Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlami manfaatlari inobatga olingan

17:10 31 May 2023 Jamiyat
382 0

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Oʻzbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat boʻlib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun gʻoyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yoʻlidagi ulkan qadamdir.

Qayd etish joizki, Konstitutsiya olim-u mutaxassislar tomonidan faqat kabinetlarda yaratilmadi. Balki, dastavval ikki bosqichda xalqimizning fikri, takliflari oʻrganildi, shundan soʻnggina Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi. Avvallari esa, Konstitutsiya qabul qilishda dastlab loyiha ishlab chiqilib, keyin xalq muhokamasiga qoʻyilardi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyat jipslashgani, Bosh Qomusimiz tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlganidan dalolat beradi.

Konstitutsiyadagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Yaʼni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.

Undagi asosiy normalardan biri, Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyildi. Bundan, endilikda kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga gʻamxoʻrlik – davlat siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qolishi anglashilib, insonga eʼtibor hamda gʻamxoʻrlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani konstitutsiya darajasida mustahkamlandi.

Bundan tashqari, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli boʻlish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning oʻz boshpanasiga ega boʻlishini taʼminlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Soʻnggi uch yilda qurilishlardan norozi boʻlib, aholidan 15 mingta murojaat kelib tushgan, sudlar tomonidan birgina Toshkent shahrida 200 dan ortiq qurilishlar toʻxtatib qoʻyilgan, avtomobillar soni 1,3 millionga koʻpayib, 3,6 millionga yetgan, har yili atmosfera havosiga 2,2 million tonna sanoat va transport tashlanmalari chiqarilayotgani ham ushbu masala tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganligidan dalolat bermoqda.

Shu bois, Konstitutsiyada har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqiga egaligi belgilanib, aholimiz va kelajak avlod uchun ekologik toza hududni saqlab qolishning konstitutsiyaviy kafolatlari yaratildi.

Shu bilan birga, unda ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar taʼlim sohasiga oid koʻplab modda va normalarda ham oʻz ifodasini topib, Taʼlim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshirildi.

Oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqi taqdim etildi. Konstitutsiyamizga ushbu normaning kiritilishi professor-oʻqituvchilar va talabalarning oʻquv jarayonidagi mustaqilligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Yana bir muhim yangilik – davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi konstitutsiyaviy mustahkamlab, jamiyatimizda oila mustahkamligi
va moʻtabarligini barqaror taʼminlash uchun muhim poydevor yaratildi.

Oʻz navbatida, homiladorligi yoki bolasi borligi bilan bogʻliq sabablarga koʻra ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi belgilanib, davlatimizda gender tengligi prinsiplari toʻlaqonli amal qilish borasida muhim qadam qoʻyildi.

Konstitutsiyaga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda koʻrib chiqilib, keyin Prezident tomonidan tayinlanishi, shuningdek, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organi va respublika monopoliyaga qarshi organi rahbarlari Senat tomonidan saylanishi amaliyoti joriy etildi.

Bundan tashqari, Konstitutsiya advokatura institutiga bagʻishlangan va advokatlar faoliyatining kafolatlarini mustahkamlovchi alohida bob bilan toʻldirilib, advokat, uning shaʼni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasi boʻlishi va qonun bilan muhofaza qilinishi mustahkamlandi va boshqa muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, yangi konstitutsiyada inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, ularga gʻamxoʻrlik qilish, atrof-muhitga alohida eʼtibor qaratish, advokatura va boshqa institutlarning faoliyatini kafolatlash jarayonida muhim qadam boʻldi.

Sh. Nusratullayev,

Adliya vazirligining Jinoiy, maʼmuriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi katta maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер