“Liverpul”dan nihoyat gʻalaba, “Real Madrid” markaziy bahs gʻolibi
Kecha, 22-oktyabr kuni UEFA Chempionlar Ligasi musobaqasining 3-tur oʻyinlari yakunlandi. Kun doirasida bir qator qiziqarli uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Ushbu bahslarga toʻxtalib oʻtamiz.
Markaziy oʻyin
Kunning markaziy oʻyini Ispaniya poytaxtida joylashgan “Santyago Bernabeu” stadionida boʻlib oʻtdi. Unda “Real Madrid” jamoasi oʻz maydonida Italiyaning “Yuventus” jamoasini qabul qildi.
Taʼkidlash kerakki, “madridliklar” Chempionlar Ligasidagi oldingi 2 oʻyinda “Marsel” va “Qayrat”ni magʻlub etgan va turnir jadvalida yuqori sakkiztalikda borishardi. Bu gal ham omad Xabi Alonso jamoasiga kulib boqdi.
Ushbu oʻyin oldidan “Real Madrid” himoyasida jiddiy muammolar bor edi. Ryudiger, Alaba, Karvaxal, Xyoysen va Trent Aleksandr-Arnold jarohat sabab safdan chiqqan edi.
Shu bois Xabi Alonso asosiy tarkibda jiddiy oʻzgarishlar qildi. Himoya markazidan Militao va Asensio oʻrin olgan boʻlsa, chap qanotda Karreras, oʻng qanotda esa yarim himoyachi Federiko Valverde harakat qildi. Alonso sevimli shogirdiga aylanib borayotgan Arda Gulerni ham asosiy tarkibda maydonga tushirdi.
Uchrashuvning birinchi boʻlimida hisob ochilmadi. Jamoalar tanaffusga 0:0 hisobida chiqishdi.
Ikkinchi boʻlimning 57-daqiqasida Jud Bellinghem hisobni ochdi. Shu natija uchrashuv oxiriga qadar saqlanib qoldi.
“Real Madrid” — “Yuventus” 1:0
Gol: Bellinghem (58).
“Real”: Kurtua, Valverde, Asensio (Gonsalo Garsiya, 88), Militao, Karreras, Chuameni, Bellinghem, Guler (Kamavinga, 74), Dias (Mastantuono, 84), Vinisius (Fran Garsiya, 84), Mbappe.
“Yuventus”: Di Gregorio, Rugani, Gatti, Kelli, Kalula, Tyuram (Konseysau, 62), Makkenni, Kambiyazo (Kostich, 88), Kopmeyners (Lokatelli, 74), Yildiz (Openda, 74), Vlaxovich (Devid, 74).
Ogohlantirish: Dias (61).
“Liverpul” gʻalaba qozondi
Mavsumni juda yaxshi kayfiyatda boshlagan “Liverpul” jamoasi soʻnggi oʻyinlarda omadi yurishmadi. Jamoa oxirgi 4 ta oʻyinda “Galatasaroy”, “Kristal Pelas”, “Chelsi” va “Manchester Yunayted”ga magʻlub boʻldi. Buning natijasida Arne Slot boshchiligidagi jamoa APL peshqadamligini boy berdi. Shuningdek, UYEFA Chempionlar Ligasida ham kuchli sakkiztalikdan chiqib ketgan edi.
Mavsum oldidan “Liverpul” ikki ta kuchli hujumchi bilan shartnoma imzoladi — biri Ekitike, biri Icak. Koʻpchilikning fikricha, Icak asosiy hujumchi boʻlishi, Ekitike esa zaxirada qolishi kerak edi. Ammo “Ayntraxt”ga qarshi oʻyinda Slot har ikki futbolchini ham asosiy tarkibda maydonga tushirdi. Bu qaror jamoa uchun ijobiy natija berdi.
Uchrashuvda hisob 26-daqiqada mezbonlar tomonidan ochildi. Mario Gyotzening uzatmasidan soʻng Rusmus Kristensen “Liverpul” darvozasiga gol urdi.
35-daqiqada Hugo Ekitike hisobni tenglashtirdi. Oradan 4 daqiqa oʻtib, Van Deyk jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Taym soʻnggida Dominik Soboslai hisobni 1:3 koʻrinishiga olib keldi. Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 66-daqiqasida Gakpo “Liverpul”ning toʻrtinchi golini kiritdi. Yakuniy golni urish sharafi ham Dominikka nasib etdi. Vengriyalik futbolchi 70-daqiqada oʻyindagi dublini nishonladi. Shu tariqa bahs 1:5 hisobida “mersisaydliklar” gʻalabasi bilan yakunlandi.
“Ayntraxt” — “Liverpul” 1:5
Gollar: Kristensen (26) — Ekitike (35), Van Deyk (39), Konate (44), Gakpo (66), Soboslai (70).
“Ayntraxt”: Setterer, Kristensen (Kollinz, 59), Amenda, Kox, Teate, Gyotse (Uzun, 64), Larsson, Knauff (Sxiri, 76), Doan (Fares, 64), Braun, Bahoya (Burkardt, 59).
“Liverpul”: Mamardashvili, Van Deyk, Konate (Gomes, 74), Virts, Soboslai, Icak (Kyeza, 46), Jons, Gakpo (Mak Allister, 73), Ekitike (Saloh, 73), Robertson, Frimpong (Bredli, 19).
Ogohlantirishlar: Doan (52), Amenda (54).
“Chelsi”dan yirik gʻalaba
Niderlandiya jamoalari uchun tur sal gʻalatiroq oʻtdi. “PSV” klubi “Napoli” darvozasiga 6 ta gol urib hammani hayron qoldirgan boʻlsa, “Ayaks” esa aksincha boʻldi. Jamoa kecha Londondan 5 ta toʻp oʻtkazib qaytdi.
“Chelsi”ning soʻnggi vaqtlardagi oʻyini yaxshilanib bormoqda. Jamoa soʻnggi uchta oʻyinda “Benfika”, “Liverpul”, “Nottingem Forest” kabi raqiblarini magʻlub etishga muvaffaq boʻlgandi. Bu gal “aristokratlar” “Ayaks”ni ayab oʻtirishmadi.
Uchrashuvda hisob 18-daqiqada ochildi. Fofananing uzatmasidan soʻng, Mars Giu gol kiritdi. 27-daqiqada Moyzes Kaysedo jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi.
Oʻyinda “Ayaks” kiritgan yagona gol ham “Chelsi” futbolchisiga yozildi. Yaʼni, 33-daqiqada Vout Veghorst oʻz darvozasiga gol kiritib qoʻydi.
45-daqiqada Enso Fernandes jamoasining uchinchi golini kiritgan boʻlsa, 45+1-daqiqada Estevao hisobni 4:1 koʻrinishiga olib keldi. Birinchi boʻlim shu hisobda yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 57-daqiqasida Andrey Santosning uzatmasidan soʻng, Jorj hisobni 5:1 koʻrinishiga keltirdi. Yakunda ham oʻyin aynan shu hisob bilan tugadi.
“Chelsi” — “Ayaks” 5:1
Gollar: Giu (18), Kaysedo (27), Fernandes (45, penalti), Estevao (45+6, penalti), Jorj (48) — Veghorst (33, penalti).
“Chelsi” — Yorgensen, Kaysedo (Achimpong, 49), Fofana, Adarabioyo (Chaloba, 46), Hato, Fernandes (Santos, 46), Lavia (Uolsh, 66), Buonanotte, Estevao, Gittens, Giu (Jorj, 46).
“Ayaks” — Pasver, Roza, Itakura, Shutalo, Baas, Makkonnell (Regeyer, 79), Gluh (Mokio, 23), Teylor, Moro, Veghorst (Klassen, 46), Godts.
Ogohlantirishlar: Adarabioyo (31), Veghorst (45+6), Estevao (56).
Chetlatish: Teylor (15).
“Bavariya”dan yirik gʻalaba
“Bavariya” va “yirik gʻalaba” soʻzlari futbol olamida sinonimga aylangan desak, mubolagʻa boʻlmaydi. “Myunxenliklar” ushbu turda ham yirik hisobdagi gʻalabaga erishdilar. Bu gal ularga Belgiyaning “Bryugge” klubi raqiblik qildi.
Uchrashuvda hisob beshinchi daqiqada ochildi. Tahning uzatmasidan soʻng, Lennart Karl hisobni 1:0 koʻrinishiga keltirdi. Oradan 10 daqiqa oʻtib, Laymerning uzatmasidan soʻng, Harri Keyn jamoasining ikkinchi golini kiritdi. 34-daqiqada Luis Dias oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi. Uchrashuvning birinchi boʻlimi 3:0 hisobi bilan yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimni ham mezbonlar faol boshlashdi. 79-daqiqada Nikolas Jekson oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Yakuniy hisob — 4:0, “nemislar” foydasiga.
“Bavariya” — “Bryugge” 4:0
Gollar: Karl (5), Keyn (14), Dias (34), Jekson (79).
Bavariya — Noyer, Laymer, Upamekano (Kim, 81), Ta, Gerreyru (Bishof, 69), Kimmix, Pavlovich, Karl (Goretska, 69), Olise, Dias (Mayk, 81), Keyn (Jekson, 69).
“Bryugge” — Yakers, Sabbe (Sike, 46), Ordonez, Mexele, Mayer, Stankovich, Forbs (Spilers, 46), Audor (Sandra, 66), Vanaken, Solis (Diaxon, 80), Tresoldi (Verman, 66).
Ogohlantirish: Kim (90+1).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring