Lyuk Besson “Jomiy va Navoiy” tarixiy filmini yaratishda ishtirok etadi

23:23 01 May 2022 Madaniyat
1748 0

Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi va “Tojikfilm” davlat muassasasining “Jomiy va Navoiy” tarixiy filmini yaratish boʻyicha tuzilgan qoʻshma komissiyasining yakuniy yigʻilishida film konsepsiyasi ikki davlat mutaxassislari tomonidan maʼqullandi.

Taqdimotda Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Tojikiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, “Tojikfilm” davlat muassasasi direktori Mahmasaid Shoxiyon, shuningdek, ikki davlat olimlari va kinoijodkorlari ishtirok etishdi.

Ikki mamlakat kinoijodkorlari va olimlari tomonidan tayyorlangan tarixiy badiiy filmning kengaytirilgan sinopsisi atroflicha muhokama qilindi. Maʼlumki, hamkorlikda film suratga olish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 10-11-iyun kunlari Tojikiston Respublikasiga tashrifi chogʻida bildirilgan va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon tomonidan qoʻllab-quvvatlangan edi.

— Bugun barchamiz Tojikiston va Oʻzbekiston xalqlarining buyuk mutafakkirlari, shoir va faylasuflari — Jomiy va Navoiy oʻrtasidagi doʻstlik haqida badiiy film yaratish jarayonida ishtirok etmoqdamiz, — dedi Tojikiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda.

Ssenariy rejasini tayyorlashga Kinematografiya agentligi, “Tojikfilm” davlat muassasasi, ikki mamlakat Kinoijodkorlar uyushmalari, Fan akademiyalari, Madaniyat vazirliklari, sanʼat institutlari mutaxassislari, sharqshunos olimlar jalb etilgan.

— Ushbu noyob loyihani Yangi Oʻzbekiston yuritayotgan yaxshi qoʻshnichilik va ochiqlik siyosatining yorqin namunasi deyish mumkin. Bugun biz koʻplab ijodiy uchrashuv va muxokamalar, bahs va munozaralar, izlanishlar oʻtkazmoqdamiz. Ushbu loyiha ikki davlat kinoijodkorlari oʻrtasidagi yoʻqolgan koʻpriklarni tiklaydi va bizni yanada yaqinlashtiradi. Izlanishlar natijasida koʻplab tarixiy va faktologik materiallar toʻplandi, bugungi kunda butun dunyoni hayratga solayotgan, buyuk mutafakkir va shoirlarimiz ijod qilgan Sharq renessanasi davriga oid koʻplab manbalar oʻrganildi. Oʻtgan yilning oktyabr oyida memorandum imzolanganidan buyon ishchi guruhning 15 dan ortiq yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Filmning asosiy gʻoyasi “Tinchlik va maʼrifat hukm surgan joyda — taraqqiyot va farovonlik boʻladi” degan oʻzgarmas va hikmatli iboraga asoslangan, — deya taʼkidladi Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

— Ular birgalikda ijod qilgan, biri ustoz, ikkinchisi uning shogirdi boʻlgan. Oʻylaymanki, buyuk ajdodlarimizning merosini munosib darajada namoyish etish vaqti keldi. Ushbu maʼrifiy gʻoyalarni xalqqa yetkazish kerak. Ularni faqat ilmiy doiralarda targʻib qilishning oʻzi kifoya qilmaydi. Shu sababli, film sinopsisi ikki davlat olimlari tomonidan taqdim etilgan soʻnggi ilmiy maʼlumotlarga tayangan holda tayyorlangan, – dedi filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qoshidagi Xorijiy mamlakatlarning madaniy merosini oʻrganish markazi yetakchi ilmiy hodimi, navoiyshunos olim Aftondil Erkinov.

Oʻzbekiston Kinematografiya agentligida bir qator uchrashuvlar, koʻplab zum-muzokaralar hamda Tojikiston va Oʻzbekistonga hamkorlik tashriflari boʻlib oʻtdi.

— Ular targʻib qilgan doʻstlik va maʼrifat gʻoyalari doimo dolzarbligicha qoladi. Umid qilamanki, biz yuksak maʼrifiy gʻoyalarni film orqali yetkazib bera olamiz. Ushbu film umumbashariy ahamiyatga ega boʻlishi kerak, — dedi filologiya fanlari doktori, Tojikiston Fanlar akademiyasi kutubxonasi direktori Shodimuhammad Soʻfizoda.

“Tojikfilm” davlat muassasi direktori Mahmadsaid Shohiyonning taʼkidlashicha, ikki davlat kinoijodkorlari badiiy film yaratish ustida birgalikda mehnat qilmoqda. “Ushbu film orqali doʻstlik va samimiylik, oʻzaro hamjihatlik va hamkorlik muhitini qayta tiklashimiz, Jomiy va Navoiy davridagi dunyoni koʻrsatishimiz kerak. Bugungi kunda xalqlar va madaniyatlarni yaqinlashtirish, tinchlik, doʻstlik, insonparvarlik gʻoyalarini targʻib etish masalasida kinoning oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Mazkur filmning yaratilishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi barcha sohalarda, jumladan, madaniyat va kino sohasida ham samarali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi”.

— Bugun kunda, mamlakatlarimiz Prezidentlarining sharofati bilan azaliy aloqalarimiz qayta tiklanmoqda. Biz bu kunni intiqlik bilan kutgan edik. Mazkur loyiha mamlakatimizda yosh kinoijodkorlarning shakllanishi va kamol topishiga katta turtki beradi. Bu loyiha, allaqachon, koʻplab musulmon mamlakatlarida maʼlum. Dunyo bu filmni kutmoqda, — deya taʼkidladi Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov.

Oʻzbekiston tomonidan filmga rejissyorlik qilayotgan Furqat Usmonovning taʼkidlashicha, Kinematografiya agentligi bosh direktori F.Abduxoliqov Toshkent kinofestivali doirasida taniqli aktyor Lyuk Besson bilan muzokara oʻtkazgan.

“Yaqinda boʻlib oʻtgan zum-konferensiya davomida Lyuk Besson Oʻzbekiston va Tojikiston yosh rejissyorlari bilan hamkorlik qilish istagini bildirdi va yosh oʻzbek kinoijodkorlarining ishtiyoqidan ilhomlanganligini taʼkidlab oʻtdi. Kelishuvlarga koʻra, ssenariy ustida birgalikda ishlaymiz, u loyiha boʻyicha maslahatchi vazifasini bajaradi. Hozirda u film ssenariysini intiqlik bilan kutmoqda”, — dedi Usmonov.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер