Koronavirus tufayli dunyoda oʻrtacha umr koʻrish necha yilga qisqargani ochiqlandi

15:54 26 May 2024 Dunyo
672 0

JSSTning maʼlum qilishicha, COVID-19 pandemiyasi tufayli 2019-2021-yillar oraligʻida oʻrtacha umr koʻrish 1,8 yilga qisqargan. 

Unga koʻra, COVID-19 pandemiyasi tugʻilish va sogʻlom umr koʻrish davomiyligining progressiv oʻsishi tendensiyasini salbiy tomonga oʻzgartirgan. Yaʼni oʻrtacha umr koʻrishning oʻn yillik oʻsishi pandemiya tufayli 1,8 yilga qisqarib, 2012-yildagi koʻrsatkichlar darajasiga qaytgan. Oʻz navbatida, sogʻlom umr koʻrish koʻrsatkichi 1,5 yilga qisqarib, 61,9 yoshni tashkil etmoqda, bu ham 2012-yildagi raqamlarga toʻgʻri keladi.

Koronavirusdan eng koʻp zarar koʻrgan mintaqalar Amerika va Janubi-Sharqiy Osiyo boʻlib, bu hududlarda yuqoridagi koʻrsatkichlar 2019-yildan 2021-yilgacha mos ravishda 3 va 2,5 yilga kamaygan. Shu bilan birga, Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasida pandemiyaning umr koʻrish davomiyligi va sogʻlom hayotga taʼsiri sezilarli darajada kamroq boʻlgani qayd etilgan (pasayish mos ravishda 0,1 va 0,2 yilni tashkil etdi).

“Bu koʻrsatkichlar jahon hamjamiyatini taraqqiyot darajasi kutilganidan koʻra moʻrt boʻlishi mumkinligini eslashga chaqirdi. Chunki atigi ikki yil ichida COVID -19 pandemiyasi oʻrtacha umr koʻrishning oʻn yillik oʻsishiga nuqta qoʻydi”, deydi JSST Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus.

Tashkilot rahbarining taʼkidlashicha, bu fakt pandemiyaga qarshi kurash boʻyicha yangi kelishuvni ishlab chiqish muhimligini koʻrsatadi. Bu nafaqat global sogʻliqni saqlash xavfsizligini mustahkamlash, shuningdek, sogʻliqni saqlashga uzoq muddatli investitsiyalarni yoʻnaltirish va mamlakatlar oʻrtasidagi tenglikni taʼminlashni talab qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер