“Listapad”dan sovrinlar: Minskdagi xalqaro kinofestivalda Oʻzbekiston toʻrtta mukofotga sazovor boʻldi

Belarus poytaxtida 4 — 11-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan Listapad xalqaro kinofestivali oʻz yakunlarini sarhisob qildi. Ushbu kinofestivalda jami 40 dan ortiq davlat va 100 ga yaqin filmlar ishtirok etdi. Yakunlash marosimida Oʻzbekiston 3 ta xalqaro mukofotga sazovor boʻldi.
“Listapad” kinofestivalining “Eng yaxshi rejissyor uchun” mukofoti Shuhrat Mahmudovning “Matonat” hujjatli filmiga topshirildi. Film Ikkinchi jahon urushi yillarida Germaniyaning “Amersfort” lageridagi 101 nafar oʻzbekistonlik askarlarning jasorati va shijoatiga bagʻishlangan.
Rejissyor Dilmurod Masaidov tomonidan suratga olingan “Ayol qismati” badiiy filmi “Insonparvarlik va umuminsoniy qadriyatlar mavzusining dolzarbligi uchun” nominatsiyasida maxsus mukofotga sazovor boʻldi. Film Suriyada jangarilar tomonidan aldanib, ozodlik sari qiyin yoʻlni bosib oʻtgan ayol haqida hikoya qiladi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu oyda bu kartina Turkiyada oʻtkazilgan “Qoʻrqut ota” xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi badiiy film” Gran-prisiga ham sazovor boʻlgan edi.
Yosh kinorejissyor Akrom Shahnazarov tomonidan suratga olingan “101 reys” badiiy filmi esa davlatlararo “Mir” teleradiokompaniyasining “Kino tili – doʻstlik tili” nominatsiyasining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.
MDH davlatlari kinematograflarining ishchi yigʻilishida Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov MDH Ijroiya qoʻmitasining “MDHga aʼzo davlatlar kinematografiya sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga qoʻshgan shaxsiy hissasi uchun” diplomi bilan taqdirlandi.
Qoʻshimcha qilish joizki, Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida ishlab chiqarilayotgan qoʻshma mahsulotlar (ko-produksiya) soni boʻyicha yetakchi deb tan olingan. Aynan shuning uchun ham Minskda boʻlgan Kinematografiya rahbarlari yigʻilishida MDH davlatlari kinematograflari xalqaro ijodiy alyansi shtab-kvartirasini Oʻzbekiston raisligida Toshkent shahrida joylashtirish toʻgʻrisidagi qaror bir ovozdan qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2023-yildan avtomobil narxi pasaydi — UzAuto Motors
- Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 18 milliard yevro miqdoridagi yangi yordam paketi ajratdi
- Buyuk Britaniya bosh vaziri jarimaga tortildi
- Oʻzbekiston Prezidenti Li Kuan Yu nomidagi maktabga tashrif buyurdi va Singapurning ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv oʻtkazdi
- NATO Ukraina masalasida Rossiya bilan muzokara qilishning yagona yoʻlini maʼlum qildi
- Energiya taʼminotini yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring