Kredit firibgarligi holatlari 2024-yilda 42 foizga oshgan – Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) 2024-yilda Oʻzbekistonda kredit bilan bogʻliq firibgarlik holatlarining sezilarli darajada oshganligini maʼlum qildi. Ushbu davrda ombudsmanga iqtisodiy huquq bilan bogʻliq 6 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 9 foizi firibgarlik holatlariga taalluqlidir. Ayniqsa, fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari asosida tijorat banklaridan onlayn kreditlar ajratish holatlari 42 foizga koʻpaygan.
Firibgarlik holatlarining 60 foizida oʻzini “Click” kompaniyasi yoki Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlaridan foydalangan. Baʼzi hollarda bir shaxs nomiga 5-6 ta bankdan kreditlar rasmiylashtirilgan. Ichki ishlar organlari tomonidan tergovgacha tekshiruv jarayonida banklarga mazkur fuqarolar kredit mablagʻlaridan foydalanmagani haqida xabar berilgan. Shunga qaramay, ayrim banklar aldangan fuqarolardan kredit toʻlovlarini talab qilishda davom etmoqda.
Ombudsman murojaatlarning ayrimlarini sudga olib chiqib, banklar bilan tuzilgan shartnomalarni haqiqiy emas deb topishga erishdi. Bir holatda firibgarlik yoʻli bilan olingan kredit mablagʻlari fuqaroning foydasiga qaytarilgan va maʼnaviy zarar undirilgan. Bunday holatlar asosan fuqarolarning axborot xavfsizligiga befarqligi va iqtisodiy bilimlarining yetarli emasligi tufayli yuz bermoqda.
Markaziy bank ushbu muammolarni kamaytirish maqsadida onlayn kredit berish jarayonlariga vaqtinchalik cheklovlar kiritdi. Mazkur tartib 2024-yil 1-noyabridan 2025-yil 1-apreligacha amal qiladi. Markaziy bankning maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilda firibgarlik orqali 463 ta holatda qariyb 15 milliard soʻm zarar yetkazilgan.
Axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan yangi firibgarlik usullari paydo boʻlmoqda. Shu sababli fuqarolarga shaxsiy maʼlumotlarni hech kimga oshkor qilmaslik, tasdiqlov kodlari yoki parollarni boshqalarga aytmaslik, notanish havolalarni ochmaslik kabi qoidalarga rioya qilish tavsiya etiladi. “Axborot xavfsizligini taʼminlash har bir fuqaroning shaxsiy masʼuliyati”, deyiladi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring