Kreml Ukraina “xavfsizligi” uchun qaygʻurmoqda

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning taʼkidlashicha, Ukraina hududida xorijiy qoʻshinlarning joylashishi Moskva uchun mutlaqo qabul qilib boʻlmas holatdir.
“Rossiya 2022-yilda Istanbulda boʻlib oʻtgan muzokaralarda Ukrainaga taklif etilgan xavfsizlik kafolatlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Boshqa barcha variantlar foydasiz”, — dedi Lavrov.
U Yevropa mamlakatlarining Ukrainaga harbiy qoʻshin joylashtirish tashabbusini “chet el aralashuvi” sifatida baholadi. Shuningdek, vazirning soʻzlariga koʻra, Ukraina bilan shartnoma tuzish masalasi muhokama qilinganda, imzo qoʻyadigan shaxslarning qonuniyligi borasida ham savollar tugʻiladi.
Lavrovning aytishicha, ikki tomonlama sammit faqat barcha muhim masalalar puxta ishlab chiqilgandan keyingina oʻtkazilishi mumkin.
Maʼlumot uchun, 2022-yilgi Istanbul kelishuvi loyihasida Rossiya Ukraina xavfsizligiga kafil davlatlardan biri sifatida qayd etilgan edi. Shuningdek, hujjatda Ukrainaga tajovuz qilingan taqdirda, barcha kafil davlatlarning birgalikda roziligi talab qilinishi nazarda tutilgan. Bu esa Moskvaga Ukrainaga yordam koʻrsatish masalasida veto huquqini bergan.
“Bloomberg”ning yozishicha, Lavrovning mazkur bayonotlari Amerika—Rossiya muzokaralari natijalarini deyarli yoʻqqa chiqarishi mumkin. Ayrim Yevropa rasmiylari uni tinchlik jarayonini sekinlashtirish urinishi sifatida baholab, prezident Vladimir Putinning Ukraina bilan kelishuv tuzishga tayyorligi borasida shubha bildirmoqda.
Nashr manbalariga koʻra, Lavrov xavfsizlik kafolatlari boʻyicha 2022-yilgi loyihani qayta koʻrib chiqishga chaqirganidan soʻng, Kreml Vashingtonni Ukraina uchun AQSH kafolatlaridan voz kechishga koʻndirishga va Putinni Zelenskiy bilan shaxsiy uchrashuvga ishontirishga harakat qilishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Vashington Ukraina uchun NATOning 5-moddasiga oʻxshash xavfsizlik kafolatlari berish ehtimoli haqida gapirgan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring