jumlasidandir. Andijon davlat universitetining 2-bosqichida saboq olayotgan yigit xonadonida 29 ta qutida 62 ta asalari oilasini parvarishlayapti.
— Hovlimiz 25 sotixdan iborat boʻlgani uchun tomorqada yetarli ish topiladi, — deydi u biz bilan suhbatda. — Biroq har bir ishga astoydil kirishsangiz yangi imkoniyat eshiklari ochilaverar ekan. Mahalladan koʻrsatilgan amaliy yordamlar va maslahatlar natijasida yillik daromadimizni oshirish maqsadida 5 sotixli issiqxona barpo etdik. Unda yetishtirilgan mahsulot bilan yil davomida ichki bozorda savdo qilish mumkin. Shu bilan kifoyalanib qolmay, asalarichilikka ham qoʻl urdim. Buning uchun 2024-yilda mahalladagi hokim yordamchisi koʻmagi bilan 15 mln. soʻm kredit mablagʻi ajratildi. Samarasi yaxshi boʻldi! Birinchi yilning oʻzida 30 mln. 600 ming soʻmlik asal sotdim.
Nazirbek Normatov mahallada birinchilardan boʻlib tadbirkorlik faoliyatiga asos soldi. Endi u “Normatovlar kelajagi” xususiy korxonasining rahbari hisoblanadi.
— Yurtimizda davlatimiz rahbari boshchiligida tadbirkorlik faoliyatiga boʻlgan eʼtibordan ruhlanib, mahallamizda yogʻ-moy ishlab chiqaruvchi korxona barpo etdik, — deydi u suhbat davomida. — Ayni paytda 17 nafar ishchilarning samarali mehnati bilan bir kunda 25 tonna oʻsimlik yogʻi ishlab chiqaryapmiz. Kelgusida faoliyatimizni yanada kengaytirib, qoʻshimcha 30 ta yangi ish oʻrni yaratamiz. Shunda korxonamizning kunlik ishlab chiqarish quvvati 100 tonnaga yetadi. Bu orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti, qolaversa, mahalladoshlarimizning turmush sharoitini yanada yaxshilashga hissa qoʻshmoqchimiz.
Hududda aholini doimiy daromad manbaiga yoʻnaltirish borasidagi saʼy-harakatlar bugun yoki kecha boshlangani yoʻq, albatta! Bir necha yillik xizmatlar samarasi asta-sekin boʻy koʻrsata boshladi.
— Masalan, oʻtgan yili ishsizlar soni 28 nafar edi, — deydi mahalla raisi Ubaydullo Nizomov. — Ularning aksariyati oʻz-oʻzini band qilish orqali ehtiyojmandlar safidan chiqdi. Qolaversa, 515 nafar fuqaroga ajratilgan 15 sotixli yer maydoni orqali minglab qoʻshnilar daromadga yoʻnaltirildi. Bu kabi saʼy-harakatlar joriy yilda yanada kengroq quloch yoyadi. Yilning dastlabki 20 kunida 47 nafar fuqaroga 940 mln. soʻmlik kredit mablagʻlari ajratildi. Bu mablagʻ hisobiga hududimizda asalarichilik, chorvachilik, chevarchilik va issiqxonachilik yoʻnalishlarida istiqbolli loyihalarga qoʻl urilmoqda.
Mahalla faollari shu bilangina kifoyalanib qolmay, aholini bir maqsad yoʻlida harakatlanishga chorlamoqda. Masalan, joriy yildan boshlab hovlilardagi va ochiq maydondagi jami 32 gektar yerda loviyaning “Panda” navini yetishtirishga kirishilgan.
— Loviya serdaromad oʻsimlik hisoblanadi, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Dilshodbek Sattorov. — U 2,5 oyda yetiladi. Bir kilo urugʻlik loviyani 15 ming soʻmdan sotib olish mumkin. Mavsumda yetilgan hosilni esa oʻrtacha 45 ming soʻmdan sotish imkoni mavjud. Bir sotix maydondan 35 sentnergacha hosil yigʻib olish mumkinligining oʻziyoq bu daromadli loyiha ekanligidan dalolatdir. Ahamiyatli tomoni shundaki, hosilga hozirdan xaridorlarimiz bor. Loviyadan boʻshagan maydonga bulgʻor qalampiri ekiladi. Buning uchun Xoʻjaobod tumanidagi fermer xoʻjaliklari bilan kelishuvimiz bor. Ulardan koʻchatni sotib olamiz va mahsulotni oʻzlari olib ketishadi. Biz parvarishlab bersak boʻldi.
“Dorilomon”liklar tomorqachilikning xoʻp hadisini olgan ekan. Boshqalar toʻrt sotixli maydonda kartoshka yoki pomidor ekib, daromad olishga intilayotgan bir paytda ular bir vaqtning oʻzida uch xil turdagi ekinni parvarishlar ekanlar.
— Misol uchun, oʻtgan yili bitta egatga kartoshka, loviya va kungaboqar ekdim, — deydi 70 yoshli Isroil ota Javoqov. — Kartoshka palak yoyguniga qadar loviyaning hosilini yigʻib oldim. Kungaboqar koʻkka boʻy choʻzib, yaproqlari soya berguniga qadar kartoshkani kovlab oldim. Bu yil mahalladoshlar qatori men ham tomorqamga loviyaning “Panda” navini ekaman. Bundoq hisob-kitob qilib koʻrsam, daromadi yaxshi ekan. Bir hosilga kirgach, har kuni hosil yigʻaverasiz ekan. Eng muhimi, birinchi va ikkinchi hosilga xaridorni mahalla faollari, bank xodimlari oʻzlari topib berar ekan.
Ushbu manzilga kelishda dalalar orasida boʻy koʻrsatib turgan bu mahallada yashovchi aholi uchun noqulayliklar koʻp boʻlsa kerak, deb oʻylagan edik. Axir, bozor-oʻchar, maʼmuriy idoralarga qatnash uchun maʼlum masofani bosib oʻtish kerak. Bu esa ham vaqt, ham xarajat talab qiladi. Biroq oʻz koʻzimiz bilan koʻrgach, amin boʻldikki, ular uchun bunga hojat yoʻq ekan. Boisi, mahallada faoliyat yuritayotgan yettilik orqali 30 turdan ziyod xizmat turlari bevosita shu joyning oʻzida amalga oshirilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, mahalla fuqarolar yigʻini “Dorilomon”liklar uchun har qanday masalada murojaat qilishlari va ijobiy natijaga erishishlari mumkin boʻlgan manzilga aylangan. Bu ham boʻlsa Prezidentimiz tashabbusining amaldagi yorqin ifodasidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring