Korrupsiya taʼlim sifatiga taʼsir qilayotgan asosiy muammolardan biri ekanligi aytildi

12:15 06 Mart 2021 Jamiyat
685 0

Kecha Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi hamkorligida “Taʼlim sifatini taʼminlash maqsadida oʻtkaziladigan jarayonlarda korrupsiyani oldini olish” mavzusida videoseminar oʻtkazildi.

Unda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov, Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Usmon Sharifxodjayev, maktabgacha va oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari mutasaddilari, inspeksiya va vazirlikning hududiy boʻlinmalari boshliqlari, maktablar oʻqituvchilari va boshqalar ishtirok etishdi.

Maʼlumki, Prezidentimiz Oliy Majlis qilgan Murojaatnomasida korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz boʻlish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shartligi, bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarurligini taʼkidlab oʻtgan edilar.

Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning yanvar va fevral oylarida Taʼlim inspeksiyasi ishchi guruhi taʼlim sifatini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini shaffof va adolatli baholash, korrupsion holatlarning oldini olish va pedagoglarga amaliy-uslubiy yordam respublikamizning barcha hududlarida oʻrganishlar olib borgan.

Oʻrganish natijalari boʻyicha tegishli vazirlik va idoralarga taqdimnomalar kiritilgan va mavjud kamchiliklarni hamkorlikda bartaraf etish boʻyicha yoʻl xaritalari tasdiqlangan.

Tadbirda soʻz chiqqan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev inspeksiyasi faoliyatining ilk kunlaridanoq asosiy eʼtiborni tizimdagi korrupsiya holatlarini bartaraf etishga qaratganini taʼkidlar ekan, taʼlim sifatini taʼminlash maqsadida oʻtkaziladigan jarayonlarda korrupsiyani oldini olish boʻyicha shu paytga qadar amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berdi.

— Taʼlim inspeksiyasi koʻrsatayotgan davlat xizmatlari sifatini doimiy ravishda oshirib borish va turli korrupsiogen omillarni bartaraf etish maqsadida pedagog kadrlarni attestatsiya oʻtkazish jarayonida oʻqituvchilar hamda xorijiy davlatlarda olingan diplomlarni tan olish boʻyicha murojaat qilgan talabgorlar oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazib borish doimiy yoʻlga qoʻyilgan. Soʻrovnoma natijalari asosida ushbu jarayonlarga tashqaridan aralashish holatlari va fuqarolarni aldab firibgarlik yoʻli bilan shugʻullanayotgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilib borilmoqda.

Shu bilan birga oliy taʼlim muassasalari reytingini aniqlash yoki attestatsiyadan oʻtkazish jarayonida oʻqituvchilar, taʼlim oluvchilar va ularning ota-onalarining taʼlim sohasidagi mavjud korrupsiya holatlari boʻyicha fikri soʻrovnomalar oʻtkazish orqali muntazam oʻrganib borilmoqda, aniqlangan holatlar boʻyicha taʼlim boshqaruv organlari va taʼlim tashkilotlariga taqdimnomalar kiritilmoqda. Shuningdek, taʼlim tashkiloti jamoasi bilan birgalikda uchrashuvlar tashkil etilib, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar bartaraf etilmoqda. Ayniqsa, bunda taʼlim oluvchilarning huquqiy savodxonligini oshirish orqali bu kabi illatlar bilan samarali kurashilmoqda.

Taʼlim sifatini baholash jarayonlarida korrupsiogen holatlarning oldini olish uchun shaffoflikni oshirishga, zamonaviy AKTdan foydalanib, inson omili taʼsirini kamaytirish va jarayonlarni soddalashtirish choralari koʻrilgan.

Shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash maqsadida taʼlim muassasalarini litsenziyalash, xorijiy davlatlarda berilgan diplomlarni tan olish, pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish, taʼlim muassasalari attestatsiyasi va akkreditatsiya jarayonlari toʻliq elektronlashtirilgan, — dedi Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi.

Shundan soʻng maʼruza qilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov korrupsiyaga qarshi kurashishda jazo muqarrarligini taʼminlash bilan birga, uning oldini olish choralarini koʻrish juda muhimligi taʼkidladi.

— Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 26 ta vazirlik va idoralarda «komplayens-nazorat» tizimi joriy etilishi boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan.

Mazkur vazifalarning amaliyotdagi natijalaridan biri sifatida Xalq taʼlimi vazirligi markaziy apparati tuzilmasida «Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi, komplayens-nazoratni amalga oshirish boʻlimi» tashkil etilganini keltirishimiz mumkin.

Natijada ushbu xizmat tomonidan xalq taʼlimi tizimida 78 mlrd soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar hamda noqonuniy oʻzlashtirish holatlari aniqlangan. 214 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan, 34 nafar xodimlar lavozimidan ozod etilgan.

Ammo amalga oshirilgan mazkur ishlarga qaramasdan, 2020-yilning dekabr oyida oʻtkazilgan tahlillarga koʻra, Xalq taʼlimi vazirligi tizimida korrupsiyaga oid jinoyatlar boʻyicha 2020-yilda 249 ta shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan boʻlib, 2019-yilda bu koʻrsatgich 144 tani tashkil etgan, yaʼni javobgarlikka tortilganlar soni 105 taga koʻpaygan. Oʻsish asosan oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish hisobiga kuzatilgan. Yetkazilgan zarar miqdori 2020-yilda 40,9 mlrd soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2019-yilda 19 mlrd soʻm boʻlgan, yaʼni yetkazilgan zarar miqdori qariyb 22 mlrd soʻmga oʻsgan.

Yuqorida keltirilgan raqamlar xalq taʼlimi tizimida korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashishda Agentlik, Xalq taʼlimi vazirligi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va keng jamoatchilik tomonidan amalga oshirilishi kerak boʻlgan vazifalar koʻpligini koʻrsatadi, — dedi Akmal Burxanov.

Tadbir davomida inspeksiya va vazirlikning hududiy boʻlimlari ham korrupsiyaning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha maʼlumot berishdi.

Yakunda mamlakatimizda taʼlim sifatiga salbiy taʼsir oʻtkazayotgan ushbu illatga qarshi kurash boʻyicha Taʼlim inspeksiyasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligidagi yoʻl xaritasini tasdiqlash va amalga oshirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?