Madaniyatli super tilanchi yohud “besh ming soʻm berib turing, uyimga yetib olay...”

12:14 11 Noyabr 2025 Jamiyat
200 0

Peshona teri bilan topgan halol molidan ehtiyojmandlarga ehson atash, bagʻrikenglik fazilatlari elimizga xos. Kimki bugʻdoy eksa, bugʻdoy, arpa eksa, arpa oʻradi, deganlari ham haqiqat. Lekin “ekmay” turib, “oʻradigan”larga nima deysiz?

Hammasi dam olish kuni roʻzgʻorlik uchun bozorga chiqqan kunimdan boshlandi. Kerakli narsalarni xarid qilib boʻlgach, uyga qaytish uchun bekatga keldim. Bozor-oʻcharlarim solingan xaltalarni oʻrindiq yoniga qoʻyib, manzilim tomon eltar yoʻnalishdagi avtobusni kuta boshladim. Bekat oʻrindigʻiga oʻrta yoshli, boʻy-basti kelishgan bir erkak kelib oʻtirdi-da, hech kim unga gap qotmagan boʻlsa-da, jigʻibiyron gapira ketdi:

– Eee-h, odamlargayam hayronsan. Bozordan chiqayotganimda bir ayol: “Uka, mabodo besh ming soʻm berib turishning iloji bormi, uyimga yetib olay”, deb yoʻldan toʻxtatdi. “Xolajon, koʻrib turibsiz, men ham tirikchilik dardida yurgan oddiy bir odamman, oʻz xarjimdan ortar pulim yoʻq”, dedim. Chunki har kim oʻz aravasini oʻzi tortishi kerak-da! Kim biladi rost gapirdimi, yolgʻonmi... noinsof, boydan soʻra, kambagʻaldan soʻrab nima qilasan?” deb qoʻydi yuzini burib. Oʻzi-chi, bunaqalar koʻpayib ketgan...

Balki, rostdan ham puli tugab qolgandir, – dedim.

U esa “Qayda, tunov kuni ham yoʻlda ketayotsam, bittasi menga qarab: “Besh ming soʻm bering, pulim tugab qoldi” deb soʻragandi. Bunga nima deysiz?” – deya javob qaytardi.

Biroz jimlikdan soʻng akaxon choʻntaklariga asta qoʻl suqarkan, “I-ye... choʻntagim boʻm-boʻsh-ku, pulim qayoqqa yoʻqoldi... Attang, bozorda pulimni tushirib qoʻyibman shekilli. Yo boyagi onaxonning dilini ogʻritdimmikan, oʻzim uning ahvoliga tushib oʻtiribman...” deya sarosimaga tushdi.

– Singiljon, besh ming soʻm yordam qilasiz-da endi, – dedi.

Kap-katta odam erkak boshini xam qilib, umid bilan yordam soʻrab turganidan xijolat tortib aytganini berdim. U “Siz boʻlmaganingizda kimdan soʻrardim?” deb kulib qoʻydi. Bu orada avtobusim keldi. Amaki, oʻzingizga ehtiyot boʻlib yuring, deya u bilan xayrlashdim.

Oradan bir necha kun oʻtib, avtobusda tasodifan yana oʻsha odamni uchratib qoldim. U meni payqaganiyam yoʻq, balki yodidan ham chiqib ketgandirman, oʻzi bilan yonma-yon oʻtirgan yoʻlovchi hamrohiga oʻsha kuni menga aytgan hikoyasini soʻzlab ketyapti. Suhbatning oxiri ham xuddi shunday, goʻyo pulini tushirib qoʻygani uchun yordam soʻrash bilan tugadi. Yonida oʻtirgan yigitcha koʻrinishidan talaba, pul degani oʻziga ham zarur, lekin nima qilsin, uning ham tomirida bagʻrikeng oʻzbek qoni bor. Noiloj “super madaniyatli tilanchi”ga besh ming soʻmni uzatdi. Bu vaziyatda bir avtobus odam ichida haligi katta yoshli erkakni mulzam qilib, qilmishini aytib uyaltirishga andisha qildim. Har holda ayolman, bunday yoʻl tarbiyamga xosmas. Lekin bu holatni – oyoq-qoʻli butun, sogʻ-salomat odamning tilanib yurganini sira hazm qilolmadim. Odamlarning etiborini tortib, asta gapga solib, aldabgina pulini olish mahoratidan koʻrinib turibdiki, aqlu hushi joyida.

Zarra qadar oriyatli, hamiyatli odam, ayniqsa, erkak kishi, rostdan qiyin vaziyatga tushib qolganida ham birovdan yordam tilanmaydi. Qoʻlida bor imkonidan iloj topib, oʻz yoʻlini topib ketadi. Yuqoridagi aytilgan millatimizga xos savobsevarlik, oʻzgalarga yordam qoʻlini choʻzish, muruvvat koʻrsatish kabi fazilatlar bilan bir qatorda, gʻurur, or-nomus, shaʼn, halollik, mehnatsevarlik singari xislatlar ham ota-bobolarimizdan merosligini unutmaylik!

Mabodo, ana shunday gadoychilikning zamonaviy uslubini oʻylab topib, oʻziga kasb qilib olganlarga duch kelsangiz, aldanib qolmang. Ayniqsa, kattaroq pul soʻrab qolsa...

Dilnavoz Saidova

Sirdaryo viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?