Madaniy meros obyektlaridagi muammolar qachon hal etiladi?
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand mamlakatimizdagi juda katta turistik salohiyatga ega mintaqalardan biri hisoblanadi. YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Samarqandning tarixiy markazi 1123 gektar va uning muhofaza zonasi 1369 gektarni tashkil etadi. Viloyatda 1607 ta moddiy madaniy meros obyektlari roʻyxatga olingan boʻlib, yodgorliklarning 973 tasi arxeologiya, 564 tasi arxitektura obyektlari, 36 tasi monumental sanʼat asarlari va 34 tasi diqqatga sazovor joylar sifatida qayd etilgan.
Madaniy meros obyektlarining 483 tasi, yaʼni 30 foizi Samarqand shahrida joylashgan.
— Viloyatimizda yana 3 ta arxitektura, 169 ta arxeologiya madaniy meros obyekti aniqlangan boʻlib, ularni roʻyxatga olish uchun Madaniy meros agentligiga yuborilgan, — deydi Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Ziyodulla Nasimov. — Ayni paytda yodgorliklarni muhofaza qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash hamda sohada doimiy ravishda davlat nazoratini amalga oshirish ishlari davom etmoqda.
Samarqand viloyatida sayyohlar eng koʻp boradigan turistik obyektlar 70 tadan ortiq edi. Hozir esa ularning soni 82 taga yetdi. Jumladan, Samarqand shahar Soʻfi Roziq mahallasidagi “Mirvafoboy uyi”ni madaniy meros obyektiga aylantirish uchun 3,4 milliard soʻmlik taʼmirlash-tiklash ishlarini bajarish rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunga qadar 800 million soʻmlik ishlar amalga oshirildi. Oqdaryo tumanidagi Bahodir Yalangtoʻsh masjidida 1,3 milliard soʻmlik, Samarqand shahridagi Registon majmuasida 1,5 milliard soʻmlik, Shohi Zinda majmuasida 500 million soʻmlik, Bibixonim majmuasida 2,3 milliard soʻmlik, Xon Said Imom majmuasida 906 million soʻmlik va Ashratxona maqbarasida 700 million soʻmlik taʼmirlash-tiklash ishlari olib borildi.
Maʼlumotlarga koʻra, bugunga qadar Samarqand shahridagi oʻndan ortiq madaniy meros obyekti taʼmirlangan. Ammo shahardagi yodgorliklarning 363 tasi qoniqarli, 77 tasi qoniqarsiz, 31 tasi esa avariya holatida turibdi. Taʼmirtalab obyektlarning 19 tasi xususiy mulk sifatida roʻyxatga olingan.
— Keyingi yillarda Samarqand shahridagi diqqatga sazovor maskanlar — Registon, Shohi Zinda, Bibixonim, Xon Said Imom, Dari Zanjir, Mirvafoboy uyi, Ashratxona, Oq Saroy, Mahdumi Xorazmiy hamda Qozi Gʻofur kabi madaniy meros obyektlarida taʼmirlash-tiklash ishlari olib borilib, yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan inshootlar muhofazaga olindi, — deydi Ziyodulla Nasimov. — Buning uchun 6 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. Shuningdek, madaniy meros obyektlarining saqlanishi, taʼmirlanishi, tiklanishi va muhofaza qilinishi boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilib, shahardagi XIX-XX asrlarga oid toʻrtta arxitektura inshootini madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatidan chiqarish uchun xat yuborildi.
Masʼullarning maʼlum qilishicha, kelgusi yillarda avariya holatida turgan madaniy meros obyektlarini davlat dasturi asosida hamda Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy meros obyektlarini va ularga tutash hududlarni ularni obodonlashtirish va zarur holatda saqlash boʻyicha investitsiya majburiyatlari olgan holda ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom” talablari asosida davlat mulki obyektlarini ijaraga berish hamda investitsiya kiritish orqali taʼmirlash rejalashtirilgan.
Bugungi kunda birgina Pastdargʻom tumanida 150 ta arxeologiya va arxitektura obyekti roʻyxatga olingan. Ularning aksariyati tepaliklardan iborat boʻlib, miloddan avvalgi I asrdan XVIII asrgacha davrlashtirilgan. Biroq koʻplab tepaliklarga nom berilmagan, baʼzilarining aniq davri ham yoʻq, shuningdek, hududda aniqlangan yangi topilmalar, arxeologiya obyektlari madaniy meros roʻyxatiga ham kiritilmagan.
— Pastdargʻomda 150 ta madaniy meros obyekti roʻyxatga olingan, lekin bu toʻgʻri emas, — deydi tarixchi Sharifjon Saxatov. — 2014-yilda Samarqand arxeologiya instituti olimlari va Italiya arxeologlari tumandagi barcha tepaliklarning joylashuvi, oʻrni va tarixini xaritaga kiritib, ularga nom berishgan. Ushbu roʻyxatga koʻra, tumanda 300 dan ortiq tepalik mavjud. Misol uchun, Xonchorbogʻ mahallasida Abdulloh Xoja ibn Darvesh dafn etilgan va qadimiy sagʻana, uning qabrtoshi yoki Qayragʻoch qishlogʻida dafn etilgan Xoja Kalon qabrtoshi va qadimiy qabriston roʻyxatga olinmagan. Bundan koʻrinadiki, hududdagi madaniy meros obyektlarini yana xatlov qilib, qaytadan roʻyxatga olish kerak.
Tumanning Paxtakor mahallasida beshta tepalik bor. Sharifjon Saxatov va shu tumanda yashovchi Akmal Hamroyev mahalladagi Nomsiztepa (xalq tilida Qoʻrgʻontepa) tepaligining tarixini oʻrganish davomida antik davrga oid sugʻdiylar tangasi, sopol idishlar va odam suyagining qoldiqlarini topishgan. Maʼlum boʻlishicha, tepalik antik davrga, yaʼni miloddan avvalgi IV-VI asrlarga tegishli boʻlib, qadimda bu joy shahar boʻlgan.
— Tepalikda dastlabki oʻrganish natijasida antik davr bilan bogʻliq topilmalar aniqlandi, — deydi Akmal Hamroyev. — Hudud qariyb 25 gektarni egallagan boʻlib, madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan, biroq muhofaza belgilari oʻrnatilmagan. Shu bois aholi tomonidan tepalikda qimmatbaho buyumlarni izlash maqsadida qazishmalar olib borish, chorva mollarining boqilishi va shaxsiy ehtiyoj uchun foydalanish holatlari koʻp uchramoqda. Yodgorlikda arxeologlar va mutaxassislar tadqiqot olib borsa, nafaqat antik, balki bronza va boshqa davrlarga oid topilma hamda qimmatli maʼlumotlarni topish mumkin.
Viloyat madaniy meros boshqarmasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, Pastdargʻom tumanida roʻyxatga olingan 147 ta arxeologiya va 3 ta arxitektura madaniy meros obyektining barchasi qoniqarsiz holatda.
Nahotki, oʻtmishimiz, oʻzligimiz aks etgan, ota-bobolarimizdan meros muqaddas qadamjo va tarixiy joylar hech kimga kerak emas?! Madaniy meros agentligi masʼullari sohadagi muammolarga jiddiy eʼtibor qaratsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Дунёнинг энг кекса кишиси Ўзбекистонда яшашига ишонасизми? Нега у ҳалигача Гиннеснинг рекордлар китобига киритилмаган?
- Dunyo aholisi qachon 9 milliarddan oshadi?
- Prezidentning Maxsus topshiriqlar boʻyicha maslahatchisiga qoʻshimcha vakolatlar berildi
- Shavkat Mirziyoyev Jo Baydenga taʼziya bildirdi
- 2025-yil uchun ijara toʻlovlarining minimal stavkalari eʼlon qilindi
- 2024-yilda davlat byudjetiga qancha soliq tushumlari tushgan?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring