Laylaklar qayerda?

17:56 21 Avgust 2024 Jamiyat
715 0

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. “Toshkent — Termiz” avtoyoʻlining Chinoz hamda Sirdaryo viloyatining Sirdaryo, Mirzaobod, Oqoltin tumanlaridan oʻtgan qismidagi simyogʻochlarga qurilgan uyalar va ularning egalari boʻlmish laylaklar oʻtgan-ketgan borki, hammaning eʼtiborini tortadi. Tabiatning bu ajoyib manzarasini atayin bir zumga toʻxtab tomosha qiladigan, suratga oladiganlar ham koʻp uchraydi. Ayniqsa, u xorijiy sayyohlarda gʻaroyib ekzotik taassurot qoldirayotgani eʼtiborli.

Nega kunduzi uyalar boʻm-boʻsh?

Ammo negadir har yozda, ayniqsa, saratonda laylaklar inida koʻrinmaydi. Ketma-ket simyogʻochlarning deyarli har biridagi qavat-qavat uyalar deyarli butun kun boʻyi boʻm-boʻsh boʻlib qoladi. Natijada ushbu holatni koʻrgan har qanday kishida “Laylaklar qani, ular qayoqqadir ketib qoldimi?” degan xavotirli savol tugʻiladi.

— Laylaklarimiz hech qayoqqa ketgani yoʻq, shu yerda, yurtimizda, — deydi Guliston davlat universiteti biologiya kafedrasi dotsenti Feruza Gʻoyibnazarova. — Ular jazirama kunlar boshlangunga qadar polaponlarini uchirma qiladi. Soʻngra yozning eng issiq kunlarini suvloq joylarda, qamishli, qiyoqli soya hududlarda, sugʻoriladigan maydonlar atrofida oʻtkazadi. Bu parrandalar Turkiston oq laylagi hisoblanadi. Ular bir-biriga yaqin joylashgan holda, taʼbir joiz boʻlsa, oʻzlari bunyod etgan “laylaklar qishlogʻi”da yashaydi.

Ha, Guliston, Sayxunobod, Mirzaobod tumanlarining bir necha hududlarida olib borilgan kuzatishlardan maʼlum boʻldiki, haqiqatan, laylak borki, bari dala-yu suv boʻylarida — inlaridan uzoqda ekan. Xususan, soat 9 atrofida “Toshkent — Termiz” avtoyoʻlining Mirzaobod tumanidan oʻtgan qismi chetidagi 12 ta simyogʻochdagi uyalardan faqat bittasida yolgʻiz laylak borligi qayd etildi. Lekin shu atrofdagi dalada, yaʼni yerda bir gala laylaklar yurgani koʻzga tashlandi. Xuddi shu hududda oʻnlab laylaklarning osmonda doira boʻlib parvoz qilayotganini koʻrgach esa “Laylaklar qayoqqa ketib qoldi?” degan savolga oʻrin qolmadi.

Uchish va yashash mashqlari

— Laylaklar ovga juda erta-saharda chiqadi, — deydi Sayxunobod tumanidagi Farovon mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Toʻxtamish Boqiyev. — Polaponi ucha boshlagach inlarida kam koʻrinadi. Buni qishlogʻimizda qoʻnim topgan laylaklarning hayot tarzini kuzatish orqali bildim.

… Dala chetidagi ixota daraxtzor soyasida uchta laylak. Ulardan ikkitasining gavdasi katta, bittasiniki esa nisbatan kichik. Demak, ota-ona va farzand laylaklar. Choʻchitmaslik uchun qilingan qatʼiy intilishlarga qaramay, sal harakatni ham sezar ekan, avvaliga katta laylaklar uchib ketdi, biroz oʻtib kichigi. Shundan bilindikki, ular uchirma boʻlgan zurriyodlariga yashash va uchish koʻnikmalarini oʻrgatish, shuningdek qishga jismonan baquvvat boʻlib tayyorlanish maqsadida kunni uyalaridan tashqarida oʻtkazmoqda.

Hali yuqorida keltirganimiz oʻnlab laylaklarning doira boʻlib va yana boshqa shakl-shamoyillarda uzoq vaqt osmondan tushmay parvoz qilayotganining mohiyati ham shunda — yosh parrandalarning uchish mahoratlarini oshirish ekan. Aniqki, saratonda va shu kunlarda inlarida koʻrinmayotganining sabablaridan biri ham shu ekan.

Laylaklari bor qishloqlar

Guliston tumanidagi Uyuvli qishlogʻida oilalardan birining oʻz laylagi bor. Gap shundaki, mazkur xonadonga tegishli tomorqa etagidagi simyogʻochga laylaklar uya qurgan va ular ham shu oila aʼzolaridek qadrdon boʻlib qolgan. Mazkur qishloq va shu atrofdagi mahallalarda laylak inlari juda koʻp va ularni “Laylaklar qishlogʻi” deb taʼriflasa ham boʻladi.

Mirzaobod tumanidagi Turgʻun Ahmedov mahallasida ham beozor parrandalar odamlar bilan qoʻshni boʻlib yashaydi. Ana shunday uyalaridan birida turgan yolgʻiz laylakni suratga oldik.

— Adashmasam, bu qush qishdan buyon bir oʻzi yashayapti, — deydi shu mahallada yashovchi mehnat faxriysi Rayimberdi Joʻrayev. — Jufti nobud boʻlgan, shekilli…

Ha, bu sadoqatli parranda umr yoʻldoshini hali-hanuz kutayotganini koʻrib, kimdir aytgan “Laylaklar ham odamlar kabi qarindoshlari, sulolasi bilan yaqin boʻlib, bir yerda yashashga intiladi” degan fikrini keltirishni joiz topdik. Ehtimol, ular shu tufayli bitta simyogʻoch yo daraxtga bir necha inlarni yonma-yon yoki qavat-qavat qurishar.

Koʻp qavatli inlar

Laylaklarning ikki, uch va hatto toʻrt qavatli uyalari Sirdaryo, Toshkent, Jizzax viloyatlarida koʻp uchraydi. Ayniqsa, keyingi yillarda bunday inlar soni sezilarli darajada ortayotganligi kuzatilmoqda. Albatta, bu yurtimizda laylaklar miqdori ham oshayotganidan dalolat.

Ushbu parrandalar asosan simyogʻochlarga uya quradi. Maʼlumotlarga koʻra, ular bitta uya qurish uchun oʻrtacha yuk mashinasini deyarli toʻldiradigan hajmdagi shox-shabbani tashib keltirishar ekan.

Bilishimizcha, laylaklarning elektr uzatish liniyalari tayanchlarida joylashuvi tarmoqda qisqa tutashuvlar hosil qilishi va oqibatda bu taʼminotdagi uzilishlarga sabab boʻlishi ham mumkin ekan. Shu bois laylaklar qoʻnim topgan hududlarda ularning har jihatdan ziyonsiz va qulay in solishlari uchun inson yordami kerak, nazarimizda. Yoki yaxshisi, oʻsha simyogʻochlardagi qisqa tutashuvlarning oldini olishga qaratilgan, taʼbir joiz boʻlsa, “Six ham, kabob ham kuymaydigan” qandaydir chora oʻylab topgan maʼquldir.

Nima boʻlganda ham yurtimizning koʻplab hududlarida uchraydigan laylaklarning bunday betakror “mahallalari” fusunkor tabiatimizning oʻziga xos bir boʻlagi sifatida kishiga zavq bagʻishlaydi.

Oʻn yillardirki, laylaklar qishlab qolmoqda

“Xalq soʻzi” gazetasining 1995-yil yanvar oyi sonlaridan birida “Laylaklar qishlab qoldi” sarlavhali maqola eʼlon qilingan edi. Binobarin, oʻsha yillari qorli-qirovli qishda ham laylaklarni koʻrganlar hayratda qolgan edilar.

“Laylaklar qishlab qoldi” maqolasi muallifi “Ehtimol bular laylakmasdir?” degan savol bilan mutaxassislar va hatto, ovchilarga ham murojaat qiladi. Hammasidan, ha bu haqiqatan laylaklar, degan javob olgach, oʻsha maqolani yozadi.

Binobarin, Turkiston oq laylagi mana qariyb oʻttiz yildirki, qishlash uchun boshqa yurtlarga uchib ketmayapti, Oʻzbekistonda qolyapti. Bunday moslashuvning sir-sinoati nimada? Albatta, bu haqda kelgusi maqolalarimizda mutaxassis va olimlarimizning fikrini keltiramiz.

Ha, tinchlik va ezgulik ramzlaridan biri boʻlgan laylaklar yurtimiz ekoqiyofasining oʻziga xos chiroyi, tabiatining noyob manzarasi ekanligini qancha eʼtirof etsak arziydi. Shu bilan birga katta yoʻllar chetidagi laylaklar koʻp qoʻnim topgan manzillarni sayyohlik yoʻnalishlarining oʻziga xos bekatlariga aylantirish haqida ham oʻylab koʻrilsa, foydadan xoli boʻlmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?