“Liverpul” APLdagi dastlabki magʻlubiyatini qabul qildi, “Manchester Yunayted” gʻalaba qozondi

13:02 05 Oktyabr 2025 Sport
161 0

4-oktyabr kuni Angliya Premyer-ligasi 7-tur uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Turda bir qator qiziqarli natijalar qayd etildi.

“Liverpul”dan dastlabki magʻlubiyat

Arne Slot boshchiligidagi “Liverpul” soʻnggi kunlarda omaddan uzoqlashmoqda. UEFA Chempionlar ligasida kutilmaganda Turkiyaning “Galatasaray” jamoasiga magʻlub boʻlgan mersisaydliklar bu gal Premyer-liga doirasida ham ochko yoʻqotdi.

Ushbu bahsda “Liverpul” tarkibida katta oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jarohat olgan Alisson Bekker oʻyinda ishtirok etmadi va uning oʻrniga yozda jamoaga qoʻshilgan Georgi Mamardashvili maydonga tushdi. Shuningdek, Istanbulda asosiy tarkibda oʻynagan Kyortis Jons, Florian Virts, Jeremi Frimpong va Hugo Ekitike bu gal zaxirada qoldirildi. Ularning oʻrnini Mak Allister, Konor Bredli, Muhammad Saloh va Aleksandr Isak egalladi.

“Chelsi”da ham ayrim oʻzgarishlar boʻldi. Tayrik Jorj, Trevo Chaloba va Fakundo Buonanotte zaxiraga olindi, ular oʻrniga Ris Jeyms, Josh Achempong va Joau Pedro asosiy tarkibda maydonga tushdi.

Uchrashuv hisobini 14-daqiqada Malo Gusto uzatmasidan soʻng Moysis Kaysedo ochdi. Birinchi boʻlim shu hisobda yakunlandi.

63-daqiqada Kodi Gakpo hisobni tenglashtirdi, ammo hakam qoʻshib bergan daqiqalarda zaxiradan tushgan 18 yoshli Estevao Villian Kukurellaning aʼlo darajadagi uzatmasidan keyin gʻalaba golini urdi.

Uchrashuvdan soʻng Sofascore Mark Kukurellani “oʻyin qahramoni” deb topdi va uning harakatlarini 8,2 ballga baholadi.

“Chelsi” — “Liverpul” 2:1
Gollar: Kaysedo (14), Estevao (90+5) — Gakpo (63).

“Tottenhem”dan qiyin gʻalaba

“Tottenhem” magʻlubiyatsiz seriyasini 7 ta oʻyinga yetkazdi. Lidsda boʻlib oʻtgan bahsda jamoa mezbonlarni magʻlub etdi.

Hisobni 23-daqiqada fransuz hujumchisi Matis Tel ochdi. 34-daqiqada “Lids” safida Noa Okafor javob golini kiritdi.

57-daqiqada “Tottenhem”ning yozda 64 million yevroga olingan yangi futbolchisi Muhammad Qudus oʻzining debyut golini kiritdi va jamoasiga gʻalaba keltirdi.

Sofascore ushbu bahsda Muhammad Qudusni “oʻyin qahramoni” deb baholadi va 8 ball berdi.

“Lids” — “Tottenhem” 1:2
Gollar: Okafor (34) — Tel (23), Qudus (57).

“Manchester Yunayted” tanqiddan soʻng gʻalaba qozondi

Oʻtgan turda “Brentford”ga magʻlub boʻlgan “qizil iblislar” va ularning bosh murabbiyi Ruben Amorim Angliya OAVlari tomonidan keskin tanqid qilingan edi.

Bu safar jamoa vaziyatdan toʻgʻri xulosa chiqarib, “Sanderlend” ustidan ishonchli gʻalaba qozondi.

8-daqiqada Meyson Maunt hisobni ochdi, 31-daqiqada Benjamin Sheshko ikkinchi golni kiritdi. Uchrashuv 2:0 hisobi bilan yakunlandi.

Natijada “Manchester Yunayted” 10 ochko bilan 8-pogʻonaga koʻtarildi, “Sanderlend” esa 11 ochko bilan 6-oʻrinda qoldi.

“Manchester Yunayted” — “Sanderlend” 2:0
Gollar: Maunt (8), Sheshko (31).

“Arsenal” peshqadamlikni qoʻlga oldi

“Liverpul”ning magʻlubiyatidan unumli foydalangan Mikel Arteta boshchiligidagi “Arsenal” APLda peshqadamlikni oʻz qoʻliga oldi.

38-daqiqada Deklan Rays hisobni ochdi. 65-daqiqada “Vest Hem” himoyachisi oʻz jarima maydonida Jurriyen Timberga qoʻpollik qildi va hakam penalti belgiladi. Bukayo Saka 11 metrlik nuqtadan aniq zarba yoʻllab hisobni 2:0ga yetkazdi.

Sofascore Bukayo Sakani “oʻyin qahramoni” deb eʼlon qildi va uning oʻyinini 8,5 ballga baholadi.

“Arsenal” — “Vest Hem” 2:0
Gollar: Rays (38), Saka (67 — penalti).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер