Konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlari
Zamonaviy demokratik davlat, erkin va ochiq fuqarolik jamiyati sharoitida fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini amalda taʼminlashning eng maqbul hamda ishonchli mexanizmi sifatida samarali odil sudlov faoliyati eʼtirof etiladi. Shu bois sud tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uni bugungi murakkab davr talablariga moslashtirish Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan huquqiy siyosatning eng ustuvor yoʻnalishiga aylandi, desak, ayni haqiqat.
Keyingi 8-9 yil ichida sud organlari faoliyatini tubdan demokratlashtirish, ochiq hamda shaffof tartib-taomillar asosida rivojlantirish maqsadida yetmishdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Eʼtiborlisi, mazkur huquqiy hujjatlarning har biri milliy sud tizimi faoliyatini takomillashtirish borasida ham shaklan, ham mohiyatan fundamental yangiliklarni olib kirdi. Mamlakatimiz sud tizimi tarixida ilgari mavjud boʻlmagan, xalqaro talab va standartga mos yangi tuzilma hamda yangi organlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Aniq izchillik va muayyan tadrijiylikka asoslangan mana shunday huquqiy islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimizning shu yil 18-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni imzolandi.
Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradi. Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz huquqiy taraqqiyotining sifat jihatdan mutlaqo yangi bosqichida Konstitutsiyaviy sud faoliyatini takomillashtirish bilan bogʻliq tub islohotlar amalga oshirildi.
Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi boshlanishi bilan, yaʼni 2017-yilda yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi va u Konstitutsiyaviy sudning yangilanish davrini boshlab berdi. 2021-yil 27-aprelda esa “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunda mamlakatimizda tarixan birinchi marta Konstitutsiyaviy sud sudyasini almashtirib boʻlmaslik prinsipi joriy etildi.
Sudya oʻz vakolatlari davrida almashtirilmasligi, sudyaning vakolatlari qonunda belgilangan tartibdan hamda asoslardan boshqacha tarzda tugatilishi yoki toʻxtatilishi mumkin emasligi belgilandi. Ushbu demokratik norma Konstitutsiyaviy sud sudyalarining mustaqilligi hamda daxlsizligi kafolatlarining huquqiy asoslarini mustahkamlashda, shuningdek, odil sudlovga oid xalqaro talab va standartlarda belgilangan sudyalarning almashtirilmasligi prinsipini amalda taʼminlashning huquqiy asoslarini mustahkamladi.
Oʻzbekiston huquq tizimi yaqin tarixida (2023-yilda oʻtkazilgan) ulkan voqelik sifatida muhrlangan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida ham Konstitutsiyaviy sud oʻzining eng muhim vazifa va vakolatlari doirasida oʻta muhim masalalarni hal qildi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi referendumini oʻtkazish haqida”gi qarorining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini oʻzining tegishli qarori bilan tasdiqlab berdi.
Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni esa Konstitutsiyaviy sud hamda konstitutsiyaviy nazorat institutini rivojlantirishning yangi istiqbollarini belgilab berdi. Hujjatda nazarda tutilgan eng muhim vazifalardan biri — bu konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish orqali Konstitutsiyaviy sud faoliyatida shaffoflikni oshirish.
Bugungi kundagi davlat organlarining faoliyatini raqamlashtirishsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Gap shundaki, tizimni raqamlashtirish orqali, birinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (shikoyatlari)ni oʻz vaqtida, qonuniy koʻrib chiqish imkoniyati kengayadi. Ikkinchidan, fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlari bilan ishlash, muloqot oʻrnatish jarayonidagi tartib-taomillar soddalashtirilib, bu boradagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlar va murojaatchilarning sarsongarchilik yoki ovoragarchiliklari oldi olinishiga erishiladi. Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy sud tizimi faoliyatida ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik toʻla taʼminlanishiga olib keladi.
Mazkur farmonning yana bir ahamiyatli jihati, mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat institutini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim vazifalarning qoʻyilganligida namoyon boʻladi. Huquq nazariyasida shunday bir oʻzgarmas qoida belgilanganki, Asosiy qomus va Bosh qonun — har bir suveren davlatning huquqiy ramzi, oʻziga xos timsoli sifatida eʼtirof etiladigan Konstitutsiyada qabul qilinadigan barcha normativ-huquqiy hujjatlarga mos boʻlishi kerak.
Konstitutsiyaviy nazorat institutining mohiyatini ham aynan mana shu, yaʼni qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari Konstitutsiyada belgilangan meʼyorlarga zid emasligini qatʼiy nazorat qilib borish vazifasi tashkil etadi. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar tomonidan chiqarilayotgan yoki qabul qilinayotgan barcha hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqadi.
Sud tizimida uzoq yillar mobaynida ishlab kelayotgan faxriy sudya sifatida komil ishonch bilan aytishim mumkinki, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish hamda unga eng zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan hujjat yurtimizda konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlarini mustahkamlashga huquqiy asos boʻladi.
Ubaydulla MINGBOYEV,
Oʻzbekiston Sudyalar assotsiatsiyasi raisi,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring