Konstitutsiyaviy qonuniylikning holati o‘rganib chiqildi
Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining 2024 yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqilgan majlisida Oliy Majlis palatalari, hukumat, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, nodavlat notijorat tashkilotlari, ta’lim va ilmiy tashkilotlar vakillari hamda Konstitutsiyaviy sud Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari qatnashdilar.
Konstitutsiyaviy sud raisi M.Abdusalomov boshqargan majlisda Bosh qomusimizdagi norma va prinsiplarni hayotga tatbiq etish, shu jumladan, jamiyat va davlatni Konstitutsiyaga muvofiq huquqiy modernizatsiya qilish, mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylikni yanada mustahkamlash bo‘yicha ishlar joriy yilda ham faol davom ettirilgani e’tirof etildi. Zero, konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash davlatchilikni mustahkamlash va uning barqaror rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy sud axborotida Asosiy Qonunimizni amalga oshirish bo‘yicha 15 ta yo‘nalishda olib borilgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2024 yil davomida Konstitutsiyaviy sudga jami 1400 ta murojaatlar, shundan 1350 tasi fuqarolar, 50 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan. Fuqarolar pensiya, fuqarolik, uy-joy, mehnat qonunchiligi alohida normalarining konstitutsiyaviyligini tekshirish yuzasidan murojaat qilgan. Konstitutsiyaviy sud tomonidan joriy yilda konstitutsiyaviy nazorat tartibida 70 ta qonun va 218 ta boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi o‘rganilgan.
Konstitutsiyaviy sud axborotida Asosiy Qonunimizni amalga oshirish bo‘yicha davlat xizmatchilari o‘rtasida Konstitutsiya targ‘ibotini kuchaytirish, huquqshunoslik yo‘nalishida darslik va qo‘llanmalarni Konstitutsiya asosida yangilash bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazish kabi qator takliflar ilgari surildi. “Yangi O‘zbekiston – ma’rifiy jamiyat” konsepsiyasi asosida konstitutsiyaviy ta’lim masalasiga alohida e’tibor qaratish, parlament tomonidan Konstitutsiyani o‘qib-o‘rganish bo‘yicha Milliy faoliyat dasturini qabul qilish eng muhim takliflardan biri sifatida ta’kidlandi.
Konstitutsiyaviy sud muhokama qilingan masalalarni har tomonlama o‘rganib chiqib, mutaxassis va ekspertlarning fikr-mulohazalarini inobatga olib, mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risidagi axborotni tasdiqlash hamda uni Oliy Majlis palatalari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborish haqida qaror qabul qildi.
Aziz NORQULOV
Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring