Koʻp qavatli turar-joy binosining zilzilabardoshligi sinovdan oʻtkazildi

12:58 19 Yanvar 2026 Jamiyat
216 0

Prezidentning 2024-yil 17-apreldagi “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida keyingi yillarda yangi qurilayotgan koʻp qavatli turar-joylarning zilzilabardoshligi zamonaviy uskunalar yordamida amaliy tekshiruvlardan oʻtkazilmoqda.

Xususan, Toyloq tumanining Charogʻbon mahallasidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida qurilayotgan 16 qavatli turar-joy binosida vibrodinamik uskuna yordamida zilzilabardoshlik sinovi oʻtkazildi. Bu jarayonga malakali mutaxassislar jalb etildi.

Dastlab bino holati oʻrganildi, konstruktiv elementlar tekshirildi va maxsus uskunalar oʻrnatildi, soʻng zilzilaviy taʼsirni sunʼiy ravishda hosil qilish ishlari boshlandi. Sinov jarayonida bino konstruksiyalariga 8 ballik zilzilaga moslashtirilgan tebranish berildi. Bu esa inshootning seysmik barqarorligini real sharoitga yaqin holatda baholash imkonini yaratdi. Mutaxassislar barcha jarayonlarni maxsus jihozlar orqali nazorat qilib bordi. Binoning reaksiyasi, konstruksiyalarning harakati va barqarorligi bosqichma-bosqich qayd etildi. Sinov ishlari uch bosqichda amalga oshirilib, dastlabki vizual xulosalarga koʻra, bino zilzilaviy taʼsirlarga nisbatan barqaror holatda ekani qayd etildi.

Aytish joizki, bunday sinovlar Oʻzbekiston sharoitida alohida ahamiyatga ega. Bunday tadqiqotlar hududdagi binolarning seysmik mustahkamligi va zilzilabardoshlik darajasini aniqlash, shuningdek, uni yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mamlakatimiz seysmik faol hududda joylashgan boʻlib, har bir bino va inshootning mustahkamligi inson hayoti va mulk xavfsizligi bilan bevosita bogʻliq. Olingan natijalar asosida kelgusida binolarning seysmik barqarorligini kuchaytirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilanadi. Bu esa viloyatda barpo etilayotgan barcha bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini davlat nazoratiga olishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер