Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bilan bogʻliq ustuvor vazifalar belgilab olindi

14:48 03 Avgust 2022 Jamiyat
504 0

2022-yil 3-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitalarining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan umumxalq muhokamasi davrida masʼul qoʻmitalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar, umumxalq muhokamasi yakunlari hamda rejalashtirilayotgan masalalar koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan umumxalq muhokamasi mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etildi. Xususan, deputatlar tomonidan hududlarga chiqilgan holda davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda fuqarolar ishtirokida qator uchrashuvlar tashkil etilib, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borildi.

Mazkur uchrashuvlarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga qoʻyilgani toʻgʻri boʻlganligi fuqarolar tomonidan alohida eʼtirof etildi. Muloqotlar jarayonida aholi tomonidan deputatlarga koʻplab taklif va mulohazalar bildirildi. Buni qonun loyihasi umumxalq muhokamasi davomida 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushgani misolida ham koʻrish mumkin.

Umumxalq muhokamasi davrida masʼul qoʻmitalarning qariyb 40 marotaba majlislari oʻtkazildi. Qoʻmita majlislarida mutaxassislar, ekspertlar, jamoatchilik, OAV vakillari ishtirok etishdi. Qolaversa, takliflari dolzarb ahamiyat kasb etgan mualliflar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning bergan taklifini bevosita oʻzining ishtirokida masʼul qoʻmitalarda muhokama etildi.

Xususan, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida yashovchi fuqarolardan kelib tushgan “ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning faoliyatiga noqonuniy aralashish yoki toʻsqinlik qilish man etilishi hamda qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi”ni Konstitutsiyada aks ettirish haqidagi takliflari masʼul qoʻmitalarning joriy yil 29-iyuldagi qoʻshma yigʻilishida mualliflarning ishtirokida muhokama etildi va bu taklif ham dolzarb deb topildi.

Shuningdek, ayrim fuqarolar oʻz takliflarini aynan yuridik jihatdan tahrir qilib berishmasada, lekin ularning gʻoyasi dolzarbligidan kelib chiqib masʼul qoʻmitalarning oʻzi tomonidan tegishli taklif matnlari tayyorlandi. Masalan, “insonning mehnat huquqlariga rioya etilishi” borasida berilgan taklifga asosan: “Mehnatga oid huquqlar davlat himoyasidadir. Davlat organlari mehnatga oid huquqlar buzilishiga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻradi” degan taklif matni ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, “Davlat xizmatchilarining huquqlarini himoya qilish” haqida berilgan taklifdan kelib chiqib “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqlarga ega” degan taklif tayyorlandi.

Savol-javoblarga boy boʻlgan majlisda fuqarolarimiz tomonidan davlat organlari faoliyatining ochiq boʻlishi va ularga korrupsiyaga qarshi kurashish majburiyatini yuklash, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligi, mahalliy Kengashlarga ham hokimlarga ishonchsizlik votumini bildirish vakolatini berish kabi bildirilgan ayrim takliflar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir yakunida qoʻmitalar tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bilan bogʻliq ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер