“Lgota” uchun test sinovlari qachon boʻlib oʻtishi maʼlum. Savollar qaysi fanlardan boʻladi?

11:13 17 Yanvar 2025 Jamiyat
310 0

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilarning bilim darajasini baholash maqsadida joriy yilning 20-25-yanvar kunlari test sinovlari oʻtkaziladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi boshqarma boshligʻi Otabek Norboyev AOKAda oʻtkazilgan brifingda maʼlum qildi. Test sinovlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkil etilishi kuzda tutilgan.

Mazkur test sinovlari 100 ta savolni oʻz ichiga oladi. Savollar turli yoʻnalishlarda tayyorlangan boʻlib, 40 ta jangovar tayyorgarlik, 20 ta maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, 10 tadan matematika va fizika, qolgan 20 ta esa mantiqiy fikrlashga oid savollardan iborat. Har bir yoʻnalish boʻyicha savollar xizmatchilarning oʻquv va amaliy bilimlarini baholashga qaratilgan.

Testda har bir toʻgʻri javob uchun turli balllar belgilangan. Jangovar tayyorgarlik boʻyicha toʻgʻri javob 1,2 ballga baholanadi, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik uchun – 1,1 ball, matematika va fizika fanlari hamda mantiqiy savollar uchun 1 balldan beriladi. Bu baholash tizimi orqali harbiy xizmatchilarning bilimlari va koʻnikmalari chuqur tahlil qilinadi.

Sinov uchun ajratilgan umumiy vaqt 3 soatni tashkil etadi. Bu muddat davomida harbiy xizmatchilar oʻz bilim va koʻnikmalarini namoyon qilishlari mumkin. Ushbu sinovlar nafaqat jangovar tayyorgarlikni, balki maʼnaviy, intellektual va mantiqiy imkoniyatlarni ham baholash imkonini beradi. Xalq orasida “Lgotauchun imtihon” deb nom olgan ushbu jarayonlarda qoʻlga kiritilgan qimmatli ballar oliy taʼlim muassasalariga kirishda qoʻshimcha imtiyoz taqdim etadi.

Mudofaa vazirligi mazkur tashabbus orqali harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik darajasini yaxshilashni, ularning jangovar, maʼnaviy va ilmiy salohiyatini yuksaltirishni maqsad qilgan. Bu harakat mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga hamda xizmatchilarning shaxsiy rivojlanishiga hissa qoʻshishi kutilmoqda.

Harbiy xizmatchilarning bilimlarini baholashda ilgʻor usullarni joriy etish ularning umumiy saviyasini oshirish, mamlakatning mudofaa tizimini kuchaytirish va xizmatchilarning malakasini yanada rivojlantirishga zamin yaratadi. Bu jarayon faqatgina harbiy tayyorgarlik emas, balki har bir xizmatchining shaxsiy va kasbiy oʻsishi uchun ham katta ahamiyatga ega.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?