Madaniy meros agentligi “Usta Ali Nasafiy” maqbarasiga oid taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha munosabat bildirdi

11:52 29 Yanvar 2022 Jamiyat
1326 0

Ijtimoiy tarmoqlarda “Shohi-Zinda” majmuasida joylashgan “Usta Ali Nasafiy” maqbarasida olib borilgan taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha» mavzusida material eʼlon qilindi.

Unda keltirilgan maʼlumotlar yuzasidan Madaniy meros agentligining Samarqand viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib oʻrganish ishlari olib bordi. Oʻrganishlar natijasiga koʻra quyidagilar maʼlum qilinadi.

Samarqand shahri “Shohi-Zinda majmuasi” tarkibiga kiruvchi “Usta Ali Nasafiy maqbarasi” XIV-asrning 60-70 yillarida qurilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 16-iyuldagi “Shohi Zinda” yodgorlik majmuasida qayta tiklash va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan, noyob tarixiy-meʼmoriy inshoot va muqaddas qadamjo hisoblangan “Shohi Zinda” yodgorlik majmuasida taʼmirlash, qayta tiklash va obodonlashtirish ishlari olib borilgan. 

“Usta Ali Nasafiy maqbarasi”ning peshtoq yuzasining ichki qismida vertikal joylashtirilgan arab yozuvli mayolikalar hamda maqbaraning arab yozuvli guldasta asosining tepa qismi 8 ta sirlangan koshinlar bilan konservatsiya qilingan.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 708-son farmoyishi bilan mazkur madaniy meros obyekti “Vaqf” xayriya jamoat fondiga foydalanishga berilgan.

Darhaqiqat, 2004-yilda “Shohi-Zinda majmuasi”da olib borilgan taʼmirlash ishlarida oʻsha davrda malakali restavrator-ustalarning kamligi, xom ashyo sifatiga eʼtibor berilmaganligi sabab ayrim xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Bugungi kunda ham malakali restavratorlar yetishmaydi.

Turizm va sport vazirligi hamda uning huzuridagi Madaniy meros agentligida yuqorida keltirilgan muammolarni bartaraf etish, madaniy meros obyektlarini asl holati boʻyicha taʼmirlashning tizimli mexanizmini joriy qilish maqsadida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. 

Jumladan, Prezidentimizning 2021-yil 19-iyundagi “Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, “Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi”ning mintaqaviy restavratsiya maktablari tashkil etilishi belgilangan. 

Shu munosabat bilan, Turizm va sport vazirligi huzuridagi “Madaniy meros obyektlari direksiyasi” davlat muassasasining “Buxoro”, “Shahrisabz”, “Samarqand”, “Termiz”, “Qoʻqon”, “Xiva” mintaqaviy restavratsiya markazlari tashkil etilmoqda. Mazkur restavratsiya markazlarining asosiy vazifasi madaniy meros obyektlarida ilmiy asoslangan loyihalar asosida taʼmirlash-tiklash va konservatsiyalash ishlarini olib borish, madaniy merosimizni Oʻzbekistonda va xorijda keng targʻib qilish, uning noyob namunalarini saqlab qolish orqali kelajak yosh avlodga yetkazish belgilangan.

Kelajakda har bir madaniy meros obyektlarining restavratsiya va konservatsiya ishlari ushbu maktabning ilmiy xulosalari asosida amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер