Mahalla bankiri oilalarning tadbirkorligiga koʻmaklashmoqda

11:50 30 Yanvar 2025 Jamiyat
144 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyaviy salohiyat va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash orqali aholi daromadlarini oshirishga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. Ayni jarayonda yurtimiz hududlari boʻylab qulay imkoniyat hamda sharoitlar yaratilayotgani esa bevosita mahallaning oʻzida tadbirkorlik jadal rivojlanishiga xizmat qilayotir.

Fargʻona shahridagi “Yangi soy” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Maqsudjon Qosimov ana shunday imkoniyatlardan foydalanib, istiqbolli loyihani amalga oshirish orqali katta daromadga ega boʻlmoqda.

— Yaqinda “Biznesni rivojlantirish banki”ning Fargʻona viloyat filiali tomonidan ajratilgan 20 million soʻm kredit evaziga oʻz xonadonimda qoʻziqorin parvarishlash faoliyatini kengaytirdim, — deydi u. — Biznes-loyihamni qoʻllab-quvvatlash hamda hayotga tatbiq etishda mahalla bankiri yordam berdi.

Tadbirkorning qayd etishicha, moʻtadil iqlim sharoitida yetishtiriluvchi qoʻziqorin bir oyda tayyor mahsulot sifatida isteʼmolga yaroqli boʻladi. Undan qovurilgan qoʻziqorin, qoʻziqorinli shoʻrva, marinadlar, tuzlamalar, turli salatlar hamda boshqa isteʼmol mahsulotlari tayyorlanadi.

Aytish joiz, ushbu mahallada tashkil etilgan “Biznesni rivojlantirish banki” Fargʻona viloyat filialining mahalla bankiri hamda yordamchi-agenti tizimi mahallada tadbirkorlik muhitini yaxshilash maqsadida astoydil saʼy-harakat olib bormoqda. Xonadonbay oʻrganishlar natijasida oila aʼzolari bilan yuzma-yuz suhbatlar oʻtkazilib, biznes-gʻoyalari amalga oshirilishiga koʻmak berilayotir.

Kuni kecha mahalla bankiri tomonidan oʻz xonadonida tikuvchilik bilan shugʻullanuvchi Madinaxon Qambarova faoliyati oʻrganilib, tadbirkorligini yanada rivojlantirishi uchun unga 20 million soʻm kredit ajratib berildi.

Mahalla bankiri Javlonbek Toʻychiyevning maʼlum qilishicha, hozirda hududdagi ana shu kabi bir necha biznes-loyihalar uchun bank krediti ajratish boʻyicha amaliy harakatlarga kirishilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер