Londondagi Ukraina boʻyicha muzokaralarning bekor boʻlish sababi ochiqlandi

18:47 23 Aprel 2025 Dunyo
184 0

Arxiv foto

Bugun, 23-aprel kuni Londonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Ukraina boʻyicha yuqori darajadagi muzokaralar bekor boʻldi. “The Washington Post” gazetasi vaziyatdan xabardor rasmiyga tayanib buning sababini ochiqladi. Manbada aytilishicha, muzokaralar Kiyevning “avval toʻliq oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha, keyin esa hamma narsani muhokama qilish” istagi tufayli barbod boʻlgan.

“Bundan tashqari, Ukraina AQSHning Rossiyaning hududlar ustidan nazoratini tan olish haqidagi taklifini qabul qilishdan bosh tortdi, bu esa Vashingtonni gʻazablantirdi”, degan manba nashrga. Avvalroq, “The Wall Street Journal” Vashington Qrimni Rossiyaga qarashli deb tan olishni taklif qilmoqchi ekanligini xabar qilgan edi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha yarim orolning Rossiya hududi sifatida qonuniy tan olinishini rad etgan. Shu fonda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, shuningdek, muzokaralarda ishtirok etayotgan AQSH prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoff Londonga tashrifini bekor qilgan.

Keyinroq Londonda tashqi ishlar idoralari rahbarlari darajasidagi muzokaralar bekor boʻlgan. Unda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi oʻz hamkasblarini qabul qilishi kerak edi. Ushbu masaladan xabardor Buyuk Britaniya diplomatining aytishicha, endi uning oʻrniga quyi darajadagi uchrashuvlar oʻtkaziladi.

“Biz Rubioning tvitiga asoslanib, Londondagi uchrashuv tez orada boʻlib oʻtishi mumkinligiga umid qilamiz, biroq Uitkoff, Fransiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlarisiz tashqi ishlar vazirining raislik qilishi uchun hech qanday sabab yoʻq”, — degan manba.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi Londondagi muzokaralar formati oʻzgarganini tasdiqladi.

“The Washington Post” xabariga koʻra, Rubio tashrifini bekor qilgach ham, Ukraina delegatsiyasi London tomon harakatni davom ettirgan. Ukraina prezidenti devonxonasi rahbari Andrey Yermak yetib kelgach, mudofaa vaziri Rustem Umerov va tashqi ishlar vaziri Andriy Sibixa boʻlgan delegatsiya “nima boʻlishidan qatʼiy nazar” kelishuv ustida ishlashni davom ettirishga tayyorligini aytgan.

“Biz keng qamrovli kelishuv va adolatli va mustahkam tinchlik yoʻlidagi birinchi qadam sifatida toʻliq va soʻzsiz oʻt ochishni toʻxtatishga erishish yoʻllarini muhokama qilamiz”, — degan Yermak.

Oʻz navbatida, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, agar takliflariga ijobiy javob olmasa, Vashington muzokaralar jarayonidan chiqib ketishi bilan tahdid qildi.

“Biz har ikki tomon – Rossiya va Ukrainaga juda aniq taklifni ilgari surdik va ular yo “ha” deyishlari yoki AQSHning bu jarayondan chiqishi vaqti keldi”, — deydi u.

Kreml muzokaralarning bekor qilinishiga AQSH va Ukraina vakillarining ayrim kelishuv masalalari boʻyicha konsensusga erisha olmagani sabab boʻlganini tan oldi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vensning AQSHning muzokaralardan ehtimoliy chiqishi haqidagi soʻzlarini ultimatum deb hisoblashdan bosh tortdi. Uning soʻzlariga koʻra, Moskva tinchlik jarayoni boʻyicha Vashington bilan aloqalarni davom ettirmoqda, Yevropa yoki Ukraina bilan aloqalar yoʻq, garchi Rossiya ularga ochiq.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, oʻz navbatida, Moskva va Vashington oʻrtasidagi muzokaralarning yangi bosqichini eʼlon qildi. Uitkoff shu hafta Rossiyaga yana tashrif buyurishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер