Kuvaytlik tarixchining Oʻzbekiston tarixi haqida kitobi nashr etildi

20:51 16 Fevral 2024 Jamiyat
522 0

Foto: “Dunyo” AA

Oʻzbekiston elchixonasida taniqli kuvaytlik tarixchi-yozuvchi va adib, “Movarounnahr mamlakatlari” kitobi muallifi Nodir al-Vasir bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Tadbir avvalida Oʻzbekistonda kechayotgan islohotlar, xususan, oʻzbek tili va adabiyoti va tarixini Kuvayt hamda arab davlatlarida keng targʻib qilish masalalari muhokama qilindi.

Kitob muallifi Nodir al-Vasirning aytishicha, u tarix mutaxassisligi boʻyicha magistratura bosqichini tamomlagani va musulmon davlatlari tarixiga qiziqqanligi bois 2017-yilda ilk bor Oʻzbekistonga tashrif buyurgan. Shu asnoda, unda tarixiy shaharlarimiz haqida kitob yozish gʻoyasi paydo boʻlgan. U, shuningdek, safar davomida toʻplangan maʼlumotlar asosida Oʻzbekistonning qadimiy shaharlariga bagʻishlangan 5 ta ilmiy maqola yozganini bildirdi.

“Movarounnahr mamlakatlari” kitobini yozish uchun 2017, 2018, 2022 va 2023-yillarda Oʻzbekistonga bordim. Samarqand, Buxoro, Toshkent va Xiva singari qadimiy shaharlar tarixi bevosita oʻrgandim, mahalliy olimlardan muhim maʼlumotlarni yigʻdim. Tarixiy kitoblar bilan tanishdim. Shuningdek, misrlik tadqiqotchilarning Oʻzbekiston tarixi va qadimiy shaharlari haqidagi ilmiy maqolalari, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini oʻqib chiqdim. Arab tiliga tarjima qilingan oʻzbek va rus olimlarining kitoblari ham chetda qolmadi. Natijada “Movarounnahr mamlakatlari” kitobini yozishga va uni 2023-yilda nashr etishga muvaffaq boʻldim”, – dedi yozuvchi.

Ushbu kitobda Oʻzbekistonga islom dining kirib kelishidan boshlab, Chor Rossiyasi ishgʻoligacha boʻlgan davrdagi muhim va aniq maʼlumotlar oʻrin olgan. Xususan, asar somoniylar, qoraxoniylar, saljuqiylar, moʻgʻullar, Amir Temur va temuriylar davri, oʻzbek xonliklari tarixiga bagʻishlangan boblardan iborat. U 676 sahifadan, 10 bobdan iborat boʻlib, hozirgi kunda Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Bahrayn va Misrda keng ommaga sotilmoqda.

Muallifga koʻra, Koʻrfaz arab mamlakatlari, jumladan Kuvayt fuqarolari Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk oʻzbek mutafakkir olimlarning vatani boʻlmish Oʻzbekiston tarixi toʻgʻrisida batafsil maʼlumotga emas. “Movarounnahr mamlakatlari” kitobi esa arablar uchun Oʻzbekiston tarixi haqida toʻliq tasavvurga ega boʻlish uchun juda muhim manba boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Kuvaytlik tarixchi-yozuvchi suhbat davomida Oʻzbekistondagi osori-atiqalar va qadimiy madrasalarga bagʻishlangan yana bir kitob yozishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?